«Barselona» klubi Chempionlar Ligasi chorakfinali javob bahsida «Roma»ga 0:3 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi. Bu mag‘lubiyat kataloniyaliklarning musobaqa tarixidagi eng katta omadsizliklari qatoridan joy oldi.
Rossiyaning «Chempionat» sayti ularning 10tasini esga oldi.
1992/93 mavsumi. «Barselona» – SSKA – 2:3
Sovrinning amaldagi sohibi shov-shuvli tarzda Rossiyaning yosh jamoasiga yutqazib, saralash bosqichidayoq turnirni tark etdi va guruh bosqichiga chiqolmadi. Moskvadagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi, o‘z maydonida esa, «Barselona» 1-bo‘limdayoq 2:0 hisobida oldinda edi. Ammo, Bushmanov, Mashkarin va Karsakovning gollari evaziga SSKA yilning asosiy sensasiyasini sodir qildi.
1993/94 mavsumi. «Barselona» – «Milan» – 0:4
Keyingi mavsumda kataloniyaliklar Chempionlar Ligasi finaliga chiqdilar va «Milan» klubidan qaqshatqich zarba yedilar. O‘yindan oldin, ko‘plab mutaxassislar Yohan Kroyff shogirdlarini asosiy favorit deb hisoblashayotgandi. Ammo, maydonda Fabio Kapello qo‘l ostidagi «Milan» ustunlik qildi. 1-bo‘limda Daniel Massaro tomonidan urilgan 2ta gol sharmandali natijani boshlab bergan edi.
1997/98 mavsumi. «Dinamo» Kiyev – «Barselona» – 3:0 va 4:0
Valeriy Lobanovskiy qo‘l ostidagi Kiyevning «Dinamo» klubi guruh bosqichining har ikkala o‘yinida ham «Barselona»ni yanchib tashladi. Kiyevda Sergey Rebrov, Yuriy Maksimov va Yuriy Kalitvinsevning gollari mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. «Kamp Nou»dagi 0:4 hisobi esa «Barselona»ning yevrokuboklar tarixida, o‘z maydonidagi eng yirik mag‘lubiyati bo‘ldi. Kataloniya poytaxtida Andrey Shevchenko het-trikka erishdi.
1999/2000 mavsumi. «Valensiya» – «Barselona» – 4:1
Lui van Gaal boshchiligidagi «Barselona» musobaqa yarimfinalida Ektor Kuper qo‘l ostidagi «Valensiya»ga yutqazib, finalga chiqolmadi. Qarama-qarshilik taqdiri dastlabki o‘yindayoq hal bo‘ldi. «Ko‘rshapalaklar» o‘z maydonida 4:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Kataloniyaliklar 1-bo‘limdayoq uchta to‘p o‘tkazib yuborishdi. O‘z maydonida esa atigi 2:1 hisobida zafar quchdilar.
2001/02 mavsumi. «Roma» – «Barselona» – 3:0
Rimliklar o‘z maydonida avval ham «Barselona»ni yirik hisobda mag‘lub etishgandi. Bu 2001/02 mavsumi guruh bosqichida yuz berdi. Pepe Reyna darvozasiga barcha gollar 2-bo‘limning so‘nggi yarim soati ichida urildi. Gollarga Emerson, Vinchenso Montella va Damiano Tommazi mualliflik qilishdi. Aytgancha, o‘sha paytda «Roma»ni Fabio Kapello boshqarayotgan edi.
2012/13 mavsumi. «Bavariya» – «Barselona» – 4:0 va 3:0
Besh yil oldin «Barselona» Chempionlar Ligasi yarimfinalida «Bavariya»ga umumiy 0:7 hisobida yutqazdi. Yupp Haynkes qo‘l ostidagi myunxenliklar raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va dastlabki o‘yindayoq 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, bellashuv taqdirini hal qilishdi.
2016/17 mavsumi. «PSJ» – «Barselona» – 4:0
O‘tgan mavsumda «Barselona» Chempionlar Ligasini nimchorakfinaldayoq tark etadigandek tuyulgandi. «PSJ» klubiga qarshi dastlabki o‘yindayoq kataloniyaliklar 4:0 hisobida tor-mor etildi. Ammo, «Barsa» o‘z maydonida haqiqiy mo‘’jiza sodir etib, 6:1 hisobida g‘alaba qozondi.
2016/17 mavsumi. «Yuventus» – «Barselona» – 3:0
Chorak finalda «Barselona» Turinda «Yuventus»ga 0:3 hisobida yutqazdi. Paulo Dibala o‘yinda 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Kamp Nou»da italiyaliklar himoyada ishonchli o‘ynab, 0:0 hisobini saqlab qolishdi va «Barselona»ni musobaqadan chiqarib yuborishdi.