Joriy mavsum yakunida «Barselona»ning fransiyalik himoyachisi Samyuel Yumtiti xususidagi gap-so‘zlar tobora avjiga chiqmoqda.To‘g‘ri, futbolchi o‘z vazifasini talab darajasida ado etmoqda. Shu bilan birga o‘zining moliyaviy holatidan mamnun emasligini yashirmayapti.
2012 yil qishda jarohat tufayli ikki markaziy himoyachilari - Lovren va Krisdan judo bo‘lgan «Lion»da keskin vaziyat yuzaga kelgandi.
«Jamoa yangi markaziy himoyachini izlayotgan, skautlar esa turli variantlarni taklif eta boshlagan pallada men kelajagi porloq Yumtitini tilga oldim», - deydi jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Remi Gard. Aynan shu mutaxassisning tashabbusi bilan ikki oy muqaddam 18 yoshini qarshilagan iqtidor sohibi asosiy tarkibdan joy oldi.
Gard unga xuddi o‘z o‘g‘lidek ishonch bildirdi. Bu bejiz emasdi, albatta - Sem himoyaning so‘l qanotida ham, markazda ham risoladagidek to‘p surardi.
Ana shu fazilat yosh futbolchiga «Yangi Abidal» taxallusini sovg‘a qildi. Bo‘yi unchalik baland bo‘lmagan (182 sm.) himoyachi atletizm evaziga bu kamchilikni bartaraf etadi. Faoliyatining dastlabki bosqichida Sem tez-tez pozisiyasini yo‘qotib qo‘yish kabi kamchiliklardan xoli emasdi. Ammo hozirda bu «xastalik»lardan batamom forig‘ bo‘lgan.
Barselonaga esa himoyachi «Lion»dagi 4,5 yillik malaka oshirishdan so‘ng yo‘l oldi. O‘shanda 22 yoshli futbolchi fransuz klubining asosiy tarkibida 150 martadan ko‘proq maydonga tushgandi. E’tiborlisi, Yevro-2016da Didye Desham Yumtitini tarkibga kiritmagandi.
Biroq Sem yirik musobaqa shukuhidan to‘liq bahramand bo‘ldi. Matyo asosiy tarkibdan tushib qolganida, uning o‘rnini Rami to‘ldirdi. Lekin Varan jarohat olganidan keyin Desham aynan Yumtitini taklif etdi. Bungacha Sem terma safida biror marta ham maydonga tushmagandi.
Shunga qaramay, debyutni o‘ta muvaffaqiyatli nishonladi - Islandiya bilan bo‘lgan chorak final bahsida uning ijrosidagi 75ta uzatmaning barchasi jamoadoshlariga aniq yetib borgandi.
Aslida «Barselona» Yumtiti ortidan quvmadi, u Markinyos-Laport-Stounz uchligidan bir himoyachini xarid qilish niyatida edi. Biroq bu reja amalga oshmadi. Shundan keyin Sem 25 mln. evaziga Kataloniyaga yo‘l oldi.
Joriy mavsumda markaziy himoyachi har bir o‘yinda o‘rtacha 70ta uzatmani amalga oshirmoqda. Ularning aniqlik foizi - 91 foiz. Ta’kidlash joizki, shunchaki vaqtni «o‘ldirish» maqsadida himoya chizig‘idagi sheriklariga oshirilgan to‘plar bu ko‘rsatkichda aks etirilmagan.
Xullas, La Ligada ishonchli to‘p surishda davom etmoqda. Bir qarashda hammasi risoladagidek - bir yo‘la bir nechta sovringa da’vogarlik qilayotgan nomdor jamoa safida o‘ynash hammaga ham nasib etavermaydi. Biroq yosh himoyachi hozirdan boshlab futbolchilikdan keyingi hayoti farovonligini ta’minlash xususida qayg‘ura boshladi.
O‘yin saviyasiga nisbatan transfer bahosining arzonligi (60 mln.) boshqa jamoalarning fransiyalik futbolchiga qiziqishini oshirdi. Sem esa «Kamp Nou»ni tark etish niyatida bo‘lmasa ham bu vaziyatdan unumli foydalanish yo‘lini axtara boshladi. Manba xabarlariga ko‘ra, Yumtiti yiliga 5-6 mln. atrofida ish haqi olib, bu borada Suares va Inyestaga yaqinlashib olish niyatida.
«Kataloniyaliklar azaldan o‘zgacha qadriyatlarni ilgari surib keladilar - «Barsa» tarkibida to‘p surishning o‘zi ulkan sharaf! Messi, Inyesta, Xavi, Puyol va Pike kabi yulduzlar shunday ruhda tarbiyalanishgan:
«Sen maydonda shunday to‘p surki, mutasaddilar seni iloji boricha ko‘proq «Kamp Nou»da olib qolish payida bo‘lishsin. Moddiy manfaatdorlikni ularga qo‘yib ber. Hammasi o‘yiningga bog‘liq».
Yumtiti esa o‘zi yoki agent vazifasini bajarayotgan akasi Yannikning tashabbusi bilan biroz shoshqaloqlika yo‘l qo‘ydi. Oqibatda ko‘pchilikni o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Sem ba’zan tiliga erk berib yuboradi. Masalan, Kataloniyaga kelganiga hech qancha bo‘lmay turib jamoaning avvalgi uslubini tanqid ostiga oldi: «Barsa»ning Raykaard davridagi uslubi menga yoqardi. Pep kelganidan keyin o‘yinning jozibasi pasaydi. Uning uslubiga ko‘ra, jamoa to‘pni uzoq ushlab turadigan bo‘ldi. Bu juda zerikarli».
Qizig‘i shundaki, arzon bahodagi mohir himoyachiga talabgorlar orasida Gvardiolaning «Manchester Siti»si ham bor. Shuningdek, «MYU»ning yiliga 9 mln.lik maosh berishga tayyorligi haqida ham xabarlar yo‘q emas. Ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, yozda Yumtitini o‘z safida olib qolish «Barselona»ga oson bo‘lmaydi.
Agarda Sem «Kamp Nou»da qolsa, himoya chizig‘ining hukmdoriga aylanadi. Jamoa esa bir-ikki yildan keyin Jerar Pike o‘rniga munosib sherik topish payiga tushadi.
Mabodo tomonlar kelisha olishmasa, Ernesto Valverde uchun qo‘shimcha bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi. Fransiyalikning ketishini kutayotganlar ham yo‘q emas - Dayo Upamekano («RB Leypsig»), Tilo Kerera («Shalke») va Kleman Langle («Sevilya») kabi mutasaddilar uchun «Barselona» bilan manfaatli kelishuvga yo‘l ochiladi. Biroq bu hozircha taxminlar, xolos.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.