Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Milliy terma jamoamiz tashvishi

Milliy terma jamoamiz tashvishi

Baho:
+ | -1

O‘tgan hafta Superliganing navbatdagi turi oldingilaridan biroz farqlanib, o‘yinlar chorshanba-payshanba kunlari o‘tkazildi.

Shu bois, bugun hafta yakunidagi odatiy mavzularni bir chetga surib, hammamiz uchun birdek ULUG‘ sanalgan, u tilga olinganida, barcha Chempionlar Ligasi-yu, milliy chempionatlar, boringki, o‘zgargan Superligamiz ham ortlarda qolib ketadigan MILLIY TERMA JAMOAMIZ haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Avvalo, og‘riqli va ayni paytda haqli savolni o‘rtaga tashlaylik: «Xo‘sh, o‘zbek futboli muvaffaqiyatsizligining asl sabablari nimada? Nega biz 20 yil davomida 6 marta jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashdik va BIRON MARTA mundialga chiqolmadik?»

Darhaqiqat, og‘riqli va aniq javob berish mushkul bo‘lgan savol. Tarix esga olingan onlarda buyuk bir o‘kinch ichimizni tirnasa ham, biz bu savolga javob qidiraveramiz, qidiraveramiz... Xo‘sh, nega?

Keyingi paytlarda mamlakatimizdagi butun futbol ommasi - avvalo jurnalistlar, keyingi o‘rinlarda mutaxassislar, muxlislar, qolaversa, o‘yinchi va murabbiylarning o‘zlari ham futbolimizda KATTA O‘ZGARISHLAR amalga oshirilganini bot-bot ta’kidlayotgan bo‘lsalarda, bugun bunga qo‘shimcha bir fikrni ilgari surmoqchiman: tevarak atrofini hisobga olmaganda, haqiqiy futbolimizning o‘zi hozircha BIROR QADAM ilgari siljigani yo‘q.

Shaxsan o‘zim yaqin 3-4 yil ichida juda katta rivojlanish kuzatilishiga ishonmayman (milliy termani hattoki, Keyrush qabul qilib olgan taqdirda ham). Aslida juda-juda ishongim keladi, lekin ishonolmayman. Og‘ir bo‘lsaki, buni aytish kerak...

Avvalo futbolimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim. Xatolarimizni aniq hisob-kitoblar, raqamlar va faktlar asosida baralla ko‘rsata bilishimiz shart. Xususan, qaysi jihatlarda Osiyo grandlaridan ort-da qolayotganimizni aniq topib, shular ustida bosh qotirishimiz talab etiladi. Hammamiz! Barchamiz!

Futbolimizga shunday talab qo‘yilishi kerakki, barchaning yoqimtoyi Odil Ahmedov asosiy tarkibga kirish uchun katta muammoga duch kelsin. Tushunyapsizmi, masalaning mohiyatini? Bunda sardorimiz eng optimal sport formasida bo‘lgan kezlarni nazarda tutyapman.

Boshqacha aytganda, terma jamoada kamida 11 nafar Ahmedov darajasidagi futbolchi bo‘lishi kerak. Kamida!

Bu fikrlarim bilan Odilning shaxsiyatiga tegmaganimga, aksincha, uning o‘zi ham xuddi shunday futbolni, xuddi shunday terma jamoani orzu qilishiga zarracha shubham yo‘q. Aynan shunday holat yuzaga kelsagina sardorimizning ko‘zidagi alam yoshlari sevinch tomchilariga almashadi. Almashgan bo‘lardi!

Endi yana biroz ortga qaytsak... Samvel Babayan. Vaqt o‘tishi bilan asablar joyiga kelar ekan. Hamma narsaning real ko‘rinishi albatta, ma’lum muddatdan so‘ng aniqlashadi. Bu inson tuzgan terma jamoa, uning ko‘rsatgan o‘yinlari ham tog‘dek salbiy fikrlarga munosib emasdi, aslida.

Qaysi ma’nodaki, milliy terma jamoamizning JCH-2018 yo‘lidagi kurashish kuchi deymizmi yoxud salohiyatimi, oldingi - 2014, 2010, 2006 va hattoki, 2002 yilgi mundiallardagidan yuqoriroq emasdi. Faqatgina Babayan kichik bir xatoga yo‘l qo‘ydi: o‘sha mashhur «Bu - futbolimiz tarixidagi eng kuchli terma jamoa» iborasini ishlatib yubordi.

Bu gaplar o‘z vaqtida kimnidir ruhlantirdi, albatta, biroq ayrimlar g‘ashiga tekkani ham haqiqat. Ammo o‘sha paytlar terma jamoamizning ishlari «5» edi. Ketma-ket g‘alabalar uning ishiga xalal bermasdi. Aslidachi?

Babayan qo‘l ostidagi futbolchilarni umumlashtirilgan darajada solishtirsak, undan oldin termamizda ishlagan Abramov, Qosimov, Xougton, Gyode, Salkov va hokazolar ega bo‘lgan futbolchilar saviya bobida balandroq bo‘lishsa borki, aslo past emasdilar. Bu yerda Babayan muntazam maydonga tushirgan (tanqidga uchragan!) futbolchilar haqida gapirilmadi, bu alohida masala.

Demak, umumiy xulosa qilib shuni aytish mumkinki, biz 20 yil davomida futbolimizni deyarli bir maromda ushlab turdik. Faqatgina olg‘a qadam tashlashni uddalolmadik, Osiyo grandlaridan biror jabhada bo‘lsin, o‘zib ketolmadik.

Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Saudiya to‘rtligi va JCH-2006dan keyin bu kvartetga qo‘shilgan Avstraliya termalari hozirgacha bizni har tomonlama mag‘lub etmoqda, boshqalardan zaif ekanliging-ni tan olish ham mardning ishi. Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar ta’sirida hammamizda kelajakka umid, yaxshigina umid uyg‘onmoqda, albatta.

Lekin tanganing orqa tomoni ham borki, bu bizni turli fikr-lar tomon chorlaydi. Yana 3 yildan keyin, aniqrog‘i, 2022 yil ostonasida jamoamizni qanday taqdir kutib turibdi? Vaqt to‘xtamay o‘tarkan-ketarkan, hademay yana shu kunlarga yetib kelamiz...

Yaqinda Marokash termasiga qarshi kechgan o‘yinimizda ko‘pchilik oddiyroq kuzatgan holatni juda sinchiklab tahlil qilib chiqdim. Ikkinchi gol-ku mayli-ya, lekin birinchisi yo‘q joydan vujudga kelgani rosa tortishiladigan mavzu. ...Men matematiklar oilasida ulg‘ayganman, otam ham, onam ham maktabda 30 yil shu fandan dars berganlar.

O‘zim boshqa soha (sohalar)ga kirib ketganim bilan baribir, matematiklik qonimda bor. Esimda, yoshligimizda Mirjalol Qosimovning futbol maktabiga qanday borgani haqida gazeta-jurnallarda yozishardi.

Futbolchining otasi Qo‘shoq aka kichkinagina Mirjalolning «Chig‘atoyda futbol maktabi ochilibdi, meni ham olib boring», degan iltimosiga darrov ko‘nmagani, avvalo, o‘qishlarini yanada yaxshilashi, keyingina o‘ylab ko‘rishini ma’lum qilgani o‘sha payt-da endi-endi millionlar o‘yiniga qiziqishi ortayotgan maktab o‘quvchilari yodida muhrlangan bo‘lishi kerak.

Voqealar rivoji esa taxminan shunday davom etgan: futbolga shu yo‘l bilangina bora olishini payqagan Mirjalol darslariga yanada e’tibor berib, o‘qishini oldingidan ham kuchaytirgan.

Shunda ham otasi hadeganda futbolga olib boravermagan, Mirjalolning maktab-internatda ham o‘qishlari pasayib ketmasligini ta’minlashga so‘z berishini, buni uddalay olsagina futbolga berishini aytgan. Yosh Mirjalol sevikli padari so‘zlarini butun o‘qish davomida o‘z yodida saqlab yurdiki, undan qanday futbolchi chiqdi! Men yuqorida fanni nega tilga oldim?

Mirjalolda rus sharhlovchilari ta’biri bilan aytganda «matematicheskaya tochnost», ya’ni «matematik darajada aniqlik» bor edi. Jarima to‘plaridan qoyilmaqom foydalanishida, hujumchini yakunlovchi «pas» bilan ta’minlashida ana shunday hisob-kitoblarning foydasi katta bo‘lgan, menimcha. Yaqinda shu fikrga qo‘shimcha quvvatlovchi dalilga duch keldim.

Matbuotda «Navbahor» yarim himoyachisi Aziz Turg‘unboyevning onasi bilan uyushtirilgan suhbat berildi. Unda baxtiyor ona  Azizning maktabda deyarli barcha fanlardan a’lo bahoga o‘qiganini tilga olgan. O‘zi anchadan beri shu bolada bir nimalarni sezib yurganimni aytsam, ustimdan kulishlari mumkin, zero, o‘sha «bir nimalarni» juda ko‘pchilik payqab ulgurdi.

Faqatgina yana nimalardir yetishmayapti Aziz uchun. Bir qarasangiz, tashqi ko‘rinishidan Ronalduni eslatib yuboradigan bu yigitni avvalo, Qosimov yoki Ahmedov darajasidagi futbolchi bo‘lib yetishishini hammamiz istaymiz, ko‘z tegmasin.

Lekin buning uchun hali juda katta mehnat borligini inkor etmaslik kerak. Zero, porlamasdan so‘nayotgan yulduzlarimiz («yulduz bolakaylarimiz») nihoyatda ko‘pligi bizni milliy terma jamoamiz kelajagi nuqtai nazaridan tashvishga soladi.

Endi yana bir qiziq holat, bunisi endi o‘zim 100 foiz ishtirok etgan voqealar asosida chiqarilgan xulosa. Maktabda sinfdoshlarimga nisbatan jismoniy holatim pastroq bo‘lsada, futbol o‘yinlari payti shu kamroq kuchimdan ham maksimal darajada foydalanib, ko‘p hollarda yaxshi natijalarga erishardim.

Keyinroq aniqrog‘i «O‘zbekiston futboli» gazetasida ishlab yurgan kezlarim bunga yana bir bora amin bo‘ldim. Turli gazetalarda ijod qiluvchi jurnalist yigitlar doimo birga futbol o‘ynashardi, men kam borardim. Hattoki, borganda ham, yomon o‘ynashimni ro‘kach qilib, maydonga tushmasdim.

Bir chetda tomosha qilib, qaytib kelardim. Bir kuni nimadir bo‘ldi-yu, men ham oz-moz o‘ynadim. O‘yin tugagach, hamkasblarimdan biri hayratini yashirmagandi: «Bekzod, tuppa-tuzuk futbol o‘ynarkansiz-ku, nega doim yomon o‘ynashingizni aytasiz...?» Men esa bor aqlu-kuchimni ishlatib, qolaversa, jamiki qo‘shimcha imkoniyatlarimdan ham foydalangan holda o‘ynagan bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman.

Bu holat futbolda konsentrasiya deb ataladi. O‘zbek futboli matbuotida konsentrasiya iborasi deyarli ishlatilmayapti, lekin maqolada boshqa so‘zlar bilan ifodalangan paytda bu holatni to‘liq ko‘rsatib berish mushkul, menimcha.

Xullas, bilim, aql va konsentrasiyani bir vaqtga to‘g‘rilab maydonga tushish, ana shu uch asosiy omilga atigi 90 daqiqa (ba’zi holatda 120 daqiqa) qattiq rioya qilish - albatta, futbolimizga, barcha futbolchilarimizga katta yutuq olib kelgan bo‘lardi. Zero, jismoniy kuch ularda keragidan ortig‘icha bor.

Endi yuqorida tilga olingan Marokash - O‘zbekiston bahsiga biroz to‘xtalsak. Ha, o‘sha qo‘yib yuborilgan birinchi gol. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi? Avvalo, rasmlarga bir nigoh tashlang. Bu yerda golga sabab bo‘lgan yagona omil - yakuniy zarbani bergan futbolchiga uzatilgan «pas»ning vujudga kelishi tasvirlangan.

Avvalo, 1-rasmdagi strelka bilan ko‘rsatilgan qanot yarim himoyachisining joylashuviga yaxshilab e’tibor bering. Bu - o‘sha golga assistentlik qilgan futbolchi. Uzoqdan berilgan zarbani darvozabonimiz bartaraf etayotgan payt u xuddi shu masofada edi.

2 va 3-rasmlardan ko‘rinmoqdaki, to‘pga yugurayotgan himoyachimizga nisbatan marokashlik futbolchi deyarli ikki hissa tezroq harakatlangan.

Bu yerda vaziyatning kulminasion nuqtasiga e’tibor qaratish o‘rinli: 5 va 6-rasmlarda raqib futbolchisi o‘z harakatining oxirgi soniyalarida shundayin maxsus «manyovr» bilan ishlaganki, hattoki, «chiqmagan jondan umid» qabilidagi tepish ham qo‘l kelib, to‘p himoyachimizning oyoqlari orasidan o‘tib ketgan.

Bu yerda aslida marokashlik futbolchining yukidan ko‘ra, bizning himoyachimiz oldidagi vazifa osonroq edi. To‘pga oldinroq yetib borish va uni istalgan tomonga tepib yuborish. Lekin yuqorida aytilganidek, tezlik, ayniqsa, eng kerakli payt ishlatilishi lozim tezlikning yo‘qligi gol qo‘yib yuborishimizga sabab bo‘ldi. Yo‘q joydan qabul qilingan gol...

Marokash termasiga qarshi o‘yindagi alamli gol tahlili aslida shu yerda yakunlanishi mumkin edi, biroq yaqinda sport jurnalisti Xayrulla Hamidov bilan tortishuvimiz yana bir qiziq ma’lumotni taqdim etdi bizga.

Uning fikricha, golda ko‘proq darvozabonimiz aybdor. Men o‘zimcha maqolada keltirilayotgan rasmlarni ko‘rsatib, fikrimni har qancha isbotlashga urinmayin, Xayrulla aka shaxsiy pozisiyasini zarracha o‘zgartirmadi: «Darvozabon to‘pni hech bo‘lmaganda, burchakka chiqarib yuborishi kerak edi».

Bunga qo‘shimcha ravishda Temur Kapadzening ham golga ko‘proq darvozabon aybdor bo‘lgani haqidagi gaplaridan iqtibos keltirdi.

Xullas, mag‘lubiyatimiz, qo‘yib yuborilgan gollar xususida turli fikrlar, turli qarashlar.

Lekin eng yomoni shuki, biz barcha o‘yinlar - xoh rasmiy musobaqalarda bo‘lsin, xoh o‘rtoqlik o‘yinlarida hozircha asosan mag‘lubiyatga uchramoqdamiz.

Milliy terma jamoa taqdiri bizni har qandan holatda - eng yaxshi kunlarda, eng alamli mag‘lubiyatlar orqasida, hattoki, hech bir musobaqa bo‘lmayotgan paytda ham befarq qoldirmas ekan, bugungi maqola bunga yana bir bor misol. Shunday ekan, milliy termamiz haqida qayg‘uraveramiz, qayg‘uraveramiz...

Behzod AHMADJONOV

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:59, 22.04.2018.
O'qildi: 8138 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.