Urugvaylik mashhur futbolchi Diyego Forlan yangi hissiyotlarga - jahon chempionatida Urugvay milliy jamoasiga muxlislik qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu terma 1990 yildan so‘ng necha marta jahon chempionatida ishtirok etgan bo‘lsa, Forlan ularning barchasida qatnashgan. Mana, endi JCH-2018da muxlis vazifasini o‘taydi.
U ayni payt Gonkong premyer-ligasi vakili - «Kitchi» klubi sharafini himoya qilmoqda. JCH-2010ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi.
- Diyego, jahon chempionati o‘tkaziladigan yil qanday o‘tyapti? Sizni mundiallarda Urugvay termasi safida ko‘rishga o‘rganib qolgandik.
- O‘zgacha hissiyotlarni boshdan kechiryapman. Qiynalsam kerak. Braziliyadagi jahon chempionatidan so‘ng, navbatdagi mundialda Urugvay termasi tarkibiga kirishim juda qiyin bo‘lishini tushunib yetgandim.
Shu bois ham yangi rolimga moslashish uchun vaqt yetarli bo‘ldi. Turnir boshlansa, maydonga tushish istagi jo‘sh urishi aniq. Mundiallarda uch marta qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu xotiralarni hech nimaga almashmayman.
- O‘zingiz qatnashgan mundiallarda eng esda qolarli vaziyatni so‘rashsa, qanday javob bergan bo‘lardingiz?
- Jamoa haqida gapirsam, JCH-2010da Gana ustidan qozonilgan g‘alabani eslardim. Bu uchrashuvda biz deyarli mag‘lub bo‘lgandik. Lekin yakunda vaziyatni o‘z tomonimizga og‘dirishga kuch topa olganmiz.
O‘zim haqimda gapirsam ham, o‘sha mundialni yodga olaman. Turnir yakunida meni jahon chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi, deb topishgandi. Shuningdek, to‘purar ham bo‘lganman.
- Milliy jamoani sog‘inyapsizmi?
- Aslini olganda, unchalik emas. Terma bilan o‘z xohishimga ko‘ra xayrlashganman. O‘shanda to‘g‘ri yo‘l tutayotganimga ishonchim komil edi. Milliy jamoa safida 10 yildan ko‘proq vaqt o‘ynadim.
Jamoaning yaxshi va yomon kunlarida birga bo‘ldim. Ajoyib hissiyotlar. Boz ustiga, vaqtida ketdim. Agar mojaroli tarzda xayrlashganimda, hozir qaytish haqida gapirarmidim?!
- Forlanni terma jamoa muxlisi sifatida qanday tasavvur qilish mumkin? Ehtiroslimi yoki xotirjam?
- O‘yinlarni xotirjam tomosha qilaman. Termamizga, uning tarkibidagi futbolchilarga ishonaman. Saralash bahslari paytida mutlaqo xavotirga tushmadim.
Ayrim vaziyatlarni inobatga olmaganda, albatta. Umuman, saralashni ishonchli tarzda yakunladik. Endi asosiy turnir vaqti keldi. Murabbiylar shtabi, futbolchilarni yaxshi bilaman. Ular mundialda natija ko‘rsatishga qodirlar.
- Shunday futbolchilardan biri - Luis Suares. Hozirgi terma jamoada uning roli qanday?
- Luis, Diyego Godin va Edinson Kavanilar terma jamoada ko‘p yillardan buyon o‘ynashadi. Ular terma uchun muhim o‘yinchilar sanalishadi. Suares jismonan baquvvat va juda abjir yigit. Ko‘p gollar uradi.
So‘nggi paytlarda samarali uzatmalari soni ham oshmoqda. Bu borada «Barselona»ga o‘tishi yordam berdi. Luis uslubini o‘zgartira oladiganlar sirasidan. U termada boshqa, «Barselona»da boshqa rolni bajaradi.
- 2010 yili Enso Francheskoli «terma jamoada Forlan o‘zidan ko‘ra ko‘proq iz qoldirishi»ni aytgandi. Oradan sakkiz yil o‘tib, siz Suares haqida shunday deya olasizmi?
- Hozirgacha qancha buyuk futbolchilarni ko‘rdik. Menimcha, bunday baho berish uchun bir nechta avlodlar almashuvi yuz berishi kerak. Shuningdek, jamoaning natijalari ham muhim.
- Urugvay qanday niyatlar bilan Rossiyaga yo‘l olmoqda?
- Shubhasiz, u yerda asosiy jamoalardan biri bo‘lish uchun. Eng muhimi, guruhdan chiqish lozim. Bu esa oson emas. Barcha raqiblar kuchli. Lekin Urugvay sayyoramizning eng yaxshi termalari bilan bahslashishga qodir. Mamlakatimiz kichkina, shunga qaramay, raqiblar Urugvayga qarshi o‘ynashni unchalik ham istashmaydi.
- Italiya, Gollandiya, Chili... Ushbu termalarning jahon chempionatiga chiqa olishmagani siz uchun kutilmagan bo‘ldimi?
- Yo‘q, umuman ajablanmadim. Urugvay ikki marta jahon chempioni bo‘lgan, Amerika kubogida eng ko‘p g‘olib chiqqan. Lekin ikki marta mundialdan chetda qolganmiz. Bugungi futbol o‘zi shunaqa.
Italiya 2006 yili jahon chempioni bo‘ldi. Lekin JCH-2010da ham, JCH-2014da ham guruhdan chiqolmadi. Tarix va mashhur nomlarning o‘zi muvaffaqiyat kaliti bo‘la olmaydi.
- JCH-2018ning asosiy favoriti qaysi jamoa?
- Braziliya va Germaniya termalarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardim.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.