Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Finaldagi ramziy ishoralar

Finaldagi ramziy ishoralar

Baho:
+ | -1

«Real»ni shon-shuhratga burkab, YECHLning navbatdagi finali ham tarixga aylandi. Butun futbol olami Ronaldu va Saloh «duel»ini sabrsizlik bilan kutgandi. Hamma-hamma chempionlik masalasini shu ikki futbolchidan biri hal qilishiga ishonayotgandi.

Amalda esa boshqacha bo‘lib chiqdi. APLdagi keskin yakkakurashlarda ziyon-zahmat topmagan Muhammad Saloh baquvvat Serxio Ramos bilan to‘qnashuvda alamli tarzda jarohatlandi.

«Liverpul»ning misrlik futbolchisi voqealar rivoji bunday tus olishini xayoliga ham keltirmagani aniq. Angliya elit ligasi zarbalariga bardosh bergan «ko‘za»ni Serxio Ramos bir bo‘limga yetkazmay sindirdi-qo‘ydi.

«Ko‘za»ning Kiyevda sinishi - taqdir hukmi. CHL g‘olibi bo‘lish orzusida hattoki, ro‘zasidan vaqtincha voz kechgan Muhammad Salohni taqdir shunday «siyladi». Bu holatda na Ramos, na Saloh aybdor, fikrimizcha. Taqdir yozug‘i shu!

Ayni shu sababga ko‘ra, Yurgen Klopp ishongan futbolchi final bahsida o‘z so‘zini aytolmadi. Uni tushunsa bo‘ladi. Biroq Ronaldu nima uchun finalda o‘zini yaqqol namoyon etolmadi? Nima sababdan faqat unga yarashadigan fenomen golni zaxiradan maydonga tushgan Garet Beyl urdi?

«Yugurganniki emas - buyurganniki!» deganlari shu ekan-da. Qarang, final ijobiy ma’noda Garet Beylga, salbiy ma’noda esa Loris Kariusga ataldi. Holbuki, o‘yin arafasida «shalpangquloq» kubok taqdirini shu ikki futbolchi kutilmagan harakatlari bilan hal qilishi aytilsa, birov ishonmasdi.

Harqalay, Kariusning umrida futbol o‘ynamagan bola kabi xatoga yo‘l qo‘yishi - aql bovar qilmas hodisa! «Qanday qilib, shunday xatoga yo‘l qo‘yish mumkin? Yana finalda-ya...». Bunga javob yo‘q. «Sotqinlik», «asabiylik», «hayajon» kabi tushunchalar bilan izohlab bo‘lmaydi bu holni.

Kariusning «sotilishi»ga, asabiylik yoki hayajon ta’siridagina to‘pni Karim Benzema oyoqlari ostiga otishiga «Liverpul»ning biror muxlisi ishonmasa kerak. U hayajonu asabiylikni shu  bahsdagina boshdan kechiribdimi? Yo‘q, albatta!

Qisqasi, Karius misolida futbol dunyosi aqldan tashqari, mantiq doirasiga sig‘maydigan holatga guvoh bo‘ldi. Bu - taqdir istagi! Taqdir shuni istadi va u beixtiyor to‘pni otib yubordi. Bo‘ldi! Shu, xolos!

Xo‘sh, «Liverpul»ning mag‘lubiyati Yurgen Klopp qarorlari bilan bog‘liqmi? Bu savolga «Ha» yoki «Yo‘q» qabil dangal javob berish mushkul. Yarim finalning ikki uchrashuvida Karius 6ta gol qo‘yib yubordi.

YECHL yarim finali uchun bu ancha ko‘p. Lekin Klopp salbiy statistika xususida o‘ylab o‘tirmadi, chog‘i. Balki hujumchilar yana bitta ortiqcha gol urishlariga ishongandir... Bo‘lishi mumkin! Ammo vaziyatlar uning qarorlariga bo‘ysunmadi. Bo‘ysunganda edi, Garet Beyl fantastik gol urmasdi.

U tepgan to‘p yuqoridan o‘tib ketardi. Uelslik futbolchiga shunday zarba yo‘llash imkoni berildimi va urinishi golga aylandimi, demak, bu o‘rinda futboldan ham ustun taqdir hukmi bor! Bu hukm qoshida faqat bosh egiladi. Boshqa chora yo‘q!

«Real» bilan ketma-ket 3 marta YECHLda g‘olib chiqish JCH-2006 finalida zabunlikka yuz tutgan Zidanga nasib etgan ekan! O‘sha baxtsiz final ajrini u YECHL orqali oldi. Buyuklar uchun buyuk marhamatlar hamisha mavjud!

Kezi kelganida, muxlislarda savol tug‘ilishi tabiiy: oy chiqsa ham, kun chiqsa ham «Real»gami? Yurgen Klopp aqlli, shu safar g‘oliblikka arzirdiku?! Mazkur savollarga qarshi boshqalari o‘rtaga tushadi: Andres Inyestadek futbolchi «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rildimi?

Hattoki, JCH-2010dan keyin ham futbol dunyosi bu to‘g‘rida o‘ylamadi. Chunki uning ko‘zlarini Messi pardasi to‘sgandi. Messidan boshqasini ko‘rolmasdi o‘sha damda futbol dunyosi. «Real» va Zidan bilan ham shu kabi holat kuzatilmoqda.

Balki shuning uchun ham, YECHLning bu yilgi finalini Ronaldu yoki Saloh iste’dodi emas, balki Karius qo‘li va Beyl oyog‘i vositasida taqdir boshqardi. Taqdir kulib boqsa, bas, hammasi juda oson hal bo‘ladi. Taqdir mashinasi ravon yurmasa, omad oti manzil sari dadil chopmasa, mahorat va iste’dod, ishtiyoq va istak nari suriladi.

Inson omili bu jarayonga ta’sir o‘tkazolmaydi. Futbol osmonida ro‘y berayotgan ajabtovur voqealar faqat o‘sha yuksaklik mezonlari bilan baholanadi. Ulug‘ Cho‘lpon ta’biricha, qorong‘u kechada ko‘kka tikilib, yorug‘ yulduzlardan shuni bilishga intilamiz futbol zaminida turib...

Yuqoridagi mulohazalarni qog‘ozga tushirar ekanmiz, milliy terma jamoamiz peshonasiga go‘zal taqdirlar bitilishini istadik. Zero, taqdir siylaganda, bosh jamoamiz shu vaqtgacha, hech bo‘lmasa, ikki marta mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritardi.

Kimlarnidir doimo omadsizlik ta’qib etib yuradi va «Mana, manzilga yetdim» deganda, birdan vaziyat o‘zgaradi, ya’ni «Kambag‘alni tuya-ning ustida ham it qopadi». Futbolimiz taraqqiyoti haqida bosh qotirish chog‘i, masalaning bu jihatiga ham e’tibor qaratishimiz zarur, nazarimizda.

Fakt shuki, «Chelsi» biror mashhur murabbiy bilan emas, balki Roberto di Matteo rahbarligida YECHL shohsupasiga ko‘tarilgan. «Real» ham murabbiylik staji kam Zidan bilan shon-sharafning yangi manzillari sari odimladi. Tajribali murabbiylar harchand istashmasin va urinishmasin, bu ishni uddalasholmadi.

Demoqchimizki, qaysidir bir murabbiy yoki futbolchiga iste’dodi va mahoratidan qat’iy nazar, katta vazifalarni topshirib bo‘lmaydi. Futbolimizning sobiq mutasaddilari uzoq yillar shu oddiy haqiqatni tan olishni istashmadi. Islohotlarga astoydil bel bog‘langan bir pallada bu muhim omilga ham e’tibor qaratilishidan umidvormiz.

Tarkibi bilan boshqa jamoa murabbiylari havasini keltiradigan «Lokomotiv»dagi depsinish yoki Mirjalol Qosimov va Viktor Kumikovni hayratlantirgan «Navbahor» stadionidagi qudratli magiya har birimizni o‘zgacharoq mulohaza yuritishga chorlaydi.

Muvaffaqiyat - mustahkam uyg‘unlikda. Shu ma’noda futbolchilarimizning ilk bor jahon chempioni bo‘lgan terma jamoa bilan kuch sinashishlarida ramziy ishora yashirindek...

Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:12, 29.05.2018.
O'qildi: 18433 marta.
Fikrlar: 9 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.