18 avgust - 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqa start olishiga roppa rosa 50 kun qolganida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi qit’aning ushbu nufuzli musobaqaga oid qiziqarli faktlarni taqdim etadi.
O‘yinlar poytaxt Jakarta va u yerdan 1000 km uzoqlikda joylashgan Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Tantanali ochilish marosimi Jakartadagi "Gelora Bung Karno" stadionida o‘tkaziladi. Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi (INASGOC) rahbari Erik Toxir musobaqa davomida sportchilarga barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi.
"Biz nafaqat Indoneziya aholisini, balki butun Osiyoni qamrab olmoqchimiz. Ular uchun qulay sharoitlar yaratish, chiptalar olish borasida yengilliklar berish ham shular jumlasidandir. Sportchilar ushbu musobaqaning eng asosiy mehmonlaridir. Ulardagi sharoit - transport, xavfsizlik, ovqatlanish eng yaxshi bo‘lishi lozim. Tashkiliy qo‘mita o‘z oldiga birinchi navbatda ushbu vazifalarni bajarishni maqsad qilib qo‘ygan", - dedi Erik Toxir.
Ma’lum bo‘lishicha, tashkiliy qo‘mita chipta sotish bo‘yicha KiosTix xalqaro agentlik bilan hamkorlik qilmoqda. O‘yinlar uchun 1,3 million chipta sotilishi rejalashtirilgan. Eng arzon chipta narxi 30 000 rupiy (2 AQSH dollari), o‘rtachasi 100 000 rupiy (7 AQSH dollari) etib belgilangan. Ushbu narx orqali tashkilotchilar iloji boricha ko‘proq tomoshabinlarni qamrab olmoqchilar. Chiptalarni supermarket, do‘kon, banklarda va KiosTix tizimi orqali onlayn tartibda xarid qilish mumkin bo‘ladi. Chiptalar sotuvi 30 iyun kuni boshlanadi.
Xavfsizlik masalasida muammolar bo‘lmaydi. INASGOC bu borada 2016 yildan buyon mamlakat qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Osiyo o‘yinlari davomida 36 000 nafarga yaqin xavfsizlik xizmati xodimlari ish olib boradilar.
Bugun, 29 iyun kuni o‘yinlarning medallar jamlanmasi namoyish etildi. Jakartada sportning 40 turidan 67 yo‘nalishda, 463 musobaqa tashkil qilinadi. Osiyo o‘yinlari davomida 4 066 medal o‘z egasini topadi.
O‘zbekiston ushbu sport bayramida katta delegasiya bilan ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Mamlakatimiz musobaqada o‘zining eng kuchli sportchilari bilan qatnashadi. Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni haqidagi ma’lumotlarni Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida kuzatib borishingiz mumkin bo‘ladi.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegasiyasi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan 29ta sport turida ishtirok etishni rejalashtirilmoqda. Bellashuvlarda 260dan ortiq sportchi yurtimiz sharafini himoya qiladi. Shuningdek, 100dan ortiq rasmiy shaxslar (murabbiy, shifokor, menejer, OAV xodimlari) ham musobaqada faoliyat olib borishadi.