Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

JCH-2018. Penaltilar seriyasi Xorvatiya uchun yana omadli keldi

JCH-2018. Penaltilar seriyasi Xorvatiya uchun yana omadli keldi

Baho:
+ | -

Jahon chempionatida yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan to‘rtinchi jamoa nomi aniq bo‘ldi. Rossiya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasida o‘yin qiziqarli, kurashlarga boy va dramatik tarzda kechdi.

Birinchi bo‘lim: Tenglik
Cherchesov Ispaniyaga qarshi bo‘lib o‘tgan nimchorak final o‘yinidan farqli ravishda yana 4 himoyachi taktikasiga qaytdi. Bu safar ruslar Xorvatiyaga qarshi jamoaviy pressingni ko‘proq qo‘llashdi. Musobaqa mezbonlar uchrashuv startida tezkor gol urib olish uchun 2-3ta hujumlar tashkil qilishdi. Shundan so‘ng to‘p nazorati xorvatlar tomoniga o‘tdi.

Bahsning 31-daqiqasida esa hisobni mezbonlar ochishdi. Denis Cherishev maydon markaziga yaqin joyda to‘pni qabul qildi va Dzyuba bilan "devor" o‘ynab olib, 25 metrlardan aniq zarba bilan "to‘qqizlik"ga to‘pni joylab qo‘ydi! Daniyaga qarshi o‘yinda 3ta penaltini qaytargan Daniyel Subashich to‘p yo‘nalishini nigohlari bilan kuzatib turdi, xolos.

Tartibli o‘yin namoyish qilayotgan ruslar bo‘lim so‘ngida bir marta xatoga yo‘l qo‘yishdi. Xorvatiya chap qanot bo‘ylab tashkil etgan hujumni Fernandes o‘tkazib yubordi. Perishichning uzatmasidan keyin Manjukich jarima maydonchasiga kirib keldi va rossiyalik himoyachilar orasida turgan jamoadoshiga uzatma berdi. Kramarich bosh bilan darvozani zabt etdi.

Ikkinchi bo‘lim: Ustunlik xorvatlarda, hisobda tenglik
Ikkinchi bo‘limni Dalich shogirdlari raqib darvozasi tomon bosimlar bilan boshlagan bo‘lsa, mezbonlar ko‘proq himoyalanishga majbur bo‘lishdi. Xorvatlarning bu urinishlari o‘yinning 60-daqiqasida naf keltirishi mumkin edi. Chap qanotdan olis ustun tomon yetkazilgan uzatmani Kramarich narigi tomonga yetkazdi. Himoyachi bosh bilan to‘pni qaytardi, ammo Perishich 11 metrli nuqta oldida to‘pni egallab, zarba berdi. To‘p ustunga tegdiyu, narigi ustun yonidan o‘tib ketdi.

O‘yinning asosiy vaqti oxiriga qadar ustunlik Xorvatiya tomonida bo‘ldi. Cherchesov futbolchilarni o‘zgartirish orqali maydon markazini kuchaytirishga harakat qildi. Ruslar katta mashaqqat evaziga durangni saqlab qolib, o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga ko‘chirishdi.

Uchinchi bo‘lim: Xorvatiya gol urdi
Qo‘shimcha bo‘limlarga kelib Rossiya terma jamoasi jonlangandek ko‘rindi, ammo Xorvatiya "standart"dan gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Bahsning 101-daqiqasida burchakdan yetkazilgan uzatmaga Domagoy Vida 11 metrli nuqta ustida zarba berdi. Zarba kuchli chiqmadi, ammo to‘p futbolchilar orasidan o‘tib ketib, to‘rga borib tushdi.

To‘rtinchi bo‘lim: Rossiya tenglashtirdi
To‘rtinchi bo‘limda Cherchesov shogirdlarida hujumga tashlanishda boshqa chora qolmagandi. Ularga ham "standart" yordamga keldi. Jarima maydonchasi burchagidan belgilangan jarima to‘pini Alan Dzagoyev yumshoq tarzda yetkazdi. Mario Fernandes esa bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Penaltilar seriyasi
"Lotereya"da to‘pga birinchi bo‘lim yaqinlashgan Smolov negadir ishonchsiz zarba berdi. Go‘yoki u darvozabonni aldagan edi, ammo to‘p Subashich yotgan joyga bordi va Daniyel to‘pni ushlab oldi. Brozovich va Dzagoyev o‘z imkoniyatlaridan foydalanishdi. Kovachichning zarbasini Akinfeev ajoyib seyv bilan qaytarib, Rossiyaga umidni qaytardi. Ammo o‘yinda gol urib, bahsni penaltilar seriyasiga ko‘chirishga muvaffaq bo‘lgan Mario Fernandes "nuqta"dan noaniq zarba berdi. Qolgan futbolchilar 11 metrli jarima zarbalarini golga aylantirishdi. Rakitichning zarbasidan keyin Xorvatiya yarim final yo‘llanmasini hal qildi.

Yarim finalda Xorvatiyani angliya terma jamoasi kutib turibdi.

JCH-2018. Chorak final
Rossiya – Xorvatiya 2:2 (1:1, 0:0, 0:1, 1:0), penalti seriyasi - 3:4
Gollar: 1:0 – 31 Cherishev, 1:1 – 39 Kramarich, 1:2 – 100 Vida, 2:2 – 115 Fernandes.
Rossiya – Akinfeev, Kutepov, Kudryashov, Fernandes, Ignashevich, Kuzyayev, Zobnin, Golovin (Dzagoyev, 102), Samedov (Eroxin, 54), Cherishev (Smolov, 67), Dzyuba (Gazinskiy, 79).
Xorvatiya – Subashich, Lovren, Strinich (Pivarich, 74), Vrsalko (CHorluka, 97), Vida, Perishich (Brozovich, 63), Rakitich, Modrich, Rebich, Kramarich (Kovachich, 88), Mandjukich.
Ogohlantirishlar: Lovren (35), Strinich (38), Vida (102), Gazinskiy (109), Pivarich (114).
Penaltilar seriyasi
Fyodor Smolov (0:0, darvozabon) —  Marselo Brozovich (0:1)
Alan Dzagoyev (1:1) — Mateo Kovachich (1:1, darvozabon)
Mario Fernandes (1:1, noaniq)  — Luka Modrich (1:2)
Sergey Ignashevich (2:2) — Domagoy Vida (2:3)
Daler Kuzyayev (3:3) — Ivan Rakitich (3:4)

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 01:58, 08.07.2018.
O'qildi: 7638 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.