Alisson Bekker kecha «Roma»dan «Liverpul»ga o‘tdi. Ingliz klubi braziliyalik darvozabon uchun jami 72,5 million dollar to‘ladi. Natijada Alisson hozirgi va o‘tgan zamonaning eng qimmat darvozaboniga aylandi. Shu munosabat bilan TASS nashri futbol tarixidagi eng qimmat o‘nta futbolchini yodga oldi.
10. PETR CHEX, 13 million yevro («Renna»dan «Chelsi»ga)
Chex - «Viktoriya» tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, professional faoliyatida biron marta ushbu klub darvozasini qo‘riqlagan emas. 1999 yildan 2002 yilgacha Chexiyada «Xmel» va Praganing «Sparta» jamoalarida o‘ynadi, shundan so‘ng Fransiyaning «Renn» klubiga o‘tdi. Chexning xizmatlari evaziga «Renn» Fransiya kubogi yarimfinaliga qadar yetib bordi va 2003/04 yillar mavsumida chempionatni to‘qqizinchi o‘rinda yakunladi.
2004 yilda futbolchi «Chelsi» safiga o‘tishga rozi bo‘ldi. Londonliklar uning transferi uchun 10 million yevro va qo‘shimcha 3 million miqdorida bonuslar to‘ladi. Bir yildan so‘ng Chexni «Janob zero» (zero – inglizchadan «nol») deya atay boshlashdi. Chunki ketma-ket 11 o‘yin va 35 daqiqa davomida darvozasidan gol o‘tkazib yubormay, liga rekordini o‘rnatgandi. Boshidan jiddiy jarohat olgach, o‘yinlarga niqobda chiqishi sabab boshqa bir laqabi - «tankchi» nomini ham oldi.
«Chelsi» safida Chex to‘rt marta Angliya chempioni va mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi. Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida g‘alaba qozondi. So‘ng 2015 yilda Londonning boshqa bir jamoasi - «Arsenal» safiga o‘tdi.
9. YAN OBLAK, 14 million yevro («Benfika»dan «Atletiko»ga»
Sloveniyalik Oblak 2010-2014 yillar davomida «Benfika»dagi o‘yinlari orqali o‘z nomini jahonga yoydi. 2013/14 yillar mavsumi uning uchun Lissabondagi eng yaxshisi bo‘ldi: u chempionatning eng yaxshi darvozaboni sifatida e’tirof etildi. Shundan so‘ng qo‘shni davlatga yo‘l olib, «Atletiko» safiga qo‘shildi. Yanning transferi madridliklarga 14 million yevroga tushdi. O‘shandan buyon yosh darvozabon «Atletiko»ning almashtirib bo‘lmas birinchi raqamli posboni bo‘lib qolmoqda.
«Atletiko» libosida Oblak bir marta, 2014 yili Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritdi, 2015/16 yillar mavsumida Chempionlar ligasi finaliga chiqdi va o‘tgan mavsum Yevropa ligasida g‘olib bo‘ldi.
8. ANJELO PERUSSI, 19 million yevro («Yuventus»dan «Inter»ga)
Perussi italyan futboli tarixidagi eng yaxshi darvozabonlardan biri hisoblanadi. U «Roma» tarbiyalanuvchisi bo‘lib, rimliklar safida bor-yo‘g‘i 16 o‘yin o‘tkazgan. Shundan so‘ng «Yuventus»ga ko‘chib o‘tgan Perussi turinliklarning eng asosiy posboni bo‘lib, jamoaning uch marta Italiya chempionatida g‘olib bo‘lishi, bir martadan mamlakat kubogi va Chempionlar ligasida zafar quchishiga katta hissa qo‘shdi. 1990 yillarning oxirida klubda raqobatchilari paydo bo‘la boshlagach, «Inter»ga o‘tishga qaror qildi. Milan klubi «Yuventus»ga u uchun 19 million yevro to‘ladi, biroq Perussi yangi klubida o‘zini ko‘rsata olmadi. «Inter» tarkibida bir mavsum o‘tkazgach, «Lasio»ga o‘tib ketdi.
7. DAVID DE XEA, 20 million yevro («Atletiko»dan «Manchester Yunayted»ga)
De Xea «Atletiko» futbol maktabi bitiruvchisi sanaladi. 18 yoshida professional futboldagi ilk shartnomasini ham aynan madridliklar bilan tuzgan. Darvozadagi ishonchli harakatlari bois asosiy tarkibdan o‘rin olib, «Atletiko»ning 2009/10 yillar mavsumida Yevropa ligasida g‘olib chiqishiga katta hissa qo‘shdi.
2011 yilda «Manchester Yunayted» afsonasi Edvin van der Sar faoliyatini yakunlagach, ingliz OAV uning o‘rniga nomzod izlashga tushdi. Mish-mishlarda tez-tez de Xea familiyasi ham tilga olinardi. Oxir-oqibat u rostdan ham Angliyaga keldi. Birinchi mavsumda uni o‘ziga ishonchsizligi uchun ko‘p tanqid qilishdi, lekin vaqt o‘tishi bilan u manchesterliklarning asosiy darvozaboniga aylanib, van der Sarning munosib o‘rinbosari bo‘la oldi, Angliya chempionati va Yevropa ligasida zafar quchdi. U hozir Ispaniya terma jamoasining ham asosiy posboni hisoblanadi.
6. SEBASTYAN FREY, 21 million yevro («Inter»dan «Parma»ga)
Taniqli fransiyalik futbolchi faoliyatini 1997 yilda «Kann» klubi darvozasini qo‘riqlashdan boshlagan. Bir yil o‘tgach, Italiyaga kelib, «Inter» bilan shartnoma tuzdi. Uning Milandagi karyerasi Yevropaning top-klublari e’tiborini tortadigan darajada yorqin emasdi. 2001 yilda Janluiji Buffon «Parma»dan ketadigan bo‘lganida, klub Freyga taklif bilan chiqdi. «Inter» Sebastyanning transferidan 21 million yevro ishlab oldi.
5. FRANCHESKO TOLDO, 26,5 million yevro («Fiorentina»dan «Inter»ga)
Toldo 1991 yilda katta futbolga kirib kelib, butun faoliyatini Italiya chempionatida o‘tkazdi. Dastlab bir mavsumdan «Trento» va «Ravenna» klublarida o‘ynadi, so‘ng 1993 yilda «Fiorentina»ga o‘tdi. 8 yil mobaynida jamoaning asosiy darvozaboni sifatida 330dan ortiq o‘yinlarda qatnashdi. Florentina shahri klubi bilan ikki marta Italiya kubogida g‘olib chiqqach, unga «Inter» qiziqa boshladi.
2001 yilda Toldo Milanga ko‘chib o‘tdi. Uning transferi qiymati 26,5 million yevroni tashkil etdi. Yangi jamoasida dastlabki 4 yil asosiy posbon rolida bo‘lgan bo‘lsa, keyin braziliyalik darvozabon Julio Sezar u bilan raqobatda yengib chiqdi. «Inter» libosida Toldo besh karra Italiya chempioni, ikki karra mamlakat kubogi sohibi va bir marta Chempionlar ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U 2010 yili butsalarini mixga ilgan.
4. MANUEL NOYER, 27,5 million yevro («Shalke»dan «Bavariya»ga)
Noyer professional karyerasini 2006 yildan «Shalke» klubida boshlagandi. Bu jamoadagi 5 yillik faoliyati davomida tez-tez o‘zini ko‘rsatib turdi: uni oyoq bilan juda yaxshi o‘ynay oladigan darvozabon sifatida taniy boshlashdi. Xavfli vaziyatlarda jarima maydonchasini tashlab chiqishi uning uchun noodatiy hol bo‘lmay qoldi. Yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi Yevropa chempionatidagi o‘yinlari orqali esa «Bavariya» sohibi Karl-Xayns Rumeniggening nazariga tushdi.
Myunxen klubi bu posbonni bir necha yil davomida kuzatib yurib, 2011 yilda uni sotib oldi. Noyer uchun «Bavariya» 18 million yevroga tushdi. Bu hali hammasi emasdi, xaridor tomon darvozabonning muvaffaqiyatli o‘yinlari uchun yana 10 million dollar bonus to‘lashi ham kerak edi.
«Bavariya» tarkibida Noyer 6 karra Germaniya chempioni va uch karra mamlakat kubogi sohibi degan sharafli nomlarga sazovor bo‘ldi. Asosiysi, u bir marta Chempionlar ligasida ham zafar quchdi. Uch marta IFFHS talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi darvozaboni deya e’tirof etildi. U 2014 yilda Germaniya terma jamoasi bilan jahon kubogini ham qo‘lga kiritdi.
Oxirgi mavsumlar Noyer uchun omadsiz o‘tmoqda. Darvozabon ikki marta oyog‘idan jarohat olib, uzoq vaqt maydonga tusha olmadi. JCH-2018 boshlanishidan oldin so‘nggi jarohatidan sog‘ayib qaytgandi, biroq Germaniya turnirni muvaffaqiyatsiz yakunlab, guruhda so‘nggi o‘rinni band etdi.
3. JANLUIJI BUFFON, 34 million yevro («Parma»dan «Yuventus»ga)
Foto: EPA-EFE/MAURIZIO BRAMBATTIBuffon – Italiyaning «Parma» klubi tarbiyalanuvchisi. U 2001 yili 23 yoshida «Yuventus»ga o‘tgan. Turinliklar o‘shanda bu transfer uchun rekord miqdordagi summa – 34 million yevro to‘lashlariga to‘g‘ri kelgandi. Biroq bu xarajat to‘la-to‘kis o‘zini oqlagani rost. Buffon «keksa senyora» bilan 9 karra Italiya chempioni, 4 karra Italiya kubogi g‘olibi va 5 karra Superkubok sohibi bo‘ldi. Italiya futbol assosiasiyasi uni 12 marta Italiyaning eng yaxshi darvozaboni deb topgan. Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federasiyasi – IFFHS talqini bo‘yicha Buffon 5 marta jahonda tengsiz posbon deya e’tirof etilgan.
2006 yili Jiji Buffon darvozabon Italiya termasi bilan Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Bu mundial finali asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etilgan va italyanlar penaltilar seriyasida fransuzlarni mag‘lub etgandi (5:3).
Buffondek afsonaviy darvozabon «Yuventus»dagi 17 yillik faoliyatida ikki narsaga erisha olmadi. Birinchisi Chempionlar ligasi kubogi bo‘lsa, ikkinchisi –sayyoraning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan «Oltin to‘p» sovrini.
2018 yil may oyida klub ishqibozlarini bir yangilik qayg‘uga soldi: ularning sevimli posboni klubni tark etmoqda edi. Buffon matbuot anjumani tashkil etib, o‘z qarorini e’lon qildi. Italiya chempionatida qola olmasligini ham aytdi. Iyun oyi oxirida esa uning «PSJ» bilan shartnoma imzolashi ma’lum bo‘ldi.
2. EDERSON, 40 million yevro («Benfika»dan «Manchester Siti»ga)
Edersonning futboldagi yo‘li Braziliyaning «San-Paulu» klubidan boshlangan. Biroq u ilk professional shartnomasini «Riberayyu» klubi bilan imzolagan. U Portugaliyaga kelishi bilanoq yuqori divizion vakillari e’tiborini torta boshladi. O‘z jamoasining asosiy posboniga aylanib, 30ta o‘yinda maydonga tushdi. 2012 yilda Ederson «Riu Ave» klubiga o‘tib, bu yerda 2015 yilgacha darvozabonlik qildi. O‘z iste’dodini namoyish qilayotgan Edersonni Lissabonning «Benfika» klubi o‘z safiga qo‘shib oldi.
Ederson asosiy darvozabon sifatida «Benfika»ning ikki marta Portugaliya chempionatida g‘olib chiqishiga yordam berdi. Iste’dodli darvozabon sifatida Yevropada nomi chiqqach, 2017 yil yozida uni «Manchester Siti» o‘z safiga chorladi. Transfer qiymati 40 million yevroni tashkil etdi – bu o‘sha vaqtdagi jahon rekordi edi. U Buffon tomonidan 2001 yilda o‘rnatilgan plankani ko‘tarib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgandi.
Keyinroq Ederson yana bir dunyo rekordini o‘rnatdi. U «Manchester Siti» mashg‘ulotlari vaqtida to‘pni darvozabon maydonchasidan 75,35 metrga uloqtirib, Ginnesning «Rekordlar kitobi»ga kirdi.
1. ALISSON, 72,5 milllion yevro («Roma»dan «Liverpul»ga)
Bekker Braziliyaning «Internasyonal» klubida tarbiya topdi hamda 2013-2016 yillar oralig‘ida professional shartnoma asosida o‘ynadi. Shundan so‘ng Italiyaning «Roma»siga o‘tib, 2017 yildan klubning asosiy posboniga aylandi. U rimliklar safida o‘tgan yili Italiya chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritdi. U Braziliya terma jamoasining asosiy darvozaboniga aylanib, JCH-2018da qatnashdi.
Alissonning Rimdan ketishi haqidagi mish-mishlar 2018 yil boshidan tarqala boshladi. O‘shandan buyon matbuot uni goh «Barselona», goh «PSJ», goh «Liverpul» klublari bilan bog‘lab xabarlar yoza boshlagandi. Iyul oyiga kelib hammasi oydinlashdi: «Liverpul» bu transfer uchun «Roma»ga 72,5 million yevro to‘laydi. Alisson yangi jamoaga o‘tishini «orzuning amalga oshishi» deb atadi.