«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik va sport direktori Deku jamoaning yosh futbolchilaridan biri borasida turlicha fikrda. Gap yozda «Bryugge» farm-klubidan kataloniyaliklar safiga qo‘shilgan Jesse Bisivu haqida ketmoqda.
El Nacional nashri Bisivu atrofidagi vaziyat haqida material e’lon qildi. Unda aytilishicha, Deku 18 yoshli futbolchida Lamin Yamalga o‘xshash tarzda rivojlanib, yaqin vaqt ichida asosiy jamoaga yaqinlasha oladigan iqtidorni ko‘rmoqda. Ammo Flikning bu boradagi fikri boshqacha.
«Flik futbolchini mashg‘ulotlarda ko‘rgach, bu kutilmalarni ancha sovutdi. Germaniyalik mutaxassisning fikricha, Bisivu hozircha asosiy jamoada muntazam o‘rin uchun raqobat qilish darajasiga yetmagan», — deyiladi materialda.
Flikning fikricha, 18 yoshli futbolchini asosiy tarkibga erta jalb qilish unga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Murabbiyning rejasiga ko‘ra, belgiyalik futbolchi avvalo yoshlar jamoasida o‘ynab, ispan futboliga moslashishi kerak.
«Flik, eng avvalo, Bisivu bo‘sh hududlar kam bo‘lgan vaziyatlarda qanday harakat qilishini ko‘rmoqchi. Unda tezlik va raqibni birga-bir vaziyatda ortda qoldirish qobiliyati bor. Ammo asosiy jamoada faqat raqibdan o‘tib ketishning o‘zi yetarli emas. U pressing, taktik fikrlash, jamoadoshlar bilan o‘zaro harakat va qaror qabul qilishni yaxshilashi kerak», — deb yozadi nashr.
Umuman olganda, Flik Bisivuga katta umidlar borligi uchungina asosiy jamoada o‘yin vaqti berish niyatida emas. «Barselona» Jessening salohiyatiga ishonadi, ammo u asosiy tarkibdagi o‘rnini avvalo rezerv jamoadagi o‘yini bilan isbotlashi kerak.













