«Liverpul» klubi bosh murabbiyi Yurgen Klopp yaqinda France Football nashriga intervyu berdi.
Fransiyalik jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida jahonning yetuk mutaxassislaridan biri turli mavzulardagi savollarga javob berarkan, VAR tizimi haqidagi fikrlarini ham o‘rtoqlashdi.
- Yurgen, ortda qolgan ta’til qanday o‘tdi?
- Ta’til davomida Germaniya, Ispaniya va Fransiyaga bordim. Darvoqe, faranglar o‘lkasidagi bir do‘stimning mo‘’jazgina Muan-Sartu shaharchasida uyi bor. U yerda vaqtimni maroqli o‘tkazdim.
- Jahon chempionatini ko‘rdingizmi?
- Albatta. Dastlab unchalik ko‘p o‘yinlarni ko‘rmadim, «pley-off»dan boshlab esa ko‘proq uchrashuvlarni kuzatdim. Germaniya, Angliya, Xorvatiya, Belgiya, Fransiya termalari ishtirokidagi bahslarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qildim. Ammo uzzukun televizor qarshisida o‘tirdim, deyolmayman.
- Bu galgi mundial sizga nimanidir o‘rgatdimi?
- (Kulib) Ushbu jahon chempionati taktika masalasida futbolga nimadir berdi, deb o‘ylamayman. Futbol maydonining o‘lchami o‘sha-o‘sha, futbolchilar soni ham 11 nafardan, muntazam ravishda nimanidir kashf etish imkonsiz. Germaniya termasi o‘yiniga yangilik kiritmoqchi bo‘lgandi, bu muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topdi.
Ayrim jihatlarni biz jahon chempionatigacha ko‘rgandik. Qaysi jamoada bugungi kunning eng yaxshi futbolchilari to‘p sursa, o‘shalar g‘olib bo‘ladi. Tabiiyki, bugun Fransiya termasi kuchli, shunga qaramay, Belgiya, Braziliya, Xorvatiya jamoalarini ham alohida ko‘rsatmoqchiman.
Germaniya ham ajoyib tarkibga ega edi, ammo psixologik muammolar turnirni ko‘ngildagidek o‘tkazishga to‘sqinlik qildi.
- Rossiyada o‘tgan jahon chempionati nimasi bilan yodda qoldi? O‘yinlarga ta’sirini o‘tkazgan VAR tizimi haqida nima deysiz?
- VAR to‘g‘risida gapirsam, usiz barchasi yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Chunki ayrim vaziyatlarni bu tizim yordamisiz aniqlash imkonsiz ekanligini ko‘rdik. Ushbu texnologiyani o‘tgan mavsum Bundesligada kuzatgandim. Dastlab murakkabdek tuyulsada, vaqt o‘tgani sari hammasi soddalashdi.
VAR bo‘lmaganda, jahon chempionligini boshqa jamoa qo‘lga kiritishi hech gap emasdi. Bu gapim Fransiya termasining kuchiga shubha bilan qarayotganimni bildirmaydi. Yangi tizim qo‘llanmaganda, finalda penalti belgilanmasdi. VARning futbol kerak-kerakmasligi xususida aniq javobim yo‘q.
Aytaylik, hakamda (argentinalik Nestor Pitana - FF) penalti belgilash uchun to‘liq asos bor edi, vaholanki, yangi texnologiyasiz vaziyatni noto‘g‘ri baholashi hech gap emasdi. Biroz avvalroq esa u Grizmannga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun jarima zarbasi belgiladi. Ushbu holat bo‘yicha ham ishqibozlar fikr bildirishdi:
«Kimdir hakamga qo‘pollik ishlatilmaganini tushuntirishi kerak». Fransuz jurnalistlariga o‘sha vaziyatda Grizmann aqlli ekanligini ko‘rsatganini aytaman. Boshqa millat vakillariga esa «U sho‘ng‘idi!» deyishim mumkin. Agar o‘sha vaziyat videotakrorda ko‘rilsa, jarima zarbasi bekor qilinib, Grizmannga sariq kartochka ko‘rsatilishi kerak edi.
Bu ham ko‘p narsani o‘zgartiradi. O‘ylashimcha, ushbu mavzuga nuqta qo‘yish lozim! Futbol bahsi xatolardan iborat. Bu tabiiy holatga moslashish darkor.
- Shakirini ham qo‘shib hisoblasak, mundialda «Liverpul»ning to‘qqiz nafar futbolchisi qatnashdi va klub ixtiyoriga har xil vaqtda qaytishdi. Bunday sharoitda tayyorgarlik qanday kechdi?
- Futbolchilarga «Pul olyapsizmi, demak klubga darhol qaytib, mashg‘ulotlarni boshlashingiz kerak», deyish oson. Ammo o‘yinchilarning hordiq chiqargan holda, yaxshi formada kelishlarini ta’minlash ham mening vazifalarimdan biri.
Ular kamida uch hafta dam olish huquqiga ega edilar. Men esa shogirdlarimning sog‘lig‘i, jismoniy tayyor holda bo‘lishlari haqida o‘ylashim kerak.
- Bu galgi mavsumoldi jarayoni avvalgilaridan farqlandimi?
- Biz jamoa sifatida o‘sishda davom etyapmiz. O‘tgan mavsumni fantastik tarzda o‘tkazdik, vaholanki, Chempionlar Ligasi finalida biz xohlagan natija qayd etilmagan bo‘lsada.
Ko‘pchilik hal qiluvchi o‘yingacha yetib borishimizni kutmagandi, biroq voqealar rivoji finalda o‘ynashga munosibligimizni ko‘rsatdi.
- Afsuslanmadingizmi?
- Salohning jarohati barchasini keskin o‘zgartirib yuborganini hamma ko‘rdi. Ammo bu sabablarning bittasi, xolos. Hozir tarixni qaytadan yozmaymiz, ammo avvalgi mavsumning so‘nggi ikki oyida ixtiyorimda bor-yo‘g‘i 12 nafar sog‘lom o‘yinchi qolgandi.
APLda oxirgi pallagacha YECHL yo‘llanmasini beradigan to‘rtinchi pog‘ona uchun «Chelsi» bilan kurashishimizga to‘g‘ri keldi. Hamma o‘yinlar og‘ir o‘tdi. Ammo afsuslanishga sabab ko‘rmayapman. To‘g‘ri, maqsadimiz Chempionlar Ligasi finalida g‘olib chiqish edi. Ammo o‘z navbatida, biz bu yutuqqa qanday erishmoqchiligimizni ham ko‘rsatmoqchi bo‘lgandik.
Shu tariqa taktikamiz o‘zini oqlayotgani, samara keltirayotganiga amin bo‘lmoqchiydik. Ushbu masalada to‘liq qoniqish hosil qildim. Bundan tashqari, finalda Serxio Ramosning qanday o‘ynaganini barcha ko‘rdi. Qolaversa, Kariusning holatini ham unutmaslik darkor.
Ishoning, bu tabiiy holat emas: darvozabonimiz rostdan ham boshidan jarohat olgandi. Biz murojaat etgan hamma mutaxassislar Lorisning lat yeyishi uning harakatlariga ta’sir o‘tkazganini tasdiqlashdi. Bunday o‘yinlarda esa yuz foiz tayyor bo‘lish talab etiladi.
- Futboldagi falsafangiz nimaga asoslangan?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.