Kirish Ro'yxatdan o'tish

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xitoyning “PRES-JOG” brendi bilan shartnoma imzoladi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xitoyning “PRES-JOG” brendi bilan shartnoma imzoladi

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT
Rukn: Yangiliklar

Xabaringiz bor, bir necha kun oldin Indoneziyada XVIII Osiyo o‘yinlari nihoyasiga yetdi. O‘zbekiston sporti tarixiga zarhal xarflar bilan yozilgan ushbu musobaqada delegasiyamiz a’zolari “PRES-JOG” brendi tomonidan taqdim etilgan ekipirovkalarda ishtirok etdi.

Bugun, 10 sentyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida katta tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Xitoyning “QIERTE Co.Ltd” kompaniyasi (“PRES-JOG” brendi) bilan 2018-2022 yillar uchun homiylik va hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Bosh kotib Jasur Matchanov, Xorijiy davlatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Xitoy Xalq Uyushmasi Bosh direktori Li Xinyu va «QIERTE Co. Ltd» («PRES-JOG» brendi) boshqaruv raisi Lin Yukilar ishtirok etishdi.

Marosim avvalida hamkorlik bo‘yicha Xitoyda o‘tkazilgan maxsus tadbirdan videorolik namoyish etildi. So‘ngra tantanali marosimni ochib berish uchun so‘zga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov chiqdi.

«Yaqinda Indoneziyada XVIII Osiyo o‘yinlari yakunlandi. Musobaqa O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli kechdi. Unda sportchilarimiz medallar sifati bo‘yicha ham, medallar jamg‘arish bo‘yicha ham rekord o‘rnatib, Osiyo o‘yinlari tarixida mamlakatimiz uchun eng yaxshi natijani qayd etishdi. Mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston sport delegasiyasi aynan «PRES-JOG» brendi tomonidan taqdim etilgan ekipirovkalardan foydalandi. Yangi liboslar sportchilarimiz uchun omadli keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mana bugun rasmiy shartnoma imzolash arafasida turibmiz. Kompaniya bilan o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan mamnunmiz. Xitoylik hamkorlarimiz tomonidan hozircha Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlari va Argentinadagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari uchun 450 dona komplekt sport ekipirovkalari homiylik asosida taqdim etildi. Bunaqasi O‘zbekiston uchun Osiyo o‘yinlari tarixida ilk marotaba bo‘ldi. Qolaversa, kompaniya tomonidan yengil atletika, futbol, karate, kurash, sport gimnastikasi, trampolin, og‘ir atletika, stol tennisi va gandbol sport turlari uchun ham maxsus sport liboslari tayyorlab berildi. O‘ylaymizki, ushbu kelishuv har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ldi. Umid qilamizki, sportchilarimiz yangi marralarni aynan «PRES-JOG» liboslari bilan birgalikda zabt etadilar», – dedi MOQ rahbari.

Shundan so‘ng Xorijiy davlatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Xitoy Xalq Uyushmasi Bosh direktori Li Xinyu so‘zga chiqib, ushbu hamkorlik nafaqat sport, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish yo‘lida ahamiyatli ekanligi haqida gapirib o‘tdi.

«Bugun PRES-JOG uchun o‘zgacha kun hisoblanadi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va Futbol assosiasiyasi bilan strategik sheriklik qilish bo‘yicha shartnoma imzolanadi. «QIERTE Co. LTD» kompaniyasi nomidan «PRES-JOG» ga bo‘lgan ishonchingiz uchun tabrigim va minnatdorchiligimni izhor etishni istayman. Ushbu hamkorlik “PRES-JOG” uchun o‘ziga yarasha yo‘l ochadi. Sport yordamida biz do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantiramiz va umid qilamizki bu Xitoy bilan o‘zaro do‘stlik rishtalarini kuchaytirish va «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasini amalga oshirishga o‘ziga xos ko‘prik bo‘ladi. «, – dedi Xinyu honim.

Keyin esa tomonlar shartnomaga imzo chekishdi.

So‘ngra “QIERTE Co.Ltd” kompaniyasi boshqaruv raisi Lin Yuki so‘zga chiqdi.

«Mehmondo‘st Toshkent shahrida ekanligimizdan xursandmiz. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi kuchli sport derjavasi hisoblanadi. Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ko‘plab o‘zbekistonlik sportchilar o‘z nomlarini sport tarixiga yozib qo‘yganlar. 2018-2022 yillar davomida tomonlar Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari, Tokiodagi yozgi Olimpiya o‘yinlari, Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari, Hangchjoudagi Osiyo o‘yinlari va boshqa bir qator yirik musobaqalarda hamkorlik qiladilar. O‘zbekiston Buyuk Ipak Yo‘li mamlakati hisoblanadi va Xitoy bilan azaldan yaqin aloqalarga ega. Ushbu hamkorlik nafaqat homiylik, shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasini amalga oshirishda «QIERTE Co LTD» kompaniyasining navbatdagi qadami hisoblanadi. Yana bir marotaba O‘zbekistonni Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasi bilan tabriklayman. Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekistonga eng yaxshi natijalarni tilayman. MOQ rahbari va sportchilarni Xitoyga taklif etamiz», – dedi Lin Yuki.

Tadbir yakunida “QIERTE Co.Ltd” kompaniyasi O‘zbekistonning mashhur sportchilari, og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya va Osiyo o‘yinlari chempioni Ruslan Nurutdinovga, shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida qatnashish bo‘yicha rekordchi Oksana Chusovitinaga 5 000 AQSH dollari miqdoridagi chekni topshirishdi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 18:40, 10.09.2018.
O'qildi: 2436 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.