O‘zbekistonlik himoyachi Behruz Karimov to‘p tepayotgan «Lugano» UYEFA Konferensiyalar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi. Shveysariya klubi pley-off javob uchrashuvida «Makkabi Tel-Aviv» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, ikki bahs natijasiga ko‘ra 3:2 hisobida ustun keldi.
Batumida o‘tkazilgan javob uchrashuvida hisob 69-daqiqada ochildi. Dor Peres penaltini aniq amalga oshirib, «Makkabi»ni oldinga olib chiqdi. Biroq 79-daqiqada Derek Monkada «Lugano»ning javob golini urdi.
Shveysariya klubi 58-daqiqadan boshlab o‘n kishi bo‘lib harakat qildi — Mattia Dzanotti qizil kartochka oldi. Shunga qaramay, Mattia Krochi-Torti jamoasi o‘ziga kerakli natijani saqlab qoldi.
Behruz Karimov 82-daqiqada Renato Shteffen o‘rniga maydonga tushdi va hal qiluvchi daqiqalarda jamoasiga yordam berdi. Bu uning yangi jamoasidagi debyuti edi. Shu tariqa, 19 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi «Lugano» bilan Yevropa yevrokuboklarining asosiy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bir hafta avval Shveysariyada o‘tgan dastlabki uchrashuv «Lugano»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. O‘sha bahsda Kevin Berens va Anto Grgich mezbonlar, Ido Shahar esa «Makkabi» uchun gol urgan.
Karimov «Lugano» safiga avgust oyida «Surxon»dan to‘liq transfer asosida o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Shveysariya klubi bilan 2031 yil 30 iyunga qadar mo‘ljallangan besh yillik shartnoma imzolagan. «Lugano» uning Yevropa futbolidagi ilk klubi hisoblanadi.













