Madridning "Atletiko" klubi hujumchisi Xulian Alvares "Arsenal"ga transfer taklifi ortidan klub rahbariyati bilan mojaroga borgani xabar qilinmoqda. Bu haqda Radio Gol ma’lum qildi.
Manba da’vo qilishicha, "Atletiko" bosh direktori Migel Anxel Xil Marin argentinalik forvarddan Angliya klubiga o‘tishga rozi bo‘lishni talab qilgan. Bunda futbolchining viza masalalari va oilasini Buyuk Britaniyaga ko‘chirish bilan bog‘liq qiyinchiliklari ham inobatga olinmagani aytilmoqda.
Xabarga ko‘ra, Xil Marin Alvares transferga rozi bo‘lmasa, u o‘yin amaliyotidan mahrum qilinishi mumkinligini bildirgan. Klub rahbariyati hatto bosh murabbiy Diyego Simeonening qarorlariga qarshi chiqishga va futbolchini uy uchrashuvlari qaydnomasiga kiritib, uni muxlislar noroziligiga duchor qilishga tayyor ekani da’vo qilinmoqda.
Materialda aytilishicha, mojaro vaqtida Alvares kuchli xavotir holatini boshdan kechirgan va yig‘lab yuborgan. Rahbariyat bilan tortishuvdan so‘ng futbolchi klub ofisini tark etgan.
Alvaresning atrofidagilar esa klub tomonidan psixologik bosim o‘tkazilayotganini asos qilib, shartnomani bekor qilish masalasida FIFAga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.













