Ikki hafta oldin milliy jamoamiz yangi bosh murabbiy Ektor Kuper boshchiligida navbatdagi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdi. 22 avgustdan boshlangan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida 30 nafar futbolchi ishtirok etdi.
Suriya va Eronga qarshi bahslarda shulardan 24 nafari maydonga tushirildi. Jarohat sabab Aziz Haydarov yig‘inni erta yakunlagandi. Ikki darvozabon - Murodjon Zuhurov va Sanjar Quvvatov, himoyachilar Murod Xolmuhammedov, Shuhrat Muhammadiyev, yarim himoyachi Shohruh Gadoyev mashg‘ulotlar bilan cheklanishdi.
Argentinalik mutaxassisning debyuti durang bilan boshlandi. Suriya terma jamoasiga qarshi bahsda 1:1 hisobi qayd etildi. Ikkinchi uchrashuvda esa Eron termasiga 0:1 hisobida imkoniyat boy berildi. Mazkur ikki o‘yin, tarkiblar va yana ba’zi holatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarga yuzlanamiz.
ERONNI TOSHKENTDA MAG‘LUB ETISH...
2011 yildan Eron termasiga taniqli portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush bosh murabbiy bo‘lganidan keyingi davrda mamlakatimiz bosh jamoasi Toshkentda bu jamoa bilan 4 marta to‘qnash keldi. Alamlisi, har 4 o‘yinda eronliklar bir xil - 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Keyrush Eronga kelguniga qadar 2009 yilda ham poytaxtimizda yana bir o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgandi.
O‘sha bahsda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi termamiz Ali Dayi ustozligidagi jamoa bilan nursiz durang qayd etgandi. Umumiy statistikaga yuzlanadigan bo‘lsak, Eron termasiga qarshi o‘tkazilgan 10 o‘yinda hisobimizda 1 g‘alaba, 1 durang va 8 mag‘lubiyat mavjud. To‘plar nisbati - 2:13.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Milliy jamoamizning o‘z maydonidagi uchrashuvlarida «devor»lar ham yordam bera olmaydigan yagona raqibi Eronmi? Jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarni tahlil etganimizda, qit’a yetakchilariga qarshi bahslarda muammolar yetarlicha ekan.
Erondan tashqari, Janubiy Koreya termasiga qarshi Toshkentda o‘tgan 4 o‘yinda 3 durang va 1 mag‘lubiyat, BAAga qarshi 4 o‘yinda 1 durang va 3 mag‘lubiyat, Yaponiya bilan 3 o‘yinda 2 durang va 1 mag‘lubiyat jamoamizning noxush statistikasi bo‘lib turibdi.
Umumiy uchrashuvlar statistikasi bo‘yicha Janubiy Koreyani 14 o‘yindan beri mag‘lub eta olmayapmiz. Jamoamiz tarixidagi yagona yutuq uzoq 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim finalida qayd etilgan. Bu g‘alaba qozona olmaslik borasida eng uzoq seriyamiz bo‘lib turibdi.
ERON TERMA JAMOASIGA QARSHI O‘YINLAR
Sana O‘yin maqomi Uchrashuv Hisob
11.09.2018 O‘rtoqlik O‘ZBEKISTON - Eron 0:1
19.05.2018 O‘rtoqlik Eron - O‘ZBEKISTON 1:0
12.06.2017 JCH saralashi Eron - O‘ZBEKISTON 2:0
06.10.2016 JCH saralashi O‘ZBEKISTON - Eron 0:1
11.06.2015 O‘rtoqlik O‘ZBEKISTON - Eron 0:1
14.11.2012 JCH saralashi Eron - O‘ZBEKISTON 0:1
03.06.2012 JCH saralashi O‘ZBEKISTON - Eron 0:1
05.09.2009 O‘rtoqlik O‘ZBEKISTON - Eron 0:0
11.07.2007 Osiyo kubogi Eron - O‘ZBEKISTON 2:1
14.12.1998 Osiyo o‘yinlari Eron - O‘ZBEKISTON 4:0
G‘ALABASIZ SERIYA 10 O‘YINGA YETDI
Ming afsuski, termamizning so‘nggi yillardagi natijalari pasayib bormoqda. Kuper jamoani qabul qilgunga qadar vakillarimiz g‘alaba qozona olmaslik borasidagi seriyani yangilab bo‘lishgandi.
Ortga nazar tashlasak, bungacha milliy jamoamizning uzoq g‘alaba qozona olmagan davri 2008 yilda qayd etilgandi. O‘shanda termamiz ketma-ket 7 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmagan. Bu galgisi, ko‘rib turganingizdek, 10 o‘yinga yetdi.
TERMA JAMOAMIZNING G‘ALABASIZ SERIYASI
Sana Hisob Qayerda Raqib
12.06.2017 0:2 Mehmon Eron
31.08.2017 0:1 Mehmon Xitoy
05.09.2017 0:0 Uy J.Koreya
14.11.2017 0:1 Mehmon BAA
23.03.2018 1:1 Mehmon Senegal
27.03.2018 0:2 Mehmon Marokash
19.05.2018 0:1 Mehmon Eron
08.06.2018 0:3 Mehmon Urugvay
06.09.2018 1:1 Uy Suriya
11.09.2018 0:1 Uy Eron
O‘RTACHA YOSH BORASIDA YANA «ULG‘AYDIK»...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.