Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Sanjar Barotov: «Dinamo»ning «Andijon»ga qarshi o‘yinlari Superliga yo‘llanmasi uchun imkoniyat»

Sanjar Barotov: «Dinamo»ning «Andijon»ga qarshi o‘yinlari Superliga yo‘llanmasi uchun imkoniyat»

Baho:
+ | -

“Dinamo” hujumchisi Sanjar Barotov Pro-Liga doirasidagi ushbu turda Nukusda “Orol” jamoasi darvozasiga ikkita gol urib, Superligaga chiqish uchun kurash olib borayotgan Samarqand klubining muhim g‘alabasini ta’minladi. Gollar sonini 8 taga yetkazgan hujumchi Pro-Liga “A” guruhi to‘purarligi uchun ham kurashmoqda. Kuni kecha Pro-Ligadagi hafta qahramoni bilan suhbatlashdik.

- Sanjar, “dubl” bilan tabriklaymiz. “Orol” Nukusdagi o‘yinlarda “Sho‘rtan”ni mag‘lub etgan, “Andijon”, “Istiqlol” klublari bilan esa durang qayd etgandi. “Orol” autsayderlar safida bo‘lsada, o‘z maydonida osonlik bilan taslim bo‘lmaydi...

- Tabrik uchun rahmat. Chindanam, “Orol”ni Nukusda mag‘lub etish juda qiyin. Sababi, bu yerdagi stadion maydoni tabiiy chim emas, sun’iy qoplama ekanligi jamoalarga qiyinchilik tug‘diradi. Biz ham “Orol”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida bu maydonga moslasha olmadik. Ikkinchi bo‘lim oldidan esa murabbiyimiz Davron aka Fayziyev hujumkor to‘p surishimizni aytib, to‘liq hujumda o‘ynaydim. Dastlab Pavel Purishkinning jarima zarbasidan keyin hisobni ochgan bo‘lsam, ko‘p o‘tmay Ilhom aka Yunusov va Mirkomil Lokayevning kombinasiyasidan keyin “dubl”ga erishdim. Bu g‘alaba biz uchun juda muhim edi.

- “Dinamo” safiga davralar oralig‘ida qo‘shildingiz. Yangi jamoaga moslashish jarayoni qiyin kechmadimi?

- Yo‘q, “Dinamo” safidagi ko‘pchilik futbolchilarni yaxshi taniganim uchun tezda moslashdim deya olaman. Xususan, Ilhom aka Yunusov bilan avval “Nasaf”da birga o‘ynaganmiz. Yig‘indayoq gollar urib, bu jamoaga o‘tib adashmaganimni his qilgandim.

- “Norin”da ham yaxshi o‘yin namoyish etgan edingiz. Haqqulobod klubidan ketishingizga nima sabab bo‘ldi?

- Eng avvalo Namangandan Surxondaryoga qatnash, yo‘l ancha uzoqlik qildi. Shuningdek, moliyaviy jihatdan ham kichik muammo bo‘lgandi. Qolaversa, bu klub rahbariyati bilan kelishuvimizda, agar yaxshiroq taklif tushsa, boshqa jamoaga qo‘yib yuboramiz deyishgandi.

- Oldingizda yana qanday takliflar bor edi?

- Muborakning “Mash’al” jamoasi chaqirgach, jamoa yig‘inida ishtirok etdim. Ammo, “Dinamo”dan ham bosh murabbiy Davron Fayziyev taklif bilan chiqqandilar, qolaversa, men yaxshi bilan Akmal Xolmurodov va boshqa futbolchilar ham Samarqandga chorlaganlaridan keyin “Dinamo”ga ko‘proq yordamim tegishi mumkinligini o‘ylab shartnoma imzoladim. Bundan juda xursandman.

- “Dinamo” 3-davrani ketma-ket 4 ta g‘alaba bilan boshlab, kutilmaganda muxlislar qarshisida “Sho‘rtan”ga mag‘lub bo‘lganini qanday izohlaysiz?

- Fikrimcha, bizni yo‘l ham charchatgandi. Sababi, 4 sentyabr kuni Samarqanddan Termizga kelib, “Surxon” bilan durang o‘ynab qaytgan bo‘lsak, 7-8 sentyabr kunlari Tojikistonga borib, “Xo‘jand” bilan o‘ynab keldik. 12 sentyabrda “Sho‘rtan” bilan o‘yinda charchoq alomatlari sezildi, menimcha, har qancha urinmaylik, kutilmaganda mag‘lub bo‘ldik.

- Hozirgacha eng qiyin o‘yin qaysi bo‘ldi, sizningcha?

- Samarqandda “Sho‘rtan”ga qarshi o‘yinimizni ko‘rsatgan bo‘lardim. 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik, omad raqib tomonda edi.

- Pro-Liga yakunlanishiga 10 tur qoldi. 5-o‘rindagi “Dinamo” peshqadam “Andijon”dan 10 ochko ortda qolmoqda. “Dinamo”ning Superligaga chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Yaxshi imkoniyatimiz bor deb o‘ylayman. E’tibor bering, “Andijon” ham, “Surxon” ham, “Mash’al”, “Istiqlol” ham bir tekis o‘ynay olmayapti. Masalan, “Norin” ham Andijondan durang bilan qayta oldi. Ya’ni, istalgan bahsda kutilmagan natija bo‘lib qolishi mumkin. Bosh murabbiyimiz ham, muxlislarimiz ham bizdan faqat va faqat 1-o‘rin bilan Superligaga chiqishimizni istashmoqda. 2-3-o‘rinni olganlarda ham “pley-off” orqali Superligaga chiqish imkoniyati bo‘lsada, biz ham boshqalar qatori 1-o‘rin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun kurashamiz. Buni har kuni bosh murabbiyimiz bizga uqtirib kelmoqdalar.

- Kelasi ikki turda esa “Dinamo”ni “Andijon”ga qarshi uyda va safarda ketma-ket ikkita o‘yin kutib turibdi. So‘nggi to‘rta turda “Andijon”ning g‘alaba qozona olmayotgani bu o‘yinga ham ta’sir qilishi mumkinmi?

- Yo‘q, bu bizga ta’sir qilmaydi, har qanday holatda ham “Andijon” 1-o‘rinda borayotgan peshqadam jamoa. Bizdan yuqorida bo‘lgan jamoani mag‘lub etish ishtiyoqi yanada baland bo‘ladi. “Andijon” ham duranglardan keyin Samarqandga faqat g‘alabani ko‘zlab kelishi aniq. Mashg‘ulotlarda jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, muxlislarimiz ham bizni faol qo‘llab-quvvatlab tursalar, nasib qilsa bu o‘yinlarda 3 ochko emas, 6 ochko uchun kurashamiz. “Andijon” bilan o‘yinlar “Dinamo” uchun yuqoriga chiqish uchun yaxshi imkoniyat. G‘alabaga erisha olsak, Superliga yo‘llanmasi uchun yaxshi imkoniyat hosil qilamiz. To‘g‘risi, faqat muxlislar yoki klub emas, biz futbolchilar Superligaga chiqishni o‘zimiz ham juda istayapmiz va buning uchun oxirigacha kurash olib boramiz.

Usmon Ibodo suhbatlashdi.

Manba: www.fcdinamo.uz
Kiritildi: 11:56, 26.09.2018.
O'qildi: 2679 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.