2018 yil – o‘zbek futboli uchun ulkan islohotlar yili sifatida futbolimiz tarixidan o‘rin olmoqda.
Zero joriy yilgi mavsum boshidan milliy chempionatimiz saviyasini oshirish, klublarning infratuzilmasini yaxshilash, chempionat o‘tkazilish tartibini o‘zgartirish orqali uning qiziqarli va tomoshabop ko‘rinish olishini ta’minlash hamda muxlislarning stadionga tashrifini ko‘paytirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirila boshlandi. O‘yinlarning o‘tkazilishi borasidagi tashkiliy masalalar, chempionat uchrashuvlarining TV orqali keng hajmda namoyish etilishi borasida oldinga ulkan qadamlar tashlandi.
Ayniqsa, oldingi yillardan farqli ravishda ishqibozlarning Superliga uchrashuvlarini bevosita stadionning o‘zidan tomosha qilishga bo‘lgan qiziqishini orttirish maqsadida stadionlarimizda turli o‘yinoldi tadbirlar, konsert dasturlari, turli lotoreyalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etildi. Ramazon oyida bepul iftorliklar uyushtirildi. Bundan tashqari uchrashuvlarning muxlislar uchun qulay vaqtda bo‘lib o‘tishini ta’minlash maqsadida – o‘yinlar soat 18:00dan so‘ng o‘tkazila boshlandi.
Bularning barchasi – Professional Futbol Ligasi o‘z oldiga qo‘ygan eng ulkan maqsadlardan biri – xalqimizning milliy futbolimizga, ichki chempionatimizga bo‘lgan qiziqishini orttirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda.
Endilikda PFL yurtimizga kuz fasli kirib kelib, havoning soviy boshlagani va o‘yinlarning odatdagidek kech soat 19:00 yoki 20:00da start olishi muxlislar uchun noqulaylik keltirib chiqarishini inobatga olgan holda Superliganing hamda kubok bahslari o‘yinlarini biroz ertaroq vaqtda o‘tkazishga qaror qildi. O‘yinlarning ertaroq start olishi ishqibozlarning salqin havoda kech tushmasdan o‘z sevimli jamoalari o‘yinini bevosita stadiondan kuzatishlariga imkon yaratib berish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Aziz futbolimiz jamoatchiligi vakillari, so‘nggi vaqtlarda milliy futbolimiz saviyasini va dovrug‘ini ko‘tarish maqsadida O‘FA hamda PFL tomonidan ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozir qilinayotgan islohotlar yaqin yillarda albatta o‘z “meva”sini beradi. Agar OAV, mutaxassis-u muxlislar – barcha bir maqsad yo‘lida birlasha olsak va bir-birmizni qo‘llab-quvvatlasak, albatta yaqin vaqt ichida ko‘zlangan maqsadlarga erisha olamiz.
Ilgari ma’lum qilganimizdek, muxlislar tomonidan beriladigan takliflar ham o‘rganib chiqilmoqda. Ular o‘zlarining fikr-mulohazalari yozilgan maktublarni bemalol info@pfl.uz pochta manziliga jo‘natishlari mumkin. Milliy chempionatimiz saviyasini oshirish yo‘lida Professional Futbol Ligasi ishqibozlarimiz talab va istaklarini ham albatta inobatga oladi.