Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/06 20:00 Dinamo 0-1 Olimpik
14/06 23:59 Germaniya - Shotlandiya
15/06 18:00 Vengriya - Shveysariya
15/06 21:00 Ispaniya - Xorvatiya
15/06 23:59 Italiya - Albaniya

Buyuklikning besh juft belgisi yoki Bastian Shvaynshtayger haqida...

Buyuklikning besh juft belgisi yoki Bastian Shvaynshtayger haqida...

Baho:
+ | -

Bastian Shvaynshtayger Myunxenga qaytdi va o‘zining xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Fantastik anshlag ostidagi ehtirosli bellashuvlarga ko‘nikib qolgan «Alyans Arena» nemis futbolchisi muxlislarini sig‘dira olmay, tang ahvolga tushib qoldi. Qiziq, Shvaynshtayger buyukligining siri nimada? Bundan 3 yil avval «Bavariya»ni tashlab ketgan «xoin» qaysi fazilatlari evaziga shahzodalardek kutib olindi?

1. Shvayni - futbol ma’budi

Bastianning futbol olamidagi o‘zgarmas laqabi so‘zma-so‘z o‘girganda «ma’bud» (daho) ma’nosini anglatadi. Myunxen grandi safidagi 15 yillik faoliyati davomida bu atama unga shunchalik «yopishib» oldiki, hatto manchesterlik muxlislar ham muloqotda shunday murojaat qilishardi. Vaholanki, Shvayni «MYU»da juda oz maydonga tushardi. «Bavariya» ishqibozlarining yarim himoyachiga bu yuksak hurmati bejiz emasdi. 2002 yilda Basti «Shtutgart» maydonida «Bavariya»ning amaldagi bosh murabbiyi - Niko Kovach o‘rnini egallab, hammasi bo‘lib Bundesligada 342 marta maydonga tushdi, 45ta gol va 70ta samarali uzatmani amalga oshirdi.

2. Shvaynshtaygerning buyuk do‘stlari bor

Buning ajablanarli yeri yo‘q - buyuklarning do‘stlari ham buyuk bo‘lishadi. Futbolchining bolalik paytidan beri eng yaqin do‘sti - tog‘ chang‘ichisi Feliks Noyroyter. Aynan shu sportchini nemis telekanali Bastining so‘nggi uchrashuvini sharhlashga taklif etdi. Velopoygachi Niko Rosberg, basketbolchi Dirk Noviski va aktyor Til Shvaygerlar ham uning qadrdonlari. Ularni Shvaynshtayger uyida tez-tez uchratish mumkin. Aytgancha, Angela Merkel va Frank-Valter Shtaynmayer ham futbolchining ashaddiy muxlislari sirasidan.

3. Bastining rafiqasi - Ana Ivanovich

Qariyb barcha futbolchilar umr yo‘ldoshi tanlashda asosiy ixtisosi futbolchining rafiqasi bo‘lgan ayollarni izlashadi. Shvayni esa 2016 yilda serbiyalik tennis yulduzi Ana Ivanovich bilan nikohdan o‘tdi. Venesiyada bo‘lib o‘tgan to‘y marosimiga juftlik taniqli shaxslarni taklif etdi va katta sport bilan xayrlashdi. Hozir baxtiyor oilani Chikago markazidagi qahvaxonada uchratish mumkin, futbol maydoni yoki kortda emas. Xabarlarga ko‘ra, Ana Bastini nemis modeli Sara Brandnerdan «tortib olgan». Futbolchi bu masalada ham nozik did sohibi ekanligini namoyish etdi.

4. Bastian boshqa sport turlarini ham yaxshi ko‘radi

Agar Shvaynshtayger futbolni tanlamaganida, qaysidir boshqa sportda albatta, shuhrat qozongan bo‘lardi. Uning otasi aynan sport buyumlari do‘konining sohibi va chang‘i poygalarining ashaddiy muxlisi edi. «Bavariya»ning bo‘lajak afsonasi bolalik paytida futbolni xayoliga ham keltirmagan, oppoq cho‘qqilarni zabt etishni orzu qilardi. Shuningdek, u basketbolni ham yaxshi ko‘rardi. Uni hozir ham Germaniya va AQSH parketlaridagi murosasiz bellashuvlarda ko‘rish mumkin. Bu manzaraga guvoh bo‘lganlar Shvayni basketbolni futboldan ustun ko‘radi, degan fikrga borishlari aniq.

5. Shkaf to‘la sovrinlar

Bastiannning «Bavariya»dagi so‘nggi uchrashuvi sharafiga klub muzeyidan u o‘z jamoasi bilan qo‘lga kiritgan barcha sovrinlar «Alyans Arena»ga olib kelindi. YECHL kubogi, 8ta kumush tovoq, 7ta Germaniya kubogi, 2ta Germaniya superkubogi, UYEFA superkubogi. Eng nufuzli sovrin - JCH-2014 kubogi va Angliya kubogiga joy yetmay qoldi.

6. Shvaynshtayger - barqarorlik timsoli

Oxirgi 4 yil davomida Basti avvalgiga qaraganda kamroq maydonga tushdi. Ammo uning jamoadagi o‘rni o‘zgarmadi - sheriklari uchun Basti barqarorlik manbai edi. Bu e’tirof «Bavariya» uchun ham, bundestim uchun ham birdek tegishli. Oqsoqlanib yurgan paytida ham Shvayni o‘rtoqlarini ilhomlantirib, ularga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlardi. Oqibatda jamoa eng kuchli raqibdan hayiqmay, so‘nggi soniyalargacha mardonavor jang qilardi. Qisqasi, Basti jamoaning yuragi edi - usiz Myunxen grandi ham, terma jamoa ham o‘zini ojiz sezardi.

7. Shvayni - ajoyib, yoqimtoy inson

Sport olamida o‘z vazifasini a’lo darajada uddalay oladigan, ammo hayotda o‘ta qo‘pol, takabbur yoki bema’ni tabiati bilan ajralib turadigan, hatto o‘z fikrini bayon eta olmaydigan kishilar juda ko‘p. Xayriyatki, Bastian bu toifadan emas. U bilan muloqot qilish kasbdoshlarimiz uchun oltinga teng - Bastidan faqat qiziqarli hikoyalarni eshitasiz. Shuningdek, u o‘ychanlikni ham o‘rniga qo‘yadi, sadoqatli muxlislarini qadrlaydi. Masalan, «MYU»ga o‘tganidan keyin eski raqamidagi futbolkalarini xarid qilgan muxlislariga dastxati tushirilgan liboslarni jo‘natish uchun vaqt topa oldi. Adolatsizlikka chiday olmay o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan hakam Babak Rafatiga yo‘llagan taskin maktubini esa chinakam insoniy fazilat sifatida e’tirof etish o‘rinli.

8. Bastian doimo bir qadam oldinda

Aslida, nemislar o‘ta yuksak did bobida maqtana olishmaydi. Tomas Myullerning «ajoyib» obrazlarini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Lekin Shvaynshtaygerning tuprog‘i o‘zga joydan olingan. Ochig‘i, Basti o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan hech qachon maqtana olmagan. Biroq kiyinishi va jentlmenga xos yurish-turishiga gap yo‘q! Vaqti-vaqti bilan uning rafiqasi hamrohligida Chikagoda sayr qilib yurgani tarmoqlarda e’tiborni tortadi. Ha, Hugo Boss terma jamoaning kiyinishiga samarali ta’sir ko‘rsatgani aniq.

9. Oila istagi - Shvayni uchun qonun

Shvaynshtaygerlar oilasi hech qachon jamoatchilikdan chetda bo‘lishga intilgan emas. Ayniqsa, futbolchi o‘z akasi bilan bitta jamoada to‘p sursa. Basti va Tobias Shvaynshtaygerlar xuddi ikki tomchi suvdek o‘xshashlar. U oilada kuchli ta’sirga ega bo‘lib, kichiklarni himoya qilardi. Jumladan, Bastianni tanqidchilarga topshirib qo‘ymaydi. Aytishlaricha, Shvaynining Manchesterga o‘tishini ham Tobias uyushtirgan. Keyinchalik futbolchi akasi «MYU»ning ashaddiy muxlisi ekanligini tan oldi. Shartnoma imzolangach, aka-uka maydon sifatini nazoratdan o‘tkazish uchun «Old Trafford»ga yo‘l olishdi. Qizil tribunalar qarshisida olingan fotosuratlar Tobias orzusining ro‘yobga chiqqanini isbotlab turardi.

10. Shvaynshtayger - Bundesliga yuzi

Hatto «Bavariya»ni ko‘rarga ko‘zi yo‘q bo‘lgan muxlislar ham aynan Shvaynini Germaniya chempionatini butun dunyoga munosib namoyish eta oladigan futbolchi sifatida tan oladilar. «Mening qalbim, butun borlig‘im «Bavariya»ga tegishli. Bor kuch-quvvatim va mahoratimni unga sarfladim» - bu jumlalar Basti va Bundesliga haqida. E’tirof jimjimador iboralardan xoli, qisqa va lo‘nda. Oddiy futbolchilikdan nemis futboli faxriga aylanish orqali u millionlar o‘yiniga befarq bo‘lgan vatandoshlarini ham to‘pli mo‘’jizaga oshno etdi. Ha, futbolning maftunkorligini Shvaynshtayger kabi fidoyilar ta’minlashadi!

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:29, 17.10.2018.
O'qildi: 2220 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.