Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Endi klub egasi…

Endi klub egasi…

Baho:
+ | -

Futbolchilik - umri qisqa kasb. Faoliyatini yakunlagan sportchilarni turli sohalarda uchratamiz. Hatto mamlakat prezidenti lavozimiga ko‘tarilganlari ham yo‘q emas. Ammo biz e’tiboringizga boshqa prezidentlar - klub sohiblari haqidagi hikoyani havola etamiz.

Ronaldo, «Valyadolid» (Ispaniya)

Tabiatan semizlikka moyil, har xil bazmu jamshidlar, maishatni xush ko‘radigan braziliyalik mashhur yulduz juda qisqa vaqt ichida sport formasini boy berib qo‘ydi. Kasbini murabbiylikka almashtirishni o‘ylab ham ko‘rmadi. Shunchaki, to‘plagan boyligini turli yo‘nalishlarga sarflay boshladi. Jumladan, u futbolchilar manfaatlarini himoya qiladigan agentlik, Braziliyadagi A1 halqa poygalari jamoasi, sport marketingi bilan shug‘ullanadigan kompaniya va AQSHning «Fort-Loderdeyl Straykers» klubiga sarmoyalar kiritdi. Bundan tashqari, mashhurligi evaziga turli teleshoularda qatnashdi, Braziliya mundiali tashkiliy qo‘mitasiga rahbarlik qildi. Shuningdek, TVda JCH-2014 uchrashuvlarini sharhladi (afsuski, mezbonlar uchun sharmandali yakun topgan Braziliya - Germaniya o‘yinini ham u sharhlagandi).

Endi Ronaldo futbol bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildi. Qishda u britaniyalik jurnalistlarga Angliya yoki Ispaniyaning 2-divizion jamoalaridan birini xarid qilish niyatini ma’lum qilgandi: «Qandaydir novatorlik ishlarini amalga oshirish istagidaman. Uni ro‘yobga chiqarishga endi tayyor bo‘ldim». Biznes nuqtai nazaridan Angliya manfaatliroq bo‘lsada, sobiq hujumchi 6 yillik qadrdoni - Ispaniyani tanladi. Avvaliga Ronaldo «Xetafe» va «Tenerife»ga og‘iz solgandi. Biroq bu reja amalga oshmadi. «Valyadolid» sohibi Karlos Suares esa 30 mln. yevroli taklifni qabul qildi. Kelishuvga bahorning so‘nggi kunlarida, jamoa Primero yo‘llanmasi uchun o‘tish bahslari o‘tkazayotgan paytda erishilgan, uning kuchga kirishi uchun «Valyadolid» elita yo‘llanmasiga ega bo‘lishi shart ekanligi ta’kidlangandi. Amalda jamoa vazifani uddaladi.

Yangi prezident jamoa muxlislariga balandparvoz va’dalar bermadi: «Maqsadga erishishimiz uchun yetarli imkoniyatlarga egamiz. Uni qisqacha shunday ifodalash mumkin: raqobatbardosh, halol, inqilobiy va to‘kin jamoa shakllantirish. Biz La Ligadan mustahkam joy olish va yuksalishni istaymiz».

Hozir jamoatchilik Ronaldo bilan yaqin aloqadagi yoki uning xususiy akademiyalarida tahsil olgan futbolchilarning «Valyadolid»ga oqimini kutmoqda, ularning saviyalari talab darajasida bo‘lishiga umid qilmoqda. Mashhur futbol afsonasi tasarrufiga o‘tgan jamoaning kelajagiga aniq bahoni eng oliy hakam - VAQT beradi. Lekin millionlab muxlislar qalbini rom etgan Ronaldo Yevropa top-chempionatlari vakiliga PREZIDENT bo‘lgan dastlabki futbolchi ekanligi fakt. U tufayli ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan kamtarin «Valyadolid» esa bu bilan faxrlansa arziydi! 

Devid Bekxem, «Inter Mayami» (AQSH)

Angliyalik yorqin yulduz esa 2007 yilda «Los-Anjeles Gelaksi»ga o‘tdi va futbol klubini tashkil etishga ruxsat olishga kirishdi. Bu masalada uning mashhurligi ish berib, 150 mln. dollar turadigan lisenziyani 25 «limon» evaziga qo‘lga kiritdi. Keyin anchagina yugur-yugurlar bilan 28 mln.ga stadion uchun yer sotib oldi. Inshoot 225 mln. mablag‘ evaziga qad rostlaydi. Bundan tashqari, akademiya uchun Beks yana 100 mln. ajratgan. Muhimi, uning klubi MLSda to‘p surish huquqiga ega va 2020 yilda startga chiqadi. Sentyabr oyida jamoa nomi - «Inter Mayami» rasman e’lon qilindi. Yaqinda esa Beks Zayniddin Zidanni bosh murabbiy lavozimiga taklif etdi. U 2021 yilda Lionel Messini ham o‘z shogirdlari safiga qo‘shib olmoqchi. 

Paolo Maldini, «Mayami» (AQSH)

«Milan»ning uzoq yillik afsonaviy sardori biznesmen vatandoshi Rikardo Silva bilan hamkorlikda klub tashkil etdi. Qizig‘i, «Mayami» stadioni biznesmen nomi ostida faoliyat yuritmoqda. 2015 yilning mayida tashkil etilgan jamoa «Milan»ning boshqa bir afsonasi - Alessandro Nesta rahbarligi ostida Shimoliy Amerika ligasida (MLSdan keyingi divizion) to‘p sura boshlagandi. Debyut mavsumning bahorgi va kuzgi davralarida g‘olib chiqqan «Mayami» hal qiluvchi bahsda («Sokker Boul»ga) mag‘lubiyatga uchradi va elitaga chiqa olmadi. Nesta «Perudja»ga o‘tib ketgach, uning o‘rnini Kenni Dalglishning o‘g‘li - Pol egalladi.

2018 yilda Shimoliy Amerika ligasi startga chiqmagani bois, Maldini klubining kelajagi mavhum bo‘lib turibdi. Milliy futbol ligasida (4-divizion) faoliyat yuritadigan «Mayami-2»ni esa AQSH futbol federasiyasi rasman tan olmagan. 

Gari va Fil Nevillar, Pol Skoulz, Rayan Giggz, Niki Batt, «Selford Siti» (Angliya)

2014 yilda «MYU»ning sobiq yulduzlari birlashib, Manchesterning mitti klubini o‘z tasarruflariga olishdi. O‘sha paytda jamoa 8-divizionda qatnashardi. Yangi sohiblar 15 yil ichida uni kamida Chempionshipga olib chiqishga va’da berishdi. Tez orada ular klub aksiyalarining 50 foizini singapurlik Piter Limaga sotib, qolganini 10 foizdan o‘zaro bo‘lishib oldilar. Shundan keyin «Selford»ning parvozi boshlandi - 7 va 6-ligalarni ortda qoldirgan jamoa hozirda 5-divizion yetakchilari safida bormoqda. 

Klarens Zeedorf, «Monsa» (Italiya)

«Milan»da to‘p surib yurgan 2009 yilda gollandiyalik yulduz «Monsa»ni xarid qilgan, o‘shanda jamoa 3-ligada edi. Aksiyalarning 51 foizi Zeedorfga, qolgani uning kasbdoshi - Juzeppe Bergomiga nasib etdi. Biroq futbolchilikni davom ettirgan holda jamoani boshqarish juda qiyin kechdi. Oqibatda Bergomi 2011 yilda «Monsa» rahbarligidan voz kechib, «Atalanta» yoshlar jamoasiga murabbiylik qila boshladi. Bir yildan keyin direktorlar kengashi bilan til topisha olmagan Klarens «Botafogo» safidan joy oldi va «Monsa» tizginini braziliyalik Entoni Armstron Emeriga topshirdi. 

Xristo Stoichkov, SSKA (Sofiya, Bolgariya)

Bolgar futbolining afsonasi aynan sofiyalik armiyachilar tarkibida porlagan, u yerdan Barselonaga parvoz qilib, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi. Qadrdon jamoasiga qaytgan 37 yoshli hujumchi 2012 yilda prezident lavozimini egalladi, bir yildan keyin esa o‘z layoqatini murabbiylikda sinab ko‘rdi. Hozir SSKA aksiyalarining 20 foizi Stoichkovga tegishli.

 

Ivisa Pirich, «Arsenal» (Kiyev, Ukraina)

Xorvatiyalik futbolchi 5 yillik faoliyatini Kiyevning «Arsenal»ida o‘tkazdi. Keyin agentlik va xayriya ishlari bilan shug‘ullandi. 2016 yilda u Ukrainaning Xorvatiyadagi faxriy elchisi etib tayinlandi, 2018 yilning qishida esa «Arsenal» aksiyalarining 50 foizini sotib oldi. O‘shanda 1-ligada bo‘lgan jamoa yangi mavsumni UPLda o‘tkazmoqda. Lekin hozircha oxirgi o‘rinda bormoqda. 

Zaza Janashiya, «Zugdidi» (Gruziya)

Gruziyalik hujumchi 90-yillar o‘rtalari, yangi asr boshlarida Moskvaning «Lokomotiv»idagi o‘yinlari bilan tanilgandi. Lekin jarohatlar tufayli o‘z faoliyatini 28 yoshda yakunlashga majbur bo‘ldi. Keyin bolalar murabbiyi kasbini tanlab, 10 yilcha e’tibordan chetda yurdi. Shu yilning boshida Janashiya elektron auksion orqali o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Zugdidi shahri jamoasini xarid qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Zazaga bu borada raqobatchilar bo‘lmagani bois, u klubni boshlang‘ich baho - 61000 lari (23500 dollar) evaziga sotib oldi. «Zugdidi» 2016 yilda oliy ligani tark etgan, hozir 3-divizionda to‘p surmoqda. Klubning rasmiy sayti faoliyatini to‘xtatgan.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:20, 21.10.2018.
O'qildi: 3834 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.