Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Otabek Zokirov: «Metallurg» «Paxtakor»ga o‘yinni bermaydi, buning boshqa sababi bor»

Otabek Zokirov: «Metallurg» «Paxtakor»ga o‘yinni bermaydi, buning boshqa sababi bor»

Baho:
+ | -

Pepsi Superliga yakunlanishiga ham beshta tur qoldi. Chempionlik masalasi deyarli hal bo‘lgan ko‘rinadi. «Lokomotiv» o‘zi uchun ketma-ket ikkita murakkab o‘yinda avvaliga mehmonda asosiy raqibi «Paxtakor»ni 3:1, keyin esa o‘z uyida 3-o‘rinda borayotgan «Navbahor»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Bu bilan «temiryo‘lchilar» o‘zlarining oliy maqsadlari sari ancha yaqinlashishdi. Turnir jadvalining ikkinchi yarmida ham kurash qizg‘in kechmoqda. Kecha 27-turning so‘nggi uchrashuvida turnir jadvalida yonma-yon borayotgan «Buxoro» va «Metallurg» klublari o‘zaro to‘qnash kelishdi.

Bundan avvalgi turda bekobodliklar o‘z maydonlarida «Bunyodkor»ni qabul qilib, o‘yinning asosiy vaqtiga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Shahzod Shaymanov urgan gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritishgandi. Buxoroliklar esa Namanganda «Navbahor»ga imkoniyatni boy berishgandi (0:1).

Biz kechagi o‘yin oldidan «Metallurg» klubi hujumchisi Otabek Zokirovdan intervyu oldik.

- Otabek, bundan avvalgi turda «Bunyodkor»ni mag‘lub etdinglar. Keling, suhbatimizni ana shu qiyin o‘yinda kelgan juda ham kerakli g‘alaba haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

- Bahsning qiyin kechishi oldindan ma’lum edi. «Bunyodkor» har qanday vaziyatda ham kuchli o‘yin namo-yish etib kelgan. Uchrashuvda uch ochko olishni maqsad qilgandik. Oxirigacha g‘alabaga ishondik va intildik. Menimcha, aynan shu holat, ya’ni so‘nggi soniyalargacha kurashganimiz muvaffaqiyatimizga sabab bo‘ldi.

- «Metallurg»ning shu kungacha o‘tkazgan ikkinchi davra uchrashuvlari haqida umumiy fikringiz qanday?

- Mavsum avvalida klub rahbariyati birinchi davrani yuqori kayfiyatda o‘tkazib, yakunda kuchli oltilikka kirish vazifasini qo‘ygandi. Bu topshiriq uddalandi. Endi ikkinchi davrada ham ana shu mazmunli o‘yinni saqlab qolishimiz kerak edi. Ammo hamma uchrashuvlarni ham bir tekis o‘tkaza olmayapmiz. Ayniqsa, ikkinchi davraning boshlanishi qiyin kechdi.

- Shu narsani so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. Ikkinchi davradagi biroz o‘xshamayotgan, qovushmayotgan o‘yin nima bilan bog‘liq?

- Bir narsani unutmaslik kerak, kuchli oltilik o‘z nomiga munosib! Ya’ni, biz joylashgan guruhda oddiy jamoalar qolmadi. Oltita klubning ham o‘z oldiga qo‘ygan ulkan vazifalari bor. Shunga qaramay, bu kuchli klublarga munosib qarshilik ko‘rsatishga, tengma-teng o‘ynashga harakat qilyapmiz. Biroq yuzaga keltirilayotgan vaziyatlardan foydalanishda omadimiz kelmayapti.

Umuman, qolgan jamoalar ham maydonga yutqazaman, ochko yo‘qotaman, deb tushayotgani yo‘q. Superliganing qolgan o‘yinlarida ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz. Buning uchun har bir futbolchi murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarib, bexato o‘ynashga intiladi. Lekin bunday istak boshqalarda ham bor.

Chempionlik va sovrinli o‘rinlar taqdirini hal qiladigan uchrashuvlar endi boshlanyapti. Biz ham mavsumni imkon qadar yuqoriroq o‘rinda tugatishga urinamiz.

- «Metallurg» ikkinchi davra doirasidagi o‘yinlarning birida «Paxtakor»ga o‘z maydonida yirik hisobda yutqazdi. Mag‘lubiyatni kutmaganmidinglar?

- «Paxtakor»ga qarshi kechgan o‘yinda asosiy tarkibimizning ko‘plab futbolchilari maydonga tusholmadilar, chunki ular raqib jamoadan ijaraga olingan o‘yinchilar edi. Shuning uchun ham «Paxtakor» bilan bahsda jamoamizning asosan yosh futbolchilari maydonga tushadi. Murabbiylar majburlikdan yoshlarga yoki o‘yin amaliyoti kam bo‘lganlarga imkoniyat beradilar.

- «Metallurg» «Paxtakor»ga qarshilik ko‘rsatmaydi, o‘yinni «berib» yuboradi, degan gap-so‘zlarga qanday munosabat bildirasiz?

- O‘yin hech qachon berilmaydi. Bu yerda boshqa sababi bor va men buni yuqorida aytdim. Yosh tarkib «Paxtakor»dek kuchli jamoaga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmaydi. Tarkib optimal bo‘lmaganidan keyin qanday qilib ijobiy natija kutish mumkin?

- «Metallurg»ning o‘yini chiqsa, kuchli klublarni ham mag‘lub etishga qodir. Fikrimni «Bunyodkor»ga qarshi o‘yin ham tasdiqlaydi. Lekin oddiy jamoalar bilan uchrashuvlarda ko‘pincha yutqazib qo‘yadi yoki durang o‘ynaydi. Buning sababi nimada?

- Biz uchun oddiy jamoaning o‘zi yo‘q. Har bir raqibga qarshi bir xil tayyorgarlik ko‘ramiz. Raqib tanlamaymiz, ajratmaymiz, aksincha, hurmat qilamiz. Lekin faqat g‘alaba qozonish ham imkonsiz.

- «Metallurg»ga ko‘p yillar davomida Rustam Mirsodiqov ustozlik qildi. Jamoaning hozirgi bosh murrabbiyi Andrey Shipilovning futbol falsafasi nimadan iborat ekan?

- Birinchi galda tartib-intizomga e’tibor qaratadi. Bekobodda juda ahil va inoq jamoa shakllantira oldi.

- Otabek, «Metallurg»da yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapsiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- To‘g‘risini aytsam, o‘tgan o‘yinlar men uchun sinov bo‘ldi. Bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Ha, siz aytgandek, o‘yin amaliyoti kamroq. Ikki hissa kuch bilan mehnat qilishda davom etaman. Maydonga kimni tushirishni bosh murabbiy hal qiladi. U futbolchilarning qanday holatda ekanligini biladi va tabiiyki, natijaga ham javobgar bo‘ladi.

- «Metallurg»ga o‘tishingiz qay tarzda amalga oshgandi?

- O‘sha payt bir nechta jamoalardan taklif tushgandi. Ular orasida «Metallurg» ham bor edi. Uch-to‘rt kun sinov bo‘ldi. Shundan so‘ng menga shartnoma taklif qilishdi.

- Kelishuv yil oxirigacha imzolanganmi?

- Xuddi shunday.

- «Lokomotiv» deyarli chempionlikni naqd qildimi?

- Hali oldinda o‘yinlar bor. Lekin vaziyatga real ko‘z bilan qarasak, «Lokomotiv» bunday qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasa kerak. Boz ustiga, «temiryo‘lchilar» asosiy raqiblari - «Paxtakor» va «Navbahor»ni mag‘lub etishdi. Menimcha, «chempionlik o‘yini» nomini olgan uchrashuv ko‘p savollarga javob berdi.

- «Metallurg» sovrinli o‘rinlardan umidini uzdimi yoki hali kurashib ko‘radimi?

- Yo‘q, kurash oxirigacha davom etadi. Maqsadimiz - chempionatni hozir egallab turgan o‘rnimizdan yuqoriroqda tugatish. Nazariy jihatdan hali imkoniyatlarimiz yetarli.

- Vaziyatga real qarasak, imkoniyat «Navbahor» va «Bunyodkor»da ko‘proqdek ko‘rinyapti. Sizga ham shunday tuyulmayaptimi?

- Agar klublarning turnir jadvalida egallab turgan o‘rinlari hamda salohiyatlariga qarab baho beradigan bo‘lsak, siz aytgandek, raqiblarimizda imkoniyat ko‘proqdek ko‘rinyapti. Ammo ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Biz ham osonlikcha taslim bo‘lmaymiz. Oxirigacha kurashamiz.

- Otabek, o‘zingiz uchun eng yaxshi o‘tgan mavsum sifatida qaysi yillarni aytgan bo‘lardingiz?

- (biroz o‘ylanib) Menimcha, 2015-2017 yillar yomon o‘tmagan. O‘sha mavsumlarda futbolchi sifatida o‘sishga erishdim. Afsuski, joriy mavsum men uchun omadsiz keldi. Ochig‘i, o‘zim ham bunga hayronman. Juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapman. Lekin bu bilan to‘xtab qolganim yo‘q, tushkunlikka tushmayapman. Mehnat qilishda davom etmoqdaman.

- Kelasi mavsum uchun hali rejalar tuzmadingizmi?

- Oldindan bir narsa deya olmayman. Hozir bor e’tiborimiz chempionatning so‘nggi tur o‘yinlariga qaratilgan. Nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman.

- «Metallurg»ning hujum chizig‘ida raqobat shunchalik kuchlimi?

- Raqobat o‘ziga yarasha bor. Lekin jamoamizda tengma-teng raqobatlashsa bo‘ladigan futbolchilar, xususan, hujumchilar jam bo‘lgan.

- Futbolchilarning qisqa muddatli shartnomalar imzolayotganiga nima sabab bo‘lishi mumkin?

- Hozir Superligada deyarli 90 foiz futbolchi siz aytgandek, bir yillik shartnoma imzolayapti. Kelasi yili jamoalarning ahvoli qanday bo‘ladi? Bu savolga ayni payt hech kim javob bera olmaydi. Eng asosiy sababi ham shu!

- Klublarga nisbatan ishonchsizlik bormi yoki aksincha, jamoalar futbolchilarga ishonmay qo‘yganmi?

- Har ikki variant ham to‘g‘ri.

- Shaxsan o‘zingiz eng ko‘p muddatga imzolagan shartnomangizni ayta olasizmi? O‘shanda kelishuv qancha muddatga tuzilgandi?

- «Neftchi»da o‘ynab yurgan kezlarim 3 yillik bitim tuzgandik. Hozircha faoliyatimda eng uzoq muddatga imzolagan shartnomam shu bo‘lib turibdi.

- «Neftchi»ga qaytgan bo‘larmidingiz?

- Nasib qilsa, bir kun albatta, Farg‘onaga qaytaman. «Neftchi» futbolchilik faoliyatimda alohida ahamiyatga ega klub hisoblanadi.

- «Metallurg»da maoshlarni o‘z vaqtida olyapsizlarmi?

- Ha, bu borada hech qanday muammo yo‘q. Ko‘z tegmasin, hammasi joyida.

- Superliganing yangicha formati sizga ma’qul kelyaptimi?

- Shaxsiy fikrim, O‘zbekiston PFL to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. Superliga chempionatimizni ancha jonlantirdi. Ayniqsa, birinchi bosqichda jamoalar kuchli oltilikka kirish uchun astoydil kurash olib borishdi.

- Lekin hozir ikkinchi oltilikda deyarli «intriga» yo‘q. Bunga qanday fikr bildirasiz?

- Quyi oltilikdagi jamoalar Superligada «jon» saqlab qolish uchun kurashishyapti. Ular orasida «Nasaf»ning borligi o‘yinlarning qiziqarli o‘tishini ta’minlayapti.

- O‘zbek futbolidagi eng katta muammolar qatoriga shaxsan siz qanday kamchiliklarni kiritgan bo‘lardingiz?

- Menimcha, katta kamchiliklar yo‘q. Kelasi mavsum ham chempionatimiz bu yilgi tizimda o‘tkazilsa, qiziqarli o‘yinlar soni yanada ko‘payardi. Maydonlarning holati ancha yaxshilandi. O‘yinlar kechki paytlarda o‘tkazilyapti.

- Pro-liganing saviyasi haqida nima deya olasiz? Boru yo‘qligi bilinmayotgandek taassurot qoldiryapti. Sizga bu bilinmayaptimi?

- Superligaga beriladigan yo‘llanmalar uchun kurash ancha murosasiz kechmoqda. Pro-ligada «Mash’al», «Dinamo», «Andijon», «Surxon» kabi jamoalarning ishtirok etayotgani quyi diviziondagi uchrashuvlarning ham qiziqarli o‘tishiga zamin yaratmoqda.

- Superligaga qaysi jamoa yo‘l oladi, deb o‘ylaysiz?

- Hozir uchta jamoada bir xil ochko bor. Fikrimcha, bu masala oxirgi turlargacha ochiqligicha qolsa kerak. Hammasi so‘nggi turda hal bo‘lishi mumkin.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:43, 27.10.2018.
O'qildi: 3546 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.