"Barselona"ning braziliyalik futbolchisi Rafinya Dias Ispaniya chempionatining "Elche"ga qarshi o‘yinida golini o‘ziga xos tarzda nishonlagani haqida gapirdi.
Vinger gol urganidan so‘ng "O‘rgimchak odam" uslubida nishonlash harakatini amalga oshirdi. Futbolchining aytishicha, bu ishni o‘g‘li uchun maxsus qilgan.
"Golni "O‘rgimchak odam" uslubida nishonladimmi? Buni o‘g‘lim uchun ataylab qildim. Unga bunday narsalar juda yoqadi", — deya Rafinyaning so‘zlarini keltiradi Marca.
"Barselona" mazkur uchrashuvda "Elche"ni 5:0 hisobida tor-mor etdi. Rafinya esa ikkita gol urib, dubl qayd etdi.
Kataloniyaliklar uch ochko bilan Ispaniya chempionati turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. "Barselona" navbatdagi uchrashuvini Bilbaoning "Atletik" klubiga qarshi o‘tkazadi.













