Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Yaponiyalik «Nisshe» yoki Xasebe namunali oilaparvar futbolchi

Yaponiyalik «Nisshe» yoki Xasebe namunali oilaparvar futbolchi

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO
Rukn: Yangiliklar

Osiyo kubogi-2019 musobaqasi tobora yaqinlashayotgan paytda O‘zbekiston termasining turnirdagi guruhdoshlari faoliyatiga nazar tashlash xohishi paydo bo‘ladi.

Raqib jamoalar tarkibi, ularning salohiyati ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Ayniqsa, vakillarimiz joylashgan kvartet favoriti - yaponlar safida kuchli ijrochilar yig‘ilgani hech kimga sir emas. Ammo bugungi hikoyamiz qahramoni JCH-2018dan so‘ng «samuraylar» bosh jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Biroq aksariyat yulduzlarning fikri o‘zgarib, ularda asosiy termaga qaytish istagi tug‘ilishi futbolda tez-tez kuzatiladi. Shunday ekan, Makoto Xasebe singari yaponlarning yetuk futbolchilaridan birining tarixiga nazar tashlash aslo ziyon qilmaydi.

Yaponiya termasi Rossiyada o‘tkazilgan mundialda ajabtovur mentaliteti, yorqin, tartibli va tezkor o‘yini bilan mahalliy muxlislarda yorqin taassurot qoldirdi.

Makoto Xasebening maydon markazidagi ishonchli o‘yini «kunchiqar yurt» vakillarining 1|8 finalgacha yo‘l olishlari, ushbu bosqichda Belgiyaga munosib kurash taqdim etishlarida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Gaku Shibasaki bilan juftlikda harakat qilgan tajribali yapon futbolchisi o‘yinlar payti raqibdan to‘pni olib qo‘yib, qisqa paslar yordamida tezkor hujumlar boshlash salohiyati borligini ko‘rsatishdan tashqari, yaponlarga xos sharqona donolikning haqiqiy siymosiga aylandi.

Falsafiy bestseller muallifi

Xasebe - «samuraylar» yetakchisi, shuningdek, futbol mezonlari bo‘yicha aytganda, juda e’tiborga loyiq shaxs. 10 yildan buyon Bundesligada to‘p surayotgan yapon futbolchisining o‘z yurtida yozgan asari haqiqiy bestsellerga aylandi. «Ayntraxt» yarim himoyachisi ushbu kitobni yozish jarayonida hammuallifga ham ehtiyoj sezmadi - muqaddimadan tortib xotimagacha intellektual salohiyatdan bebahra qolmagan 34 yoshli Makotoning o‘ziga tegishli.

Futbolchilar orasida kitob o‘qishi bilan maqtanadiganlari ko‘p emas - ular ichida germaniyalik faylasuf Fridrix Nissheni sevimli muallifi sifatida ko‘rsatadiganlari yanada kamroq bo‘lsa kerak. Bir necha yillardan buyon falsafaga qiziqadigan Xasebening ta’kidlashicha, aynan shu sohaning eng yetuk namoyondalaridan biri bo‘lgan Nisshening mulohazalari va xulosalari uni kitob yozishga undagan.

Makotoning qalamiga mansub asar «Qalb intizomi: g‘alabaning 56ta odati» deb nomlanadi. O‘ziga xos falsafiy ahamiyat kasb etgan mazkur kitobni nafaqat Yaponiyadagi do‘konlarda bajonidil sotib olishadi, balki unga xorijdan ham buyurtmalar kelib tushmoqda.

Futbol - Xasebening hayoti

«Volfsburg»da Edin Jeko va Grafite bilan yelkama-elka to‘p surib, Germaniya chempionligini nishonlagan Xasebe oddiy hayotda juda og‘ir-bosiq, sermulohaza. Makotoni moddiy boyliklar qiziqtirmaydi - u juda kamtarona kiyinadi, avtomobillari ham o‘ta qimmatbaho emas, boshqa odamlar bilan suhbatlashayotganda yuqori intellekt sohibi ekanligini aytib maqtanmaydi.

- Futbol - mening hayotim. Ushbu sport turiga oshno tutingan ilk kezlarimdan boshlab, bu ishga maksimum kuch sarflab, imkon qadar eng yaxshilardan biri bo‘lishga intilganman. Futbol - umrimning asosi. Futbol hayotimdagi eng qimmatbaho narsadir. Futbol sabab to‘g‘ri ovqatlanish, uxlash vaqti va o‘z o‘rnida hordiq chiqarishga jiddiy e’tibor qarataman, - degandi Xasebe intervyularining birida.

- Uning kitoblari dunyo yuzini ko‘rgunga qadar futbolchilar orasida bunday tarixga ega bo‘lganlari yo‘q edi. Mazkur asar Makotoning hayot aqidalari, falsafasidan so‘zlaydi. Meni eng ko‘p hayron qoldiradigan jihat shundaki, Xasebe uzzukun tartib-intizomga bir xilda amal qiladi, - degandi kitob bosh muharriri.

«Volfsburg» tarixiga dastlabki yapon futbolchisi sifatida kirgan Makoto hech qachon tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmagan, spirtli ichimliklardan yiroq yurgan, divanda yotishdan ko‘ra, pol ustida uxlashni afzal bilgan. Rossiya mundialidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatiga yakun yasagan tajribali yapon futbolchisiga o‘z yurtidagi ko‘plab bolalar taqlid qilishadi.

Murabbiylar ungaishonishmagandi

E’tiborli tomoni shundaki, Makotoning birinchi murabbiyi bir safar jurnalistlarga intervyu berish chog‘ida Xasebening tengdoshlari orasida yuksak iqtidori bilan ajralib turmasligi, ammo uning ishga yondashuvi ko‘pchilikning diqqatini tortishini ta’kidlagandi. Qahramonimiz nimalarga qodirligini aynan yashil maydonda ko‘rsatar, deyarli xatolarga yo‘l qo‘ymas, haqiqiy futbol energetikasini namoyish etardi. Shuningdek, murabbiyi Yaponiyaning mashhur klublaridan biri - «Red Daymonds» vakillari Xasebening o‘yinini tomosha qilish uchun tashrif buyurishganda, shogirdining salohiyatiga ishonmaganini tan oldi.

Bundesliga «oltin»ining obro‘li sohibi

Faylasuf Makoto Germaniyada haqiqiy sinovga duch keldi - o‘sha kezlari «Volfsburg»ni xalq orasida «Temir Feliks» nomi bilan tanilgan, og‘ir yuklamalari va qat’iy tartibni yoqtirishi orqali obro‘ orttirgan mutaxassis Feliks Magat boshqarardi. Xasebening aytishicha, bu murabbiyning mashg‘ulotlari o‘ta og‘ir o‘tar, shug‘ullanish jarayonidan so‘ng futbolchilar yurish u yoqda tursin, hatto ba’zida oyoqlarini ko‘tara olmay qolishardi. Ammo yaponiyalik futbolchi ortga nazar tashlarkan, Magat bilan ishlash jarayonida orttirilgan tajriba uning o‘yinni his qilishiga ijobiy ta’sir o‘tkazganini tan oldi.

«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi Shinji Kagava, «Lester» tarkibida Angliya chempionligini nishonlagan Shinji Okazaki, «Sautgempton» himoya chizig‘ining haqiqiy tayanchi bo‘lgan Maya Yoshida Xasebega nisbatan mashhurroq sanalishadi. Biroq joriy yil yozida o‘tkazilgan jahon chempionatida milliy jamoa sardorlik bog‘ichi aynan Makotoga ishonib topshirildi. Uning terma va ham-yurtlari orasidagi obro‘-e’tibori katta, shunga qaramay, Xasebe «samuraylar» bosh jamoasini tark etishga kuch topa bildi. Qahramonimiz 12 yil mobaynida o‘z vatani uchun sidqidil mehnat qildi, endi esa biroz tin olib, asosiy e’tiborini sokin ishlarga qaratmoqchi.

- Yaponiya termasi sharafini himoya qilib o‘tkazgan vaqtim bilan faxrlanaman. Ushbu davr qalbimga muhrlanib qoladi, hammasi ajoyib tarzda o‘tdi. Buni hech narsaga alishmagan bo‘lardim, - deydi Xasebe.

Namunali oilaparvar

- Meni kelajakda nima kutayotganini bilmayman. Katta ehtimol bilan asosiy vaqtimni kitob yozishga qarataman. Uyga - Yaponiyaga qaytganimda, omma orasida imkon qadar kamroq ko‘rinish berishga intilaman, chunki shaxsimga katta e’tibor qaratishlarini xohlamayman, - degandi tajribali yarim himoyachi o‘tgan jahon chempionati payti jurnalistlarga intervyu berarkan. - Iloji boricha kichik narsalarga ham qoniqish hosil qilishga intilaman. Shuningdek, ko‘proq vaqtimni oilam davrasida, ayniqsa, suyukli buvijonimning yonida o‘tkazishni yoqtiraman.

Hozirga qadar Makoto Yaponiya milliy jamoasi libosida 114ta o‘yinda maydonga tushib, raqib darvozasini 2 marta ishg‘ol qilgan. Rossiyaga tashrif buyurib, faoliyatidagi uchinchi mundialda qatnashgan tayanch yarim himoyachisi hali butsalarini mixga ilish haqida o‘ylamayapti - uning «Aynt-raxt»dagi o‘yinlari chakki chiqmayapti. Hattoki, klubdagi murabbiyi uni himoya chizig‘iga moslashtirib, Evan N`Diki hamda David Abrahamga sherik qilmoqda. Vaziyat taqozo etganda, Xasebe yarim himoyaga o‘tib, Germaniya jamoasining o‘rta chizig‘ida ulkan tajribasini ishga solmoqda.

 

MAKOTO XASEBE

Tug‘ilgan sanasi: 1984 yil 18 yanvar (34 yosh)

Tug‘ilgan joyi: Fudzieda, Yaponiya

Bo‘yi:180 sm.

Vazni:72 kg.

Ampluasi: tayanch yarim himoyachisi

Raqami: 20

Faoliyati davomida «Urava Red Daymonds» (YAponiya, 2002—2007, 149ta o‘yin, 12ta gol), «Volfsburg» (Germaniya, 2008—2013, 135ta o‘yin, 5ta gol), «Nyurnberg» (Germaniya, 2013—2014, 15ta o‘yin) kabi klublarda to‘p surgan. 2014 yildan hozirga qadar Frankfurtning «Ayntraxt» jamoasida o‘ynamoqda (87ta o‘yin, 2ta gol)

2006-2018 yillar mobaynida Yaponiya milliy jamoasida 114ta o‘yin o‘tkazib, ikkita gol urgan

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:38, 29.10.2018.
O'qildi: 2476 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.