Kirish Ro'yxatdan o'tish

FIFA prezidentligi uchun asosiy nomzodlar ma’lum bo‘ldi

FIFA prezidentligi uchun asosiy nomzodlar ma’lum bo‘ldi

Baho:
+ | -

Jahon chempionatining bir qismini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz yakunlangan urinishdan so‘ng, Serbiya, Shvesiya va Uels kabi mamlakatlar futbol federasiyalari Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Oqibatda amaldagi rahbarning qayta saylanish imkoniyatlari keskin pasayib, FIFA prezidenti o‘zgarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi. Quyida 2027—2031-yillar uchun tashkilot rahbarligiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan mutaxassislar bilan tanishishingiz mumkin.

Viktor Montalyani (KONKAKAF prezidenti)

Shimoliy Amerika futboli rahbari va kanadalik tadbirkor Viktor Montalyani FIFA prezidentligi uchun Infantinoga raqobatchi bo‘lish masalasini ko‘rib chiqmoqda. KONKAKAF Infantinoning taklifini rad etgan bo‘lsa-da, UYEFA kabi ochiq boykot e’lon qilishgacha bormadi.

Aleksander Cheferin (UYEFA prezidenti)

Sloveniyalik funksioner Aleksander Cheferin UYEFA va FIFA o‘rtasidagi davomli kelishmovchiliklar ortidan o‘tgan oy bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati finalini boykot qilgan edi. Jahon futboli yetakchisi qator muammolarga duch kelayotgan bir pallada, aynan Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UYEFA) unga nisbatan eng ko‘p e’tiroz bildirgan tashkilot bo‘ldi. Shu bois Cheferin ham FIFA prezidentligi uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.

Shayx Salmon bin Ibrohim al-Halifa (OFK prezidenti)

FIFA kengashining katta vise-prezidenti hisoblangan bahraynlik Shayx Salmon Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazish rejasiga qarshi chiqqanlar qatorida turibdi. Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) FIFA rahbarining xususiy investorlar bilan bog‘liq taklifiga e’tiroz bildirib, bu reja tashkilotning qaror qabul qilish jarayonlaridagi jiddiy kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidladi.

Nosir al-Xelayfi (“PSJ” prezidenti)

Politico nashrining xabar berishicha, Yevropa futboli rasmiylari qatarlik taniqli sport funksioneri Nosir al-Xelayfini ushbu lavozim uchun eng asosiy da’vogarlardan biri sifatida qo‘llab-quvvatlay boshlagan.

Lize Klaveness (Norvegiya futbol federasiyasi prezidenti)

Jahon futbolidagi eng nufuzli ayollardan biri bo‘lgan norvegiyalik Lize Klaveness ham Jahon chempionatini xususiylashtirish rejasiga keskin qarshi chiqqan yetakchilardan biridir. Norvegiya avvalroq AQSH prezidenti Donald Trampning aralashuvidan so‘ng amerikalik hujumchi Folarin Balogunga nisbatan jazo chorasi FIFA tomonidan bekor qilingani yuzasidan axloq qo‘mitasiga shikoyat kiritish masalasini ko‘rib chiqqan edi. Ushbu voqea Infantino va AQSH rahbari o‘rtasidagi munosabatlarni yana bir bor shubha ostiga qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, hal qiluvchi saylovlar 2027-yilning 18 mart kuni Marokashda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 20:19, 04.08.2026.
O'qildi: 2449 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик