Farg‘onaning «Neftchi» klubi ikkinchi davra oldidan tarkibni navbatdagi tajribali va qimmatbaho futbolchi bilan mustahkamladi. Klub matbuot xizmati Kot-d’Ivuarlik qanot himoyachisi Koffi Kouao bilan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qildi.
Jamoa matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 26 yoshli tajribali himoyachi endilikda farg‘onaliklar sharafini himoya qiladi.
Futbolchi haqida qisqacha ma’lumot:
To‘liq ismi: Koffi Frank Kouao
Tug‘ilgan sanasi va joyi: 1998-yil 20-may, Abidjan (Kot-d’Ivuar)
Bo‘yi: 1,73 metr
Pozisiyasi: O‘ng qanot himoyachisi (shuningdek, chap qanot himoyasi va o‘ng qanot yarim himoyasida ham o‘ynay oladi)
Faoliyati: Koffi Kouao futbol sirlarini o‘z vatani Kot-d’Ivuarning mashhur «ASEC Mimosas» akademiyasida o‘rgangan. Professional faoliyatini esa Portugaliyaning «Vizela» klubida boshlagan. Keyinchalik mamlakatning boshqa taniqli jamoalari — «Moreyrense» hamda «Famalikau» klublarida ijara asosida to‘p surgan.
2022-yilda Fransiya chempionatining «Mes» klubiga ko‘chib o‘tgan Kouao qisqa fursatda jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylangan. U Yevropa yashil maydonlarida (Fransiya va Portugaliya chempionatlarida) 200 dan ortiq rasmiy uchrashuvlarda qatnashgan. Xalqaro maydonda esa Kot-d’Ivuar U-23 terma jamoasi sharafini himoya qilgan.
Futbolchi 2026-yilning yozida «Mes» bilan shartnomasi yakunlangach, erkin agent maqomiga ega bo‘lgandi.
Superliga tarixidagi eng qimmat transferlardan biri Hozirgi kunda nufuzli Transfermarkt portali Koffi Kouaoning transfer qiymatini 2,5 million yevroga baholamoqda. Bu ko‘rsatkich uni nafaqat ayni damda O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan eng qimmat futbolchiga aylantiradi, balki O‘zbekiston Superligasi tarixida o‘ynagan eng qimmatbaho legionerlar qatoriga olib chiqadi.













