Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Yashirin qobilyat kashfiyotchisi yoki eng yaxshi yoshlar murabbiyi haqida...

Yashirin qobilyat kashfiyotchisi yoki eng yaxshi yoshlar murabbiyi haqida...

Baho:
+1 | -

O‘tgan asrning 70-yillarida «Shalke» sharafini himoya qilgan Norbert Elgert uzoq yillardan beri yosh futbolchilarga ustozlik qilib kelmoqda. Afsuski, futbolning chinakam shaydosi o‘zi istagandek to‘p sura olmadi - buyragidagi muammolar tufayli shifokorlar professional darajada to‘p surishni man etishdi. Biroq Norbert yana 15 yil quyi divizion jamoalarida sevimli mashg‘ulotini davom ettirdi. 1996 yilda u «Shalke»ga qaytib, 19 yoshli o‘yinchilarga ustozlik qila boshladi. Shu tariqa Xevedes, Noyer, Matip, Kolashinas, Draksler, Sane kabi mahorat sohiblarini yetkazib berdi. 2017 yilda uning shogirdi Tilo Kerer 37 mln. yevro evaziga «PSJ»ga yo‘l oldi. Lekin Elgert Mesut Ozil tufayli ko‘proq tanildi.

Aynan Norbertning sa’y-harakati evaziga Ozil «Shalke» akademiya­sidan joy olgandi. Avvaliga u to‘rt marta ko‘rikdan o‘tishga taklif etilgan, har gal yaxshi natijalarni qayd etgan, ammo talabalikka boshqa bolalarni qabul qilishgandi. O‘sha davrdayoq Mesutning ota-onasi avlodlari turklar bo‘lishgani uchun shunday to‘siqqa duch kelishganiga shubha qilishmagandi: «Ular Mesutni emas, qandaydir Mattias, Markus yoki Mixaelni olishdi». Bunday adolatsizlikdan keyin Ozilning «Shalke»dan ko‘ngli qoldi. Biroq Elgert uni fikridan qaytara oldi - Mesut va otasi bilan bir necha marta uchrashib, hammasi ko‘ngildagidek bo‘lishiga ishontirdi. Muhimi, murabbiy uning jamoasida hech kim Ozilning nasl-nasabiga daxl qilmasligiga va’da berdi.

Shundan keyin yosh iqtidor sohibi «Rot-Vayss Essen»ning manfaatli (oyiga 4000 yevro maosh) taklifi o‘rniga «Shalke»ni tanladi. Bu qaroridan yarim himoyachi hozir ham mamnun ekaniga shubha yo‘q - 17 yoshida Elgert bilan hamkorlikni boshlagan bo‘lsa, hanuzgacha o‘sishdan to‘xtagani yo‘q. Taktika va himoyaga samarali ko‘maklashish ilmlarini Mesut aynan Norbertdan meros qilib oldi. «Undan saboq olgungacha maydonda boshsiz jo‘jadek tentirab yurardim», - deya eslaydi yarim himoyachi.

Ammo murabbiyning eng muhim o‘gitlari maydon tashqarisida bo‘lardi. «Murabbiy faqat texnika va taktika bilan chegaralanib qolmasligi lozim. Uning asosiy vazifasi - shogirdlarini halollik, o‘zaro hurmat va sabr-qanoatga o‘rgatish!» - Norbertning bosh falsafasi shunday.

Bir paytlari 19 yoshlilar jamoasi Billerbek yig‘inida hashamatli otelga joylashib, rosa xursandchilik qilgandi. Chunki shohona sharoit futbolchilar uchun yangilik edi. Kun bo‘yi shogirdlarini kuzatgan murabbiy kech­qurun majlis o‘tkazdi: «Ochig‘i, sizlarga kamtarin mehmonxona ko‘proq mos kelardi, bunday dabdabaning mutlaqo keragi yo‘q edi. Biz faoliyatingiz davomida erishishingiz mumkin bo‘lgan oliy martabani ko‘rsatib qo‘­yishni lozim topdik. Bor kuch-quvvatingiz, e’tiboringizni jalb etsangiz, shunday sharoitga ega bo‘lasiz. Harakatlarimizni to‘g‘ri tushunishingizni istaymiz. Otel xizmatchilarini hurmat qiling, farroshlar mehnatini qadrlang, kamtar va samimiy bo‘ling. Futbolchining natijalari shifokor, jurnalist yoki farroshnikidan muhimroq emas».

Har bir tarbiyalanuvchining asl maqsadini bilish uchun yakkama-yakka suhbatlashish - Elbertga xos uslub. Ozilning «Real» yoki «Barsa»da to‘p surish orzusidan xabardor bo‘lgach, uning mohiyatini murabbiy nemis teleshousi misolida tushuntirib bergandi: «Mesut, sen «Germaniya Superyulduz izlamoqda» shousini ko‘rdingmi? Yagona yorqin chiqish evaziga kishilar butun dunyoni kezib yurishibdi. Ular o‘zlarini eng sara, deb hisoblaydilar. Lekin ularning muvaffaqiyatida uzoq vaqt samara beradigan poydevor, mantiqiy asos yo‘q. Shuning uchun har bir futbolchiga, jumladan, senga ham mahorat pillapoyalaridan sekin-asta ko‘tarilishni maslahat beraman. Parvoz qanchalik shiddatli bo‘lsa, sho‘ng‘ish ham shunday bo‘ladi».

Ozilning fikricha, Elgert murabbiylik sohasiga endi kirib kelgan Mourinyoni eslatadi. Ularning ikkisi ham shogirdlari bilan samimiy munosabatda bo‘lishni xush ko‘rishadi, g‘alabalarga ruhlantirish usullari ham bir xil. 2006 yilda Norbert yetakchiligidagi «Shalke» yoshlar o‘rtasidagi musobaqada yarim finalga chiqqan va «Gerta» yoshlari bilan kuch sinashgandi. Tarkib ancha kuchli (Ozil, Xevedes va Ralf Fermann) bo‘lishiga qaramasdan, dastlabki bahs «Gerta» foydasiga (2:0) hal bo‘ldi. Javob uchrashuvi oldidan murabbiy yechinish xonasiga kirdi va qo‘lidagi gantelni xonaning o‘rtasiga qo‘ygan holda ta’sirchan nutq so‘zladi: «Sizlarga bir voqeani aytib beraman. Fitnes yo‘riqchisi bo‘lib ishlagan paytimda Germaniyaning norasmiy chempionatida qatnashganman. Kasbdoshlarim bilan beshkurash bo‘yicha bahslashganman. Mashqlar orasida turnikda tortilish ham bor edi. Uni bajarar ekanman, qo‘llarim uzilib ketadigandek tuyuldi, xayolimdan «endi tortila olmayman», degan o‘y o‘tdi. Shunda men ichki dushman bilan olisha boshladim: «Taslim bo‘lmayman. Hech qachon!» So‘ngra bir marta tortildim, keyin yana, yana...» Elgert ehtiros bilan so‘zlar, futbolchilar astoydil tinglashardi. Go‘yo butun vujud quloqqa aylangandek.

- Toping-chi, nechanchi o‘rinni egalladim?

- 2-nimi?

- Yo‘q, albatta. Men g‘olib chiqdim!

Murabbiy ma’ruzasi futbolchilar ruhiyatini o‘zgartirib yubordi. «Bunday kayfiyat bilan g‘alaba qozonmaslikning iloji yo‘qdek edi. O‘zimni buqadek kuchli, geparddek chaqqon, Zidandek mohir seza boshladim», - deydi Mesut. Xullas, «Shalke» «Gerta»ni 3:0 hisobida yengib, finalga chiqqan, endi Mats Xummels hamda Sandro Vagnerning «Bavariya»sini tor-mor etish talab etilardi.

Hal qiluvchi bahs arafasida shogirdlari hayajonini bartaraf etish uchun Elgert navbatdagi antiqa mashqni o‘ylab topdi - chigalyozdi mashg‘uloti paytida futbolchilar diametri 15 metrli doira tashkil etishdi, ulardan biri markazda qolib, istagan jamoadoshi tomon yugurar va «podkat» usulini qo‘llardi. Jarayonga yovvoyi baqir-chaqirlar jo‘r bo‘lib turdi.

Tabiiyki, raqib jamoaning shov­qin-suroni «Bavariya» a’zolariga ham yetib bordi. Oqibatda «Shalke» o‘yinchilarining kayfiyatlari ko‘tarilib, myunxenlik o‘yinchilarniki tushib ketdi. Xullas, Ozil jamoasi 2:1 hisobida zafar quchib, chempion bo‘ldi.

«Elgertni faoliyatimdagi eng muhim shaxs, deb bilaman. U mening boshqa murabbiylar ilg‘amagan jihatlarimni kashf etdi», - deydi Mesut. Gelzenkirxenga yo‘li tushganda u, albatta, ustozini ziyorat qiladi.

Elgert o‘z tasarrufidagi barcha futbolchilar mahoratini sezilarli darajada oshira olgan murabbiy. Jumladan, Leroy Saneni ham. 2014|2015 yillar mavsumidagi YECHLning o‘smirlar musobaqasida «Shalke» 1-bo‘limdan keyin 0:2 hisobida «Sporting»­dan yengilayotgandi. Tanaffusda murabbiy shogirdlarini, ayniqsa, Leroyni qattiq koyidi: «O‘yindan keyin ko‘zimga ko‘rinma, senga jamoada o‘rin yo‘q». Buni qarangki, dag‘dag‘a Saneni «uyqudan uyg‘otib», bitta gol urishi va bir golga assistentlik qilishiga sabab bo‘ldi. Yakunda «Shalke» irodali (3:2) g‘alabaga erishdi.

Manuel Noyer esa o‘ta xotirjamligi oqibatida dakki eshitgan: «Senga nima bo‘lgan, o‘zi? Hamma kuyib-yonyapti, sen esa pinagingni buzmaysan. Nima balo, diazepam ichib olganmisan?» To‘g‘ri, keyinchalik Elgert shogirdining bu fazilatiga ko‘nikib, ijobiy baho bergandi: «Hozirda biz bu voqeani kulgi bilan eslaymiz. Chunki xotirjamlik Noyerning asosiy ustunligi ekani endi hech kimga sir emas».

Maks Mayer ham Norbertdan behad minnatdor. Bu futbolchi 14 yoshgacha futbolni mini-futbol bilan birgalikda olib borgan, «Duysburg»­da driblingdan ko‘p foydalanardi. Shu bois, zaxirada qolib ketardi. «Shalke»ga o‘tgach, mini-futbol fint­laridan istagancha foydalanadigan, buning uchun tanbeh emas, maqtov eshitadigan bo‘ldi. Hozir Mayer APL o‘yinchisi, Bundestim nomzodlaridan biri. Joel Matip har yili Elgertga «Liverpul» liboslarini yuboradi, Kolashinas esa «Arsenal» chiptalarini.

Tabiiyki, murabbiyning muvaffaqiyati boshqa jamoalar e’tiboridan chetda emas. Biroq u har qanday taklifni rad etadi. Masalan, 2010 yilda «Bavariya» uni o‘ziga chorlab, o‘z akademiyasidagi inqirozni bartaraf etmoqchi bo‘lgandi. Ammo Norbert o‘ziga xos tarzda javob qaytardi: «Meni Gelzenkirxenning domna pechida pishirishgan. Ya’ni, ko‘mir shaxtalarining tubida. Men shu joylarni sevaman va hech qayoqqa ketmayman!».

J.Boboxonov tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:55, 06.11.2018.
O'qildi: 3387 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.