«Oltin to‘p»ning 5 karra sohibi Krishtianu Ronaldu «Yuventus» safiga qo‘shilganidan buyon ilk marta katta intervyu berdi. Asosiysi, portugaliyalik goleador France Football haftanomasi jurnalistlari bilan muloqot jarayonida ushbu keskin qarori sabablarini ham bayon etdi. U shuningdek, o‘zini hamon 23 yoshli yigitdek his qilayotganiyu, pul hayotida birinchi o‘rinda turmasligini alohida ta’kidladi.
«Ketishni istasam,prezident QarshichiQmasligini sezdim...»
- Ochig‘i, yozda barchani lol qoldirdingiz. Axir faoliyatingizning katta qismini «Real»ga sarflab, kutilmaganda, Turinga yo‘l oldingiz. Tabiiyki, bunday qarorga kelish oson emas...
- Professional nuqtai nazardan qarasak, yangi klubga o‘tishni ixtiyor etib, to‘g‘ri yo‘l tutdim, menimcha. Zero, Madridda ko‘p yutuqlarga erishdim, eslashga arziydigan xotiralar yetarli, saviyali futbolchilar yonida to‘p surdim. Lekin 9 yil bitta jamoada o‘ynash - bu ko‘p muddat. «Yuventus» ham buyuk klub sanaladi, safiga qo‘shilsang, arziydi... Albatta, ish joyini o‘zgartirish murakkab jarayon, ammo bu men uchun nisbatan oson kechdi.
- Ya’ni...
- Qarorim ko‘pchilik, hattoki, yaqinlarimga ham ajablanarli tuyulgani rost. Biroq takror aytaman, hammasini to‘g‘ri qildim. Bundan sira afsusda emasman.
- Vaholanki, hamma-hamma faoliyatingiz oxiriga qadar Madridda qolishingizni kutgandi.
- Ha, shunday. Farzandlarim o‘sha yerda ulg‘ayishdi, uyim bor, do‘stlarim, tanishlar, qadrdonlar ko‘p. Yashirmayman, osuda hayotdan birdaniga voz kechish oson emas. Lekin ba’zan o‘zgarishlar zarur. Umuman olganda, hech qachon osuda hayot qidirmaganman. Doimo yangi marralarni ko‘zlash, to‘siqlarni yengib o‘tishga intilish kerak. Shunda hayotingiz yanada zavqli bo‘ladi.
- Aytingchi, ketish rejasi aynan qachon tug‘ildi?
- Tushuning, Madridda 9 yil o‘ynab, barcha sov-rinlarni qo‘lga kiritdim. Shuning ta’siridami, muayyan pallada jamoani o‘zgartirish haqida o‘ylay boshladim. Qolaversa, klub mutasaddilari va shaxsan prezidentning menga nisbatan munosabatlari avvalgidek emasligini sezdim. Ya’ni dastlabki 4-5 yil davomida muhit o‘zgacha edi. Xullas, prezident nigohlariga qarab, uni menga avvalgidek tengsiz, almashtirilmas futbolchi sifatida qaramayotganini yaqqol angladim. Oddiy ifoda etsam, agar ketishga qaror qilsam, uning qarshilik qilmasligini tushundim. Ha, OAVda boshqa jamoaga o‘tishni istayotganim haqida ko‘p yozishdi, gapirishdi. Aslida boshida bunday emasdi. Keyinchalik umumiy vaziyat o‘zgargach, takliflarni ko‘rib chiqa boshladim.
- Demak, madridliklar sizni avvalgidek sevmay qolishgan, shundaymi?
- «Sevgi» iborasini «samimiylik» yoki «e’tibor» bilan o‘zgartirish ma’qul. Sevgi oilada bo‘ladi, bolalarni, mahbubangizni sevishingiz mumkin. Jamoa prezidenti so‘nggi paytlar menga nisbatan ijodiy hamkor sifatida qarardi. Bunga e’tirozim yo‘q. Lekin madridliklar samimiy tarzda bor gapni aytib qo‘ya qolishsa, yaxshiroq bo‘lardi...
- Aniqroq aytsangiz...
- Nimani o‘ylayotgan bo‘lsam, shuni gapiraman. 99,9 foizga. 0,01 foizi esa gapirish mumkin bo‘lmagan jihatlar. Futbolda bu - murabbiy va o‘yinchilar bilan qandaydir shaxsiy munosabatlar.
«Pulni o‘ylaganimda,Xitoyga ketardim»
- Zidanning sizdan 1 oycha avvalroq «Real»dan ketgani ham qaroringizga ta’sir qildimi?
- Bu mutaxassisni murabbiy va inson sifatida qattiq hurmat qilaman. Ammo qarorlarimiz o‘rtasida mushtaraklik yo‘q. Shunchaki, Zidan ketgach, klubdagi umumiy vaziyatga to‘g‘ri baho berayotganimga ishonchim ortdi.
- «Madrid» bilan xayrlashish va 9 yil avval «MYU»dan ketish qarorlari o‘rtasida qanday uzviylik mavjud?
- «Manchester» - faoliyatimning boshlanishi. Bu jamoada ko‘p jihatlarni o‘zlashtirdim, o‘rgandim. Ser Aleks - buyuk murabbiy! Undan bir umr minnatdorman. «Real» esa navbatdagi, yuqoriroq pog‘ona bo‘ldi. Klub bilan CHLda yorqin g‘alabalarga erishdim, orzularim ushaldi. «Yuve» - yangi sahifa, o‘ta muhim bosqich. Jamoa tarkibi jangovar, mana, chempionatni muvaffaqiyatli boshladik, asosiysi, turinlik muxlislar xuddi Madriddagi kabi menga qalqon bo‘lishga tayyorlar.
- 33 yoshni urib qo‘ygan bo‘lsangizda, hamon sarguzashtlarga moyilsiz...
- Kimgadir yosh muhimdir, lekin menga emas. Eng buyuk klublarning birida qolishim, sovrin ortidan sovrin yutish asnosida rohatlanib yurishim ham mumkin edi. Ammo bunday qilolmayman. Chunki o‘zimga nisbatan e’tibor, ehtiyojni sezmay qoldim. Ko‘pchilik pul uchun ketganimni ta’kidlamoqda. Yo‘q, pulim yetarli. Nima, erta tongda mashg‘ulotga chiqishdan pulmi? Yo‘q, tabiatan futbolni sevaman, o‘z oldimga yangi-yangi marralar qo‘yaman. To‘siqlarni yengib o‘tish - lazzat! Agar pulni birinchi o‘ringa qo‘yganimda, Xitoyga yo‘l olib, hozirgidan 5 baravar ko‘p topardim. Qolaversa, Madridda ham hozirgidek, balki bundan ko‘proq ish haqi olardim. Qisqasi, asosiy gap umumiy munosabatda. «Yuventus» chindan ham, meni o‘z tarkibida ko‘rish ishtiyoqida edi. Mana, Turinga kelgach, bunga to‘liq ishonch hosil qildim.
«Hech Qayerda «Yuve»dagi kabi jon kuydirmagan bo‘lsam kerak...»
- Italiya futboli yoqdimi, unga moslashib oldingizmi?
- Hali to‘la moslashganim yo‘q. Ispaniyada 9 yil o‘ynagan o‘yinchining «A» seriyasida birdaniga o‘z o‘rnini topishi oson emas, albatta. Italiya chempionati faoliyatimdagi uchinchi top-liga va u avvalgilaridan keskin farqlanadi. Qolaversa, jamoadoshlar bilan til topishish, chempionat, umuman, mamlakatga ko‘nikish uchun ham ma’lum vaqt kerak. Qiyin, ammo imkoni bor masala. Nazarimda, ayni payt har qachongidan ko‘ra, ko‘proq ter to‘kayotgandekman. Muhimi, menga shunday imkoniyat berishganidan mamnunman va talab darajasiga chiqish uchun bor mahoratimni ishga solaman.
- Shuningdek, Turinda Madriddagidan boshqacharoq o‘ynayapsiz.
- Aytyapmanku, jamoadoshlarimga moslashish jarayonidaman, ular o‘z navbatida, mening uslubimga ko‘nikishmoqda. «Real»da sheriklarim bilan avtomatik darajada muomala qilardim. Ayniqsa, Modrich va Marselo bilan. Bu yerda hozircha shunday uyushqoqlik yo‘q. Lekin bo‘ladi, albatta. Asosiysi, jamoa va yigitlarning ishga yondashuvlari yoqyapti.
- Massimiliano Allegri bilan munosabatingiz qanday?
- A’lo. U o‘z ishining ustasi, chinakam professional. Boshqa xodimlar haqida ham faqat iliq gaplar aytishim mumkin. Jamoani yagona maqsad - g‘alaba birlashtirib turibdi. Aynan shu sabab ham, «Yuve»ni tanladim.
- «A» seriyasi, Li-liga va APL o‘rtasidagi asosiy tafovut nima?
- Italiyada endi debyut mavsumni boshladim va hozirdan chempionat haqida baralla gapirishim deyish qiyin. Faqat shuni aytishim mumkinki, asosiy farq himoya chizig‘iga munosabatda. Bu yerda klublar ishonchliroq himoyalanadi, hujumchilar uchun bo‘shliq juda kam. Oddiy aytganda, Italiyada taktika birinchi o‘rinda turishini darhol payqash mumkin.
- Angliya, Ispaniya va Italiya chempionatlarida urgan gollaringiz soni 400tadan oshdi...
- Ha, rekord.
- Vaholanki, «MYU»dagi debyut mavsumda atigi 4ta gol urgandingiz. Eng sermahsul to‘purar maqomiga qanday erishdingiz?
- Qunt bilan o‘rganish tufayli. Ser Aleks va sobiq jamoadoshlarimga alohida rahmat. To‘g‘ri, ancha ter to‘kishim va mahoratimni oshirishimga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, Angliyada shaxsiy natijalar emas, jamoa g‘alabalari muhimroq ekanligini ham bilib oldim.
«Jismoniy va ruhiyjihatdan o‘zgachaman»
- Jismoniy tayyorgarlikka har kuni katta e’tibor qaratishingiz barchaga ma’lum.
- Ha, darhaqiqat, qayerda bo‘lishimdan qat’iy nazar, mashg‘ulotni kanda qilmayman.
- Jismoniy holatni tushunish mumkin. Lekin uzoq vaqt davomida ruhiy tetiklikni qanday saqlash mumkin?
- Futboldagi eng qiyin jihat ham shu, aslida. Har kuni 3-4 soat zalda shug‘ullanish osondek tuyulsada, ishtiyoq va istakni saqlab qolish mushkul. Qatorasiga 12 yil yuksak saviyada o‘ynash esa kamdan-kam futbolchiga nasib etadi. Amalda men buni uddaladim, shuningdek, Messi ham. Hech qachon to‘xtab qolmaslik, taraqqiyotga intilish g‘oyat muhim. Ayni shu maqsadda Turinga keldim. Chunki eng yaxshi futbolchi haqidagi romanning yangi bobini yozish uchun adrenalin kerak.
- Rossiya mundiali chog‘idagi tahliliy tekshiruvlar organizmingiz 23 yoshli yigitnikidek ekanligini ko‘rsatdi.
- Ular meni biroz maqtab yuborishdi.
- Xo‘sh, o‘zingizni necha yoshli kishidek his qilyapsiz? 23 yoshlimi?
- Qaysidir ma’noda, shunday. Asosiysi - miyangda nima charx urishi. Hammasi shunga bog‘liq. Xususan, o‘zingni qanday his etishing ham. Men esa maydondagi ishimdan hamon rohatlanyapman. Demak, muammo yo‘q.
- Ko‘rinishingizdan qarimaydigan kishideksiz...
- Ha, ammo abadiy navqiron emasman. Shunchaki, alohida xususiyatli sportchiman. To‘g‘ri, hammasi qachondir tugaydi. Shu bois, ko‘proq oila davrasiga talpinaman, kichik Krishtianuga boqib o‘yga tolaman: u ham otasidek o‘ynay olarmikan? Hammasining o‘z vaqti bor va shoshish befoyda.
«O‘ylashimcha, «Oltinto‘p»ga munosibman»
- Nimanidir o‘ylaysizu, ammo badaningiz bo‘ysunmaydi. Sizda ham shunday holat bo‘ladimi?
- Ba’zan. Lekin statistikadek ajoyib tasnif borki, uni inkor etish mushkul. Raqamlar aldamaydi.
- Agar bu yil ham «Oltin to‘p» yutsangiz, bu borada rekord o‘rnatasiz.
- Bosh maqsadim «Oltin to‘p» emasligini ko‘p bora ta’kidlaganman. Asosiysi, futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri ekanligimni bilaman. Albatta, 6-sovrin ortiqchalik qilmasdi! O‘ylashimcha, unga munosib o‘yin ko‘rsatdim. Lekin sovringa haqli boshqa futbolchilar ham bor. Shunday ekan, «Oltin to‘p»ni menga berishmasa, qattiq ranjimayman, xotirjamroq uxlayman.
«Klasiko men va Messisiz ham klasiko»
- Aytingchi, Messi va Ronaldu davri tugamoqdami?
- Ko‘pchilik shuni xohlayotganini bilaman. Lekin ular sal shoshilishyapti. Men hamon taxtdaman. Shaxsiy statistikam gaplarimni tasdiqlaydi. Bizni hisobdan chiqarishga shoshilmagan ma’qul.
- Afsuski, endi Messiga qarshi to‘p surolmaysiz...
- Doimo eng sara o‘yinchilarga qarshi maydonga tushgim keladi. Messi - ularning biri. Lekin bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Xususan, «Klasiko» men va Leosiz ham «Klasiko» bo‘lib qolaveradi...
«Yuventus» hujumchisi suhbat chog‘i 2018 yilgi «Oltin to‘p» uchun kurashda kimlarga o‘zining asosiy raqobatchilari sifatida qarayotganiga ham to‘xtaldi: «Eng asosiy raqiblarim - Saloh, Modrich, Grizmann, Varan va Mbappe. Umuman olganda, Fransiya termasining barcha a’zolari da’vogarlar qatorida. Chunki ular bu yil jahon chempioni bo‘lishdi. Messi bu safar nomzodlar orasiga kiradimi-yo‘q - buni bilmayman. Keling, boshqa futbolchilar ham biz - Leo va men uddalagandek, 10 yil davomida shohsupada qolish-qolmasliklarini kuzatamiz». Eslatma, France Football 8 oktyabr kuni nufuzli mukofot uchun da’vogarlarning 30talik ro‘yxatini e’lon qilgandi. Darvoqe, bu yil «Oltin to‘p» 3 dekabr kuni topshiriladi.