Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Xulen Lopetegi «Real»ning Peres davridagi eng yomon murabbiyi

Xulen Lopetegi «Real»ning Peres davridagi eng yomon murabbiyi

Baho:
+ | -

Oxirgi haftalarda deyarli hamma uning iste’foga chiqarilishini kutayotgandi. Aytish mumkinki, so‘nggi 4,5 oy Xulen Lopetegi hayotidagi eng yomon davr bo‘ldi.

Uni Rossiya mundiali startiga atigi 1 kun qolganida, Ispaniya termasidan haydashdi. Chunonchi, mahalliy federasiya bilan 2020 yilgacha shartnoma tuzgan murabbiy «Real»da ishlash ishtiyoqi oldida ojiz qoldi va o‘zicha JCHdan keyin darhol «Qirollik klubi» bazasiga yo‘l olishni rejalashtirdi.

Biroq Ispaniya futboli rahbarlari Xulenning «Real» bilan xufyona kelishib olganini hurmatsizlik va noprofessionallik sifatida baholab, uni milliy jamoa joylashgan Krasnodardagi bazadan to‘g‘ri-dramatik tarzda haydashdi.

Bu Lopetegiga rosa alam qilgani aniq, ammo murabbiy Madridda tashkillashtirilgan tanishtiruv-taqdimot marosimida boshqacha gapirdi: «Hayotimdagi eng yaxshi kun - bu mening «Real» boshqaruviga tayinlashgan sana».

Mana, oradan 137 kun o‘tib, Xulen bu ishdan ham ayrildi. Qanday achchiq qismat-a... Axir Lopetegi «Real»ni boshqarish yo‘lida hattoki, faoliyatidagi eng muhim turnirdan mahrum bo‘lgandi-ya... 

Aslida hammasi go‘zal boshlandi. Lopetegi qo‘l ostidagi jamoa Krishtianu Ronaldusiz ham juda yaxshi shakllanganini qayta-qayta ta’kidladi, transferlar chog‘i faqat darvozabon Tibo Kurtua hamda o‘ng qanot himoyachisi Alvaro Odriosola sotib olinganiga parvo ham qilmadi. Ishonch bilan aytgan so‘zlariga hamohang tarzda jamoasi chempionatda dadil start ham oldi: ilk 5ta o‘yinda 4ta g‘alaba va faqat «Atletik» maydonida durang. «Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz» - quvonchini yashirmadi Lopetegi «Leganes» 4:1 hisobida dog‘da qoldirilgach. Lekin kutilmaganda, hammasi birdan ostin-ustun bo‘lib ketdi: Garet Beyl, Isko, Marselo va Dani Karvaxal kabi yetakchilar nav-bati bilan safdan chiqishgach, Lopetegi janoblarining jarohatlar zarbasiga mutlaqo tayyor emasligi bilinib qoldi. Qisqasi, 10-turga kelib, «Real»ning umumiy ahvoliga qarab bo‘lmasdi: oxirgi 4ta turda 3ta mag‘lubiyat va turnir jadvalida 7-o‘rin. Kamiga madridliklar CHL doirasida SSKAga ham yutqazishdi - 0:1. Eng yomoni, klub futbolchilari 6 soatdan ko‘p o‘yin vaqtida gol ura olishmadi. Shunda ham o‘yinchilar hammasi joyida ekanligini aytishdan uyalishmadi. Xususan, Serxio Ramos «Alaves»ga qarshi navbatdagi omadsizlik (0:1)dan keyin murabbiyni iste’foga chiqarishdan ma’no yo‘qligini ta’kidladi: «Hozirgi holatda iste’fo ahmoqona yurish bo‘ladi. Buning o‘rniga yo‘limizda dadil borishimiz kerak, negaki, mavsum juda uzun va bizda barchasini to‘g‘rilash imkoniyati bor. Kim «Real»ning «o‘lgan»ini aytayotgan bo‘lsa, qattiq yanglishmoqda. Buni hali isbotlaymiz ham». Lopetegining o‘zi esa avvalgi gaplarini takrorlashdan charchamadi: «Jamoa talab darajasiga chiqadi hali. Umuman, hech bir klub bunday omadsiz davrga yuz tutishdan himoyalanmagan...».

Murabbiyning taxminlari oqlanmadi. «Madrid» asosiy bahs - «El-klasiko»ga dahshatli ahvolda yetib keldi. Misol uchun, «Kamp Nou»dagi o‘yinga bir hafta qolganida, As gazetasida yangi xabar berildi: «Real» rahbariyati Kataloniyada qanday natija qayd etilishidan qat’iy nazar, Lopetegini iste’foga chiqaradi - bu haqda yakuniy qaror qabul qilingan». Marca nashri esa zarbani birozgina yumshatdi: «Agar «Real» mag‘lubiyatga uchramasa, murabbiy o‘z lavozimini saqlab qoladi, baribir». Durangdan yaxshiroq natija haqida esa og‘iz ochilmadi. Kataloniyadagi 1:5 - bu chinakam xafagarchilik, qorong‘ulik. Shu tariqa Lopetegi qo‘liga kutilganidek, pattasini tutqazishdi. Fakt shuki, u statistika bo‘yicha Florentino Peres davrida «Real»ni boshqargan eng noshud murabbiyga aylandi. Lopetegining iste’fosi kutilgan hodisa edi, biroq izoh boshqacha yangradi. «Bu qaror jamoa dinamikasini o‘zgartirish maqsadida qabul qilindi. Chunonchi, hali barcha maqsadlarga yetishganimiz yo‘q. Direktorlar kengashi hozirgi natijalar tarkib saviyasiga muvofiq emasligini tushunadi. Axir undagi 8 nafar futbolchi «Oltin to‘p»ga da’vogarlar ro‘yxatiga kirdi - bunaqasi tarixda biror marta bo‘lmagandi», - deyildi «Real» bayonotida.

 

«SEHRLI» RAQAM

Ehtimol, Lopetegining omadsizligida qandaysir tilsim yashiringandir... Murabbiyning ism-familiyasi 14ta harfdan iborat - Julen Lopetegui. Qarangki, uning 4ta asosiy ko‘rsatkichi shu raqam bilan xotima topdi:

1. «Real»ni jami 14ta rasmiy o‘yinda maydonga boshlab tushdi.

2. «Real» uning qo‘l ostida La-ligada 14 ochko oldi.

3. Bu davrda madridliklar chempionat bahslarida 14ta gol urishdi.

4. Klub uning qo‘l ostida chempionat o‘yinlarida 14ta gol qo‘yib yubordi.

Xulen Lopetegi va «Real» hamkorligi

** «Real» oxirgi oy mobaynida 7ta o‘yindan 5tasini boy berdi. Bu oraliqda to‘plar nisbati 4:13 ko‘rinishini hosil qildi.

** «Real» Lopetegi boshqaruvida Primeroning oxirgi 5ta turida atigi 1 ochko oldi. Jamoa bunday inqirozli omadsizlikka 2009 yildan buyon yuz tutgan emasdi. O‘shanda «Real» Xuande Ramos rahbarligida mavsumning oxirgi 5ta turini barbod qilgandi («Barselona», «Valensiya», «Vilyarreal», «Malyorka» va «Osasuna»dan mag‘lubiyat). Shundan keyin yozda tarkibga Krishtianu Ronaldu qo‘shilgan va aqlga sig‘mas seriyali muvaffaqiyatsizlik boshqa uchramagandi.

** «Real» 10-turdan keyin turnir jadvalida 9-o‘ringa tushdi - bunday achinarli holat mavsum-2001|2002dan buyon kuzatilmagandi. To‘g‘ri, o‘shanda «Madrid» 10-qatorga qulagandi.

** 8 soatu 1 daqiqa - bu «Real» tarixida eng uzoq davom etgan golsiz seriya. Yaxshiki, Marselo noxush seriyani bir amallab uzib qo‘ydi.

** «Real» faqat Antonio Kamachoni Lopetegiga nisbatan tezroq haydagan. U 2004 yili jamoani atigi 6ta o‘yinda boshqargandi.

** Lopetegi klub tarixida ketma-ket 4ta o‘yinda gol urishni ta’minlay olmagan 3-murabbiy bo‘ldi.

**Lopetegining umumiy statistikasi ham juda past. O‘yinlar soniga nisbatan g‘alabalar atigi 42,86 foiz, xolos (14ta o‘yin, 6ta g‘alaba, 4ta durang, 6ta mag‘lubiyat). 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:19, 10.11.2018.
O'qildi: 4627 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.