2018 yilning 10-16 may kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilgan bo‘lib, unda o‘zbekistonlik yosh futbolchilar chempionlikni qo‘lga kiritgandilar.
Shundan so‘ng jahon chempionati qahramonlari uchun turli tadbirlar tashkil etildi, sovg‘alar taqdim etildi. Ana shunday tadbirlardan biri Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan futbolchilar bilan uchrashdi.
MOQ rahbari yosh futbolchilarni tabriklar ekan, bundan keyin ham ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
“O‘zbekistonda turli toifalardagi terma jamoalar bor. Siz ham ana shu terma jamoalardan biri hisoblanasiz. Bundan keyin ham sizlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Kerak bo‘lsa, xorijiy yig‘inlar tashkil qilib beramiz. Yig‘in doirasida o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etasizlar.
Sizlarga sovg‘a sifatida milliy terma jamoamiz foydalanadigan ekipirovkalarni taqdim etamiz. Bundan maqsad siz ham terma jamoa a’zosi ekanligingizni his qiling. Ajab emaski, kelajakda orangizdan O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari uchun munosib futbolchilar yetishib chiqsa. Shuni unutmangki, ortingizda muhtaram Prezidentimiz turibdilar”, dedi Umid Ahmadjonov.
Shundan so‘ng yosh futbolchilar va ularning murabbiyiga terma jamoalarimiz uchun tayyorlangan “Adidas” ekipirovkalari topshirildi.
Murabbiy Jamshid Asadov ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanligini, g‘alabali yurishni bundan keyin ham davom ettirishlarini aytib o‘tdi.
Tadbir so‘nggida Umid Ahmadjonov yosh jahon chempionlari bilan esdalik uchun suratga tushdi.