Jahon futbolida o‘z faoliyatini faqatgina bir klubda o‘tkazgan sodiq futbolchilar anchagina topiladi. Italiyaning “Milan” jamoasi himoyachisi Paolo Maldini, Angliyaning “Liverpul” klubi yarim himoyachisi Stiven Jerrard kabi futbolchilar shular jumlasidan.
Mamlakatimizda esa nafaqat futbolchilik davrida, balki undan keyin ham o‘z klubiga fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan insonlar bor. Bugun biz e’tiboringizni ana shunday jonkuyar insonlardan biri - Namanganning “Navbahor” jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat yuritayotgan Mustafo Bayramovga qaratmoqchimiz.
Zero, mazkur mutaxassis mana salkam 40 yildan buyon faqatgina bir klub, ya’ni “Navbahor”da faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash lozim, “Navbahor”da oldin futbolchi, keyin esa murabbiy sifatida ishlayotgan Mustafo Jeferovich ancha kamtar va kamsuqum inson. Shuning uchun bo‘lsa kerak, undan hamkasblarimiz kam intervyu olishgan.
Futbolga kirib kelishi, birinchi murabbiylari, havas qilgan futbolchisi
- Namangan shahridagi 31-o‘rta maktabda tahsil olganman, - deya so‘z boshlaydi suhbatdoshimiz. - Maktabimiz yaqinida “Spartak” stadioni joylashgandi. Esimda bor, taxminan 10 yasharligimdan boshlab mana shu o‘yingohda futbol bilan shug‘ullanishni boshlaganman. O‘shanda bizning mashg‘ulotlarga Pavel Konstantinovich Kim, Anvar Izzetovich Suleymanov kabi yaqin o‘tmishning taniqli mutaxassislari boshchilik qilishardi. Shu tariqa, avvaliga shunchaki, havas bilan boshlangan mashqlar yildan-yilga takomillashib, jiddiylashib, 1980 yili Namanganning “Navbahor” klubiga qabul qilindim. Bilasizmi, bolaligimda, ayniqsa, futbolga qiziqish boshlangan ilk davrlarda Germaniya terma jamoasi va “Bavariya” klubi himoyachisi Frans Bekkenbauerning o‘yinlariga havas qilardim. Shu bois, tanlash vaqti kelganida aynan himoyachi ampluasini tanladim va shu pozisiyada faoliyatimning oxirigacha to‘p surdim.
“Navbahor” klubi va terma jamoadagi faoliyati, jamoadoshlari
- Tarixni yodga olsak, “Navbahor”dagi 17 yillik faoliyatim davomida jami 600 ga yaqin uchrashuvlarda maydonga tushganman. Garchi o‘zim himoyachi bo‘lsamda, raqiblar darvozasiga har mavsumda eng kamida 5 tadan to‘p kiritardim. 1995 yili esa omadim kelib, naq 10 ta gol urdim va oliy ligadagi himoyachilar orasidagi eng yaxshi natijaga erishdim. Gollarimni asosan standart vaziyatlardan, ya’ni burchak hamda jarima zarbalaridan keyin, ko‘proq boshim bilan urardim. Buning sababini bilasiz: bo‘yim yetarli darajada baland, 1,85 metrlar atrofida. Shuning uchun havolatib uzatilgan to‘plarga ko‘proq ega chiqardim. Umuman olganda,
2-qavatda yaxshi o‘yin namoyish etardim.
1991 yilgi xotiralar ayniqsa, men uchun qadrli… O‘sha yili jamoamiz sobiq ittifoq 1-ligasida ishtirok etgan va men “Navbahor” tarkibida barcha uchrashuvlarda maydonga tushib, 4 ta gol urganman. 1982 yili esa Tanzaniyadagi xalqaro musobaqada ishtirok etganmiz. “Navbahor” mazkur mamlakatdagi xalqaro turnirda 5 ta o‘yin o‘tkazib, ularning 4 tasida g‘alaba qozondi va 1 ta uchrashuvda durang qayd etgandi. 1989 yilda “Navbahor” bilan Liviya va Bangladesh mamlakatlaridagi musobaqalarda ishtirok etib, 1-o‘rinni egallaganmiz. 1990 yilga kelib, Polshaga safar tashkillashtirildi va mazkur mamlakatning mashhur klublaridan biri – “Lex” (Poznan) bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganmiz.
Futbolchilik faoliyatim davomida darvozabonlardan Anatoliy Tananakin, Dmitriy Bashkevich, Saydullo Jabborov, Oleg Sirovashko, Anvar Jabborov, himoyachilardan esa Igor Belov, Igor Bliznyuk, Aleksandr Pasko va Aleksandr Ivanov bilan yelkama-elka o‘ynaganmiz hamda ularning o‘yinlari menda yaxshi taassurot qoldirgan.
O‘zim shaxsan qarshilik ko‘rsatishga uringan hujumchilardan esa “Rotor”dagi Aleksandr Ledyaxov, “Tekstilshik”dagi Sergey Natalushko, hamyurtlarimizdan esa Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Oleg Sinelobov, Bahodir Rahmonov, Rustam Do‘rmonovlarni yaxshi eslayman. Chunki bu futbolchilarni to‘xtatib qolish anchagina qiyinchilik tug‘dirgan.
O‘zingizga ma’lum, futbolchilik faoliyatim davomida faqatgina bir jamoa – “Navbahor” sharafini himoya qildim va bundan doim faxrlanaman. Butsalarni mixga ilgan paytimda hisoblab ko‘rsam, ushbu klub safida 17 yil to‘p suribman. Kaminani yanada xursand qiladigan jihati - 6 mavsum davomida, ya’ni 1989-1994 yillarda jamoa sardori bo‘lganman.
Boshqa klublardan takliflar ham bo‘lgan, albatta. Aytaylik, 1988 yili “Neftchi”, 1989 yili esa “Paxtakor” klublari meni o‘z saflariga chorlagan. Lekin “Navbahor”ga fidoyilik sabab, bu jamoani tashlab ketishni xohlamaganman. Asosiysi, “Navbahor”da ham o‘zim istagan natijalarga erisha oldim. Jumladan, jamoa bilan O‘zbekiston chempionligi (1996), O‘zbekiston kubogi (1992, 1995), bronza medallari (1993, 1994, 1995) ni qo‘lga kiritganman.
“Navbahor”dagi faoliyatim davomida Sergey Volchok, Viktor Jalilov va Usmon Asqaraliyev kabi murabbiylardan ko‘p narsa o‘rgandim.
E’tiborlisi, “Navbahor” safida o‘ynab ham terma jamoa murabbiylari e’tiborini o‘zimga qarata olganman. Umuman olganda, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 7 yil, ya’ni 1982-1989 yillari to‘p surdim. Terma tarkibida sobiq ittifoq xalqlari Spartakiadasi, xalqaro musobaqada qatnashib, xalqaro turnirda 3-o‘rinni olganman, O‘zbekiston terma jamoasining sardori bo‘lganman.
Murabbiylik faoliyati, yetishtirgan shogirdlari
- Istaysizmi-yo‘qmi, har qanday futbolchi ham bir kun kelib albatta, katta futbol bilan xayrlashadi. Men ham shular jumlasidan… Xullas, 1997 yilga kelib, butsalarni mixga ilish vaqti kelganini tushunib yetdim va o‘zimni murabbiylik sohasida sinab ko‘rishga ahd qildim. Kechagidek esimda, dastlabki vazifam – “Navbahor”ning o‘rinbosarlariga ustozlik qilish bo‘lgan. Bu jamoani boshqarish asnosida O‘zbekiston chempionatida 3 marta 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Shuningdek, vaziyat juda qaltis bo‘lsa-da, uch marta “Navbahor”ni oliy ligada olib qolishga muvaffaq bo‘ldim. Umuman olganda, murabbiylik faoliyatimda bir necha bor “qutqaruvchi” vazifasini bajarishga ham to‘g‘ri kelgan (kuladi).
Murabbiylik sohasini tanlaganimdan buyon Viktor Jalilov, Gennadiy Nedelkin, Rahim Qurbonmamedov, Usmon Asqaraliyev va Baxtiyor Ashurmatov singari mutaxassislar bilan birga faoliyat olib bordim. Ayrim mavsumlarda “Navbahor” yoshlar jamoasi, ba’zi yillarda esa asosiy tarkibning murabbiylar shtabida ishladim. Joriy mavsumda avval “Navbahor” yoshlar jamoasida murabbiy Shuhrat Qoraboyev bian birga faoliyat olib bordim. Hozirgi paytda esa, yaxshi bilasiz, rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskisning murabbiylar shtabidan o‘rin olganman.
Bilasizmi, inson futbolchilik davrida murabbiylarga boshqacha nazar bilan qaraydi. Ammo o‘zing bevosita murabbiylik faoliyatingni boshlasang, aslida bu ishning qanchalik qiyin va mashaqqatli ekanini tushunib yetasan. Bu holat ayniqsa, iqtidorli yoshlarni saralash chog‘ida ayniqsa, seziladi. Bugunga kelib, faxr bilan baralla aytamanki, Dilshod Jabborov, Jahongir Mehmonov, Mirzohid G‘ofurov, A’zam Aliyev, Akmal Ortiqov, Azim Ahmedov hamda Islom Isoqjonov singari futbolchilarning kashf etilishiga erisha oldim. Chunonchi, bu o‘yinchilar avval “Navbahor” yoshlar jamoasi tarkibida toblanib, keyin asosiy tarkib a’zosiga aylanishgan. Endilikda esa barchalari o‘z jamoalarining yetakchi futbolchilari hisoblanishadi.
Fursati kelganida ta’kidlash joizki, yaqin o‘tmishning mashhur futbolchilaridan biri, ayni paytda “Metallurg” murabbiylar shtabida ishlayotgan Fevzi Davlatovni ham Sergey Volchokka men tavsiya qilgandim. Xabaringiz bor, Davletov O‘zbekiston milliy terma jamoasi, shuningdek, mamlakatimiz va Qozog‘istonning bir qator klublarida samarali faoliyat yuritgan futbolchilardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Fevzi 1994 yili terma jamoa safida Xirosimadagi Osiyo O‘yinlarida g‘olib chiqqan va men o‘shanda Fevzining muvaffaqiyatidan cheksiz xursand bo‘lganman.
Qisqasi, “Navbahor”dagi futbolchilik faoliyatim qanchalik ajoyib, yoqimli kechgan bo‘lsa, hozirgi vaqtdagi ishlarimdan ham shunchalik mamnunman. O‘z nomi va tarixiga ega jamoa safida to‘p surganligim hamda ayni paytda ham shunday klubning murabbiylar shtabida ishlayotganimdan xursandman.
Bugungi “Navbahor”
- “Navbahor”ning yangi ustozi - Andrey Antanasovich Kanchelskis haqida to‘xtalsak, avvalo shuni ta’kidlash lozimki, shaxsan menda bu mutaxassisning ish uslubi ijobiy taassurotlar uyg‘otdi. Jumladan, u mashg‘ulotlarni yevropacha uslubda olib boryapti va futbolchilarni ham o‘zgacha ruhda ruhlantirmoqda.
Shuningdek, joriy mavsumdagi jamoamizning muvaffaqiyatida Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbayevich Bozorov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, viloyat futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Shamshod Ergashevich Sarikov va “Navbahor” PFK direktori Rasuljon Rahimovich Akramovning munosib hissalari bor. Ushbu shaxslar “Navbahor”ni har taraflama qo‘llab-quvvatlashmoqda va jamoa a’zolariga barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda.
Aynan shuning evaziga bu yil “Navbahor” 14 yillik tanaffusdan so‘ng, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu sababli, “Navbahor” PFK rahbariyatiga jamoamiz murabbiylar shtabi nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. To‘g‘ri, biz asosiy vazifa – OCHL yo‘llanmalaridan biriga ega chiqa olmadik. Ammo umid qilamanki, “Navbahor” bu yilgi o‘yinlari orqali yetakchilarga qanday qarshilik qilishni o‘zlashtirib oldi va kelgusi yillarda biz albatta, o‘z maqsadimizga yetamiz!
Ma’lumot uchun:
Mustafo Bayramov - 1964 yil, 7 yanvarda Namangan shahrida tug‘ilgan.
Futbol bilan 10 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiylari: Pavel Kim, Anvar Suleymanov.
Ampluasi: himoyachi.
Oilali, 2 farzandning otasi, 4 nabiraning buvasi.
Muxlislik qiladigan klubi: “Barselona” (Ispaniya).
Ulug‘bek Umarov suhbatlashdi.