Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Nodir Ashurmatov: «Sergey Lebedev juda mag‘rur inson»

Nodir Ashurmatov: «Sergey Lebedev juda mag‘rur inson»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Pro-ligasidagi so‘nggi tur natijasidan qat’iy nazar, musobaqani 3-o‘rinda yakunlaydigan «Istiqlol» jamoasida hamon Superligaga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. Buning uchun farg‘onaliklar «pley-off»dagi ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonishlari lozim. Albatta, bu maqsadni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. «Istiqlol» bundan avvalgi turda «Andijon» maydonida alamli (1:2) mag‘lubiyatga uchragandi. Birinchi bo‘limda hisobni ochgan Sergey Lebedev shogirdlari tanaffusdan so‘ng o‘z darvozalaridan ikkita to‘p olib chiqishdi. Bunga «Istiqlol» darvozaboni Nodirjon Ashurmatovning uch daqiqa oralig‘ida ikkita sariq kartochka olib, maydonni tark etgani ham sabab bo‘ldi. Ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqargan ushbu g‘alabadan so‘ng «Andijon» rasman elita yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Biz Andijondagi o‘yindan so‘ng Ashurmatovlar sulolasining kenja vakilidan intervyu oldik. 

- Nodir, birinchi savolim penalti belgilangan holat yuzasidan. Aslida nima bo‘lgandi? Sizningcha, o‘sha vaziyatda kim haq-u kim nohaq?

- Bu savolga uchrashuvni stadiondan kuzatgan muxlislar, o‘yindan keyin o‘sha bahsli epizodlar aks etgan videolarni ko‘rganlar xolis javob olishdi. Qolaversa, o‘zimiz ham xatoga yo‘l qo‘ydik va bundan mezbonlar unumli foydalanishdi. Menga ko‘rsatilgan ikkinchi sariq kartochkada o‘zimni ayblagan bo‘lardim. O‘sha vaziyatda asablarimni jilovlay olmadim. Ammo birinchi sariq kartochka nima uchun ko‘rsatilganiga haligacha javob topolmayapman. Penaltidan tepilgan to‘pni qaytarganimni nimaga inobatga olishmadi? Buni ham tushunmadim. Hakamlar o‘z hisobotlarida bu haqda yozishgan bo‘lsa kerak.

- Uchrashuv bosh hakami, FIFA referisi Sherzod Qosimov «Darvozabon to‘pni tribunadagi muxlislar tomon otib, natijada ularning g‘azabani qo‘zg‘adi», dedi. Bu ayblovga qanday munosabat bildirasiz?

- Yuqorida aytganimdek, ikkinchi sariq kartochka o‘z aybim tufayli ko‘rsatildi. Asablarimni jilovlay olmadim. Agar bu xatti-harakatim bilan muxlislar g‘azabini qo‘zg‘agan bo‘lsam, ulardan uzr so‘rayman. Lekin birinchi ogohlantirishga nima sabab bo‘lganini bilishni o‘zim ham xohlardim. Uch daqiqa ichida ikkita sariq kartochka ko‘rsatishga arziydigan ish qilmagandim.

- Hakam o‘yinning borishiga hamda yakuniy natijaga ta’sir o‘tkazdimi?

- Bu mavzuda hech narsa demoqchi emasman. Ularni kuzatadigan va ishiga baho beradigan O‘FA xodimlari bor. Nima bo‘lganda ham o‘yin taqdiri o‘zimizning qo‘limizda edi. Birinchi goldan keyin va ikkinchi bo‘limda sovuqqonlik bilan harakat qilganimizda, hech kim bizga qarshi chiqolmasdi. O‘n kishi bo‘lib qolganimizda ham yaxshi o‘yin namoyish etdik. Buning uchun jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular bilan faxrlanaman.

- «Istiqlol» yutqazishga loyiqmidi?

- Mag‘lubiyatga munosib o‘yin ko‘rsatmadik. Lekin bu futbol, unda mana shunday kutilmagan holatlar uchrab turadi. «Andijon»ga qarshi bahsdan oldin asosiy raqiblarimizdan biri bo‘lgan «Mash’al», shuningdek, «Dinamo»ga ham imkoniyatni boy bergandik. O‘sha ikki uchrashuvda ham hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, uchta holatda ham bitta gol o‘yin taqdirini hal qildi. Futbolda kimdir yutadi, boshqasi yutqazadi. Umumiy olib qarasak, ikkinchi davrani birinchisiga qaraganda ancha samarali o‘tkazibmiz. Buning uchun klub rahbariyati hamda jamoamizni aynan ikkinchi davrada boshqargan bosh murabbiyimiz Sergey Lebedevga rahmat aytaman. Bu mutaxassis ahil va matonatli jamoa shakllantira oldi.

- «Istiqlol»ning Superligaga chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz? O‘tish o‘yinlarida ijobiy natija kutish mumkinmi?

- Albatta. Hali imkoniyatimiz bor. To‘g‘ri, o‘tish o‘yinlari qiyin bo‘ladi. Buni barchamiz tushunib turibmiz. Lekin aytganimdek, bu futbol, unda har qanday kutilmagan natija qayd etilishi mumkin. Omad qaysi jamoaga kulib boqsa, o‘sha klub Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Tan olish kerak, Superliganing har bir jamoasi kuchli. O‘z o‘rnida, biz ham bu o‘yinlarga tayyormiz. Ha, tarkibimizda yulduz futbolchilar yo‘q. Ular hatto elitada ham o‘ynashmagan. Biz uchun yagona imkoniyat beriladi. Bundan qay darajada foydalanish esa o‘zimizga bog‘liq. Nafaqat faoliyatimizdagi, balki hayotimizdagi eng muhim o‘yinlardan birida maydonga tushamiz. Superligaga chiqish uchun ikki raqib to‘sig‘idan o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Bu imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib qolishga intilamiz. Ishlashda davom etamiz, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

- Sergey Lebedevni futbolchi sifatida yaxshi bilamiz. Uning murabbiylik faoliyatiga qanday qaraysiz?

- Menga Lebedevning o‘yinlarini ko‘rish nasib qilmagan. Faqat ta’rifini eshitganmiz, xolos. Bu mutaxassis jamoamizga kelganidan ke-yin qanday murabbiy hamda inson ekanligini bildik. U haqda juda ko‘p gapirish mumkin. E’tiroflardan gazeta sahifalari to‘lib qoladi (kuladi). Bir so‘z bilan aytganda, yutqazishni hazm qila olmaydigan, juda mag‘rur inson. Bizga bir jumlani ko‘p uqtiradi: «Hech qachon pastga qaramanglar, faqat yuqoriga intilinglar, shunda o‘sish bo‘ladi. Biz uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rsak, o‘yinimiz ham shunday chiqadi», deb qulog‘imizga quyadi. Ozmi-ko‘pmi erishgan yutuqlarimizda bu insonning hissasi katta. Ishonchim komil, hali Sergey Lebedev Superliga klublarida ishlaydi.

- Pro-liganing saviyasi haqida nima deya olasiz? Elitadan sezilarli darajada farq qiladimi?

- Shubhasiz. Farq sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi. Tashkiliy ishlar, maydonlarning holati, o‘yin-larga munosabat quyi divizionda ancha past. Lekin bu yil Pro-ligada elita havosidan nafas olgan klublar soni ko‘p bo‘lgani uchun chempionat ancha qiziqarli kechdi. Fikrimcha, Pro-liga klublari Superligada yaxshigina tajribaga ega bo‘lishadi, o‘sishga erishishadi. Kuchli jamoalar bilan uchrashuvlarda o‘yin ham kuchayib boradi.

- Bu yil Superliga va Pro-liga yangicha nom va ko‘rinishda o‘tkazildi. Sizningcha, bu o‘zgarishlar o‘zini oqladimi yoki avvalgi klassik tizimdagi chempionat yaxshiroqmidi?

- Menimcha, bir joyda to‘xtab qolmaslik kerak. Yangiliklarning kiritilib turgani yaxshi. Yangi g‘oyalar o‘sishga olib keladi. Nima bo‘lganda ham, hammasi jamoalar va futbolchilar uchun. O‘zgarishlarning samarasi bir yilda ko‘rinmaydi.

- «Istiqlol»ning moliyaviy holati, klub infratuzilmasi Superligada ishtirok etish uchun javob beradimi?

- Jamoamiz bilan tanish bo‘lmaganlarning aksariyati «Istiqlol» Superligaga tayyor emas, moliyaviy tomondan talabga javob bermaydi» kabi fikrlarni ilgari surishadi. Lekin klubimiz elitaning kamsonli bo‘lsa-da, bir nechta ishtirokchilari bilan moliyaviy tomonlama raqobat qila oladi. «Istiqlol» rahbarlari Superligada ishtirok etish uchun barcha ishlarni amalga oshirishmoqda.

- Bu yil namoyish etgan o‘yiningizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Agar chempionatda birinchi o‘rinni olganimizda va kiritgan gollarimiz 50ta, o‘tkazib yuborgan gollarimiz soni nol ko‘rinishida bo‘lganida, mavsumdan ko‘nglim to‘lardi (kuladi).

- Jamoa bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz?

- Kelishuv shu yilning oxirida yakunlanadi.

- Uni uzaytirasizmi yoki boshqa takliflarni ko‘rib chiqasizmi?

- Bizni oldinda yana uchta rasmiy o‘yin kutmoqda. Hozir bor e’tiborni ana shu uchrashuvlarga qaratganmiz. Qolgan masalalar haqida o‘ylashga fursat yo‘q. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Tog‘angiz Baxtiyor Ashurmatov o‘z tavsiyasini berib turadimi? Qachon oxirgi marta shu mavzuda gaplashdinglar?

- Qanday ishga qo‘l urmay, albatta, ulardan maslahat so‘rayman. Nafaqat futbol, balki hayotda ham tavsiya berib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadilar. Lekin yaqin orada bafurja gaplashganimiz yo‘q. Toshkentga borganimda, imkon qadar dildan suhbatlashamiz. Balki yaxshigina gap ham eshitib olsam kerak. «Inson hamisha, har qanday holatda ham o‘zini jilovlay olishi kerak», deb ko‘p gapiradilar. Fursatdan foydalanib, AGMK jamoasi va tog‘amni O‘zbekiston kubogidagi muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Ularga OCHL «pley-off» uchrashuvida omad tilayman.

- Darvozabonlardan kimlarga havas qilasiz?

- Kimnidir alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Lekin Iker Kasilyas, Keylor Navas, Fernando Muslera kabi mashhur kiperlarning o‘yinlarini kuzatib boraman. Bilasizmi, darvozabonlardan ko‘ra himoyachilar - Baxtiyor va Rustam Ashurmatovlarni o‘zimga kumir deb bilaman.

- Bu yilgi mavsumda sizning xatoingiz bilan jamoa yutqazgan uchrashuv bordir? Qaysi o‘yinni eslashni istamagan bo‘lardingiz?

- Ikkinchi davrada «Mash’al»ga qarshi kechgan bahs esda qolarli o‘tgan. To‘g‘ri, jamoamiz mag‘lubiyatiga mening xatoim sabab bo‘lmagan, lekin o‘sha o‘yinda muborakliklar golni penaltidan urishgandi. Meni jarima maydonchamizda hujumchini yiqitganlikda ayblab, qo‘riqlayotgan darvozam tomon 11 metrli zarba belgilangandi. O‘shanda yana esda qolarlisi, mezbonlarga qarshi mardonavor kurashib, yakunda mag‘lubiyat (1:2) alamini totib ko‘rgandik.

- Nima uchun aynan darvozabonlikni tanlagansiz? Baxtiyor aka yoki Rustamga o‘xshab himoyachi bo‘lishingiz mumkinmidi?

- Meni yoshligimdan tanigan insonlarning aytishicha, bolaligimda dangasa bo‘lgan ekanman. Ortiqcha yugurishni yoqtirmaganligim uchun ham darvozabon pozisiyasiga loyiq ko‘rilgan emishman.

- Aslida ham dangasamisiz? Hozir darvozabonlikni tanlaganingizdan afsuslanmaysizmi?

- Yo‘q. Shu kungacha qancha qiyinchilik ko‘rgan bo‘lsam ham, bundan afsus chekmaganman. Bolalik kezlarim dangasa bo‘lgandirman, lekin hozir xohlasam ham bunday qilolmayman. Aks holda, o‘rningiz zaxirada bo‘ladi. Hozir raqobat juda kuchli. Ayniqsa, darvozabonlar orasida! Qaysi jamoada o‘ynamay, menga qattiqqo‘l murabbiy ustozlik qilgani durust.

- Darvozabon sifatida shakllanishingizda qaysi mutaxassisni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardingiz?

- Hozirda «Bunyodkor» yoshlari bilan ish olib borayotgan Marat aka Galimovga alohida rahmat aytmoqchiman. Darvozabon sifatida shakllanishimda shu insonning hissasi katta bo‘lgan. Men «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanaman. Mazkur klubda o‘tkazgan oxirgi yilim operasiyadan qaytganimdan keyin Marat aka meni qo‘llab-quvvatlaganlar. Farg‘ona futbol internatida millionlar o‘yini sir-asrorlarini o‘rgatgan birinchi murabbiyim Vohid aka, shuningdek, Davron Fayziyevdan ham minnatdorman.

- O‘zbekistonda eng kuchli darvozabon sifatida kimni aytgan bo‘lardingiz?

- Milliy terma jamoamizga taklif etilgan barcha darvozabonlarni kuchli deb hisoblayman.

 

 

NODIR ASHURMATOV

Tug‘ilgan yili: 1994 yil 1 iyul

Tug‘ilgan manzili: Qo‘qon shahri

Tahsil olgan o‘quv dargohi: 17-umumta’lim maktabi

Futbol maktabi: Farg‘ona futbol-internati, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji

O‘ynagan jamoalari: «Paxtakor», «So‘g‘diyona», «Navbahor», «Andijon», «Istiqlol»

Yoqtirgan klublari: «Yuventus», «Manchester Yunayted»

Havas qiladigan futbolchilari: Krishtianu Ronaldu, Rustam Ashurmatov

Yoqtirgan mashinasi: «Gelendvagen»

Sevimli taomi: osh, moshkichiri 

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 00:23, 23.11.2018.
O'qildi: 3212 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.