Bugun bo‘lib o‘tgan yoshlar ligasining 32-tur doirasidagi “So‘g‘diyona” – “Nasaf” uchrashuvi yakuniga yetgach, jamoamiz ustozi Zafar Xolmurodovdan mavsum haqidagi fikrlarini so‘radik.
-Avvalo shuni ta’kidlamoqchimanki, bu yilgi mavsum biz uchun oson kechmadi. Shunga qaramasdan yigitlar bor kuchlarini berishib, munosib o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishdi. Albatta “Nasaf” o‘rinbosarlar jamoasi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa bu – asosiy tarkibimizga o‘yinchilar tayyorlab berish hisoblanadi.
Agar o‘rinbosarlar tarkibidan bir ikki nafar o‘yinchimiz asosiy tarkibdan muqim joy egallasa bu biz uchun ijobiy baho sanaladi. Bu borada jamoamiz bosh murabbiyi Ro‘ziqul aka Berdiyev bilan doimo ham fikr va hamjihatlik bilan ish olib boramiz.
U kishi o‘zining yordami va maslahatlarini bizdan ayamaydi. E’tibor bersangiz, Ro‘ziqul Sa’dullayevich yoshlarimizning har bir o‘yinini diqqat bilan kuzatib boradi. Chunki, “Nasaf”da doimo yoshlarga katta e’tibor qaratiladi va jamoa tarkibi ham ushbu futbolchilar bilan to‘ldirib boriladi.
Bu yil yoshlarimiz tarkibida muntazam to‘p tepgan Dilshod Saitov, Sherzod Temirov, Xudoyorxon Sagdullayev, Oybek Bozorov, Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy va boshqalar asosiy tarkibimizda maydonga tusha boshlashdi. Bulardan ba’zilari esa asosiy tarkibimizdan allaqachon o‘z o‘rnini egallab bo‘lishdi. Biz bu natijalardan juda mamnunmiz. Bu futbolchilarimizdan tashqari ham shunday davogar futbolchilarimiz bor.
Bundan tashqari bizni yana bir jihat quvontiradiki, yuqorida tilga olgan futbolchilarimiz hattoki mamlakatimizning olimpiya terma jamoasi tarkibida maydonga tusha boshlashdi. Albatta yoshlarimiz bu ishonchni oqlashda davom etishlari va o‘z ustilarida ko‘proq ishlashlari kerak bo‘ladi. Chunki, bunday sharaf har qanday futbolchiga ham nasib qilavermaydi.
Kelgusi rejalar? Kelgusi mavsumdagi rejalarimiz albatta katta, keling bu haqda keyinroq batafsil gaplashamiz, - dedi Zafar Zaripovich.