Turkiyaning Konya shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Butunjahon olimpiadasi davom etmoqda.
O‘zbekiston Shaxmat federasiyasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, mamlakat terma jamoasi 5-raundda Rossiya termasini 3-1 hisobida taslim etdi.
Nodirbek Abdusattorov (2560) birinchi doskada Andrey Yesipenko (2609) bilan durang o‘ynadi. Nodirbek Yoqubboyev (2549) ikkinchi doskada Dmitriy Soyni (2429) taslim etdi. Javohir Sindorov (2513) Stefan Pogosyan (2381) bilan durang qayd etdi. Shamsiddin Vohidov (2456) to‘rtinchi doskada Volodar Murzinga (2340) hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
29 noyabr kuni Olimpiadada dam olish kuni, 30 noyabrda esa 6- va 7-turlar bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar o‘rtasidagi shaxmat olimpiadasi 4-raundida AQSHga mag‘lub bo‘lgandi.