Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Intervyu.Ibrohim Otaxonov: «Faoliyatimdagi bir o‘yinni eslashni umuman istamayman»

Intervyu.Ibrohim Otaxonov: «Faoliyatimdagi bir o‘yinni eslashni umuman istamayman»

Baho:
+ | -

Ikki yillik tanaffusdan so‘ng «Andijon» yana kuchlilar safida o‘ynaydi. Joriy mavsum Pro-liga oltin medallarini qo‘lga kiritgan andijonliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superliga yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Jamoa chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganda ushbu imtiyozga rasman ega bo‘ldi.

Bu o‘ziga xos tarixiy voqelik «Istiqlol»ga qarshi kechgan dramatik uchrashuv (2:1)da kuzatildi. Xabaringiz bor, oxirgi turda «Mash’al» o‘z maydonida «Andijon»ni yirik hisobda (4:1) taslim etdi. Agar «Istiqlol» bilan bahsda andijonliklar ochko yo‘qotishganida, hozir vaziyat mutlaqo o‘zgacha ko‘rinish olardi.

«Andijon» Pro-ligada 32ta o‘yin o‘tkazib, 18ta g‘alaba, 9ta durang va 5ta mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati - 57-29. Pro-ligada «Surxon» eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘ldi - 62ta. Lekin janubliklar 53 ochko jamg‘arib, 4-o‘rin bilan kifoyalanishdi.

«Andijon» va «Mash’al» bir xil - 63tadan ochko jamg‘arishdi. O‘zaro o‘yinlar statistikasi vodiyliklarda yaxshi bo‘lgani uchun Muborak jamoasi o‘tish turnirida qatnashadi. Joriy mavsum bu ikki klub o‘zaro to‘rt bor to‘qnash kelishdi. «Andijon» ikki, «Mash’al» bir uchrashuvda zafar quchgan. Bitta o‘yin durang bilan yakunlangan. Biz yaqinda «Andijon»ning yetakchi futbolchilaridan biri Ibrohim Otaxonovdan intervyu oldik.

- Ibrohim, avvalo, Pro-ligadagi g‘oliblik bilan tabriklayman...

- Tabrik uchun rahmat. Mavsum biz uchun murakkab o‘tdi. Yakunda asosiy raqibimiz «Mash’al» bilan bir xil ochko to‘plaganimiz ham fikrimga isbot bo‘ladi. Shunga qaramay, oldimizga qo‘yilgan vazifani a’lo darjada bajardik. Bu yilgi chempionatimiz avvalgisidan ancha farq qildi. O‘yinlar qiziqarli va murosasiz tarzda kechdi.

- Nimasi bilan qiziqarli bo‘ldi?

- Birinchi galda kutilmagan natijalari bilan. Ikkinchidan, Superligaga beriladigan yo‘llanmalar uchun 4-5ta jamoa kurash olib bordi. Ke-yin Pro-ligada o‘z vaqtida elitada o‘ynagan «Mash’al», «Andijon», «Surxon», «Dinamo» kabi jamoalarning qatnashgani ham chempionatga bo‘lgan qiziqishni oshirdi.

- Pro-liga saviyasi oshganmi?

- Biz juda qiyin o‘yinlar o‘tkazdik. Keragidan ko‘p ochko yo‘qotdik. Lekin asosiysi - Superliga yo‘llanmasi uchun kurashgan jamolardan ochko olishga erishdik. Chempionat saviyasini oshirish uchun hali ko‘p islohotlar olib borish kerak. Birinchi galda, ligada baquvvat homiyga ega klublar bo‘lishi, maydonlarning holatini yaxshilash lozim. Shunda Pro-ligaga qiziqish yanada ortadi.

- «Istiqlol» bilan o‘yin haqida nima deya olasiz?

- Mazkur uchrashuv qiyin o‘tishini bilardik. Chunki «Istiqlol»da ham Superligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati saqlanib qolgandi. O‘ziga xos kichik derbida g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Bu muvaffaqiyat bizga elita eshiklarini ochdi.

- O‘yinni boshqargan hakamlarga e’tirozlar bo‘ldi. Maydonda harakat qilgan futbolchi sifatida bunga qanday munosabat bildirasiz?

- To‘g‘ri, hakamlarga e’tiroz bildirildi. Lekin Sherzod Qosimov belgilagan penalti 100 foiz bor edi. Hech kim mag‘lub bo‘lishni xohlamaydi-ku! Shundan keyin e’tirozlar ko‘pa-yib ketdi. Shaxsiy fikrimni bildiraman, hakamning qarori o‘yinga ta’sir o‘tkazmadi.

- Pro-ligadagi hakamlikning saviyasi qay darajada? Futbolchilar tilida aytganda, «chopishlar» bo‘lmadimi?

- O‘FAda hakamlarni nazorat qiladigan bo‘lim bor. Menimcha, ular bu savolga aniq javob bera olishadi.

- Pro-liga ham Superliga kabi yangi formatda o‘tkazildi. Bu futbolchilarga ma’qul keldimi yoki avvalgi tizim yaxshiroqmidi?

- Menimcha, bu yilgisi qiziqroq bo‘ldi. Faqat bitta yomon tomoni - «V» guruhida o‘ynagan jamoalarda Superligaga chiqish imkoniyati keskin pasa-yib ketdi.

- Pro-liga klublari maydonlarining sifati qay darajada? Kiyinish, yuvinish xonalarida sharoitlar yaxshimi?

- Oldingilaridan yaxshi, lekin hali talab darajasida emas.

- Qaysi klub stadionlarining chimi talabga javob bermaydi?

- «Norin», «Orol», «Xorazm» kabi jamoalarda muammolar bor. Ayniqsa, Nukusdagi sun’iy qoplamali maydonda o‘ynash juda qiyin bo‘lyapti.

- «Andijon» stadionining maysasi talabga javob beradimi?

- Maydonimizdagi chim boshqa jamolarnikidan yaxshiroq. Lekin Superliganing talablari ancha jiddiy. Klub rahbariyati «Sog‘lom avlod» stadionida bu boradagi ishlarni boshlab yuborgan. O‘ylaymanki, yangi mavsumda sifatli maydonda o‘ynaymiz.

- Butun mavsum davomida jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislar haqida nima deya olasiz?

- «Andijon»ning barcha muxlislariga rahmat aytmoqchiman. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari natijasida uy uchrashuvlarida g‘alabalarga erishdik. Superligada ham ishqibozlarni xushnud etishga astoydil harakat qilamiz.

- Jamoa Superligada ishtirok etishga tayyormi? Yoki tarkib sezilarli darajada kuchaytirilishi kerakmi?

- Menimcha, safimizga yangi futbolchilar kelib qo‘shiladi. Katta ehtimol bilan barcha chiziqlar kuchaytiriladi. Albatta, bu masalani bosh murabbiy hal qiladi.

- Ibrohim, sizni bilganlar biroz qo‘pol o‘yinchi deyishadi. Hakamlar tomonidan ko‘p ogohlantirilasiz. Bu xarakter bilan bog‘liq holatmi yoki boshqa sabablari bormi?

- Maydonda bor kuchim bilan harakat qilaman. Shunga bo‘lsa kerak, ba’zida keraksiz joyda ham qo‘pollik ishlatib qo‘yaman. Lekin maydon tashqarisida og‘ir-bosiqman.

- Murabbiylar bu haqda o‘zingizga ham aytishadimi?

- Ha, «Bo‘lar-bo‘lmasga qizishavermagin», deyishadi.

- «Andijon» bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz? Kelasi yili ham «burgutlar» sharafini himoya qilasizmi?

- Mavsum boshida «Andijon» bilan bir yillik shartnoma tuzganman. Albatta, kelasi yili ham shu klubda o‘ynayman.

- Garchi Muborakdagi so‘nggi o‘yin hech narsani hal qilmasada, «Andijon»ning yirik hisobda yutqazishini ko‘pchilik kutmagandi. Bu xotirjamlikka berilish oqibatimi?

- Shunday desa ham bo‘ladi. Lekin muddatidan oldin Superligaga chiqish vazifasini bajarganimiz uchun murabbiylar o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan futbolchilarni maydonga tushirishdi. Asosiy tarkib o‘ynaganida, natija boshqacha bo‘lardi.

- Pro-ligada kelishilgan o‘yinlar ko‘p bo‘ldi, deyishyapti...

- Bunday gap-so‘zlardan ancha uzoqdaman. Bizga qo‘yilgan vazifa - Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish edi va buni uddaladik.

- Superligada kechayotgan kurash haqida qanday fikrdasiz?

- Chempionat yangicha formatda o‘tkazilyapti. Birinchi bosqichdan keyin ochkolar olib tashlandi. Shu holat juda qiziq bo‘ldi. Ayrim jamoalarning zarariga ham ishladi. Televizorda ko‘p o‘yinlarni tomosha qildim. O‘tgan yilgi chempionat bilan taqqoslaganda, saviya birmuncha oshgandek ko‘rindi. Ayniqsa, ikkinchi oltilik jamoalari orasida kurash ancha qizidi.

- Terma jamoamiz o‘yinlarini ko‘rdingizmi?

- Albatta. Shu kungacha oltita uchrashuv o‘tkazildi. Har xil natija qayd etildi: yutqazdik, yutdik, durang. Yangi murabbiy kelganidan keyin milliy jamoada yangi futbolchilarni sinab ko‘rishni boshladi. O‘yinlarda har xil tarkibni maydonga tushirdi. Shu sababdan ham o‘rtoqlik bahslarida natija birinchi darajaga chiqmadi. Janubiy Koreyaga qarshi kechgan so‘nggi o‘yinni olsak, futbolchilarimiz juda sust darajada o‘ynashdi. Tabiiyki, hisob ham shunga yarasha bo‘ldi.

- Yirik hisobdagi mag‘lubiyatimizning asl sabablari nimada bo‘ldi?

- Futbolchi sifatida fikr bildirsam, asl sababi - jismoniy jihatdan tayyor emasligimiz. Raqibga kuchimiz yetmadi.

- Ektor Kuperning imzosi ko‘rinmadi. Murabbiyning xatosi ham bormi?

- Uning taktikasiga hali yigitlarimiz to‘liq moslashib olishmadi. Argentinalik mutaxassis jamoamizni hozircha faqat himoyaviy taktikada o‘ynatyapti.

- Bu ketishda termamiz Osiyo kubogida natijaga erisha olarmikan?

- Qit’a birinchiligida zafar quchish uchun bor kuch bilan harakat qilish kerak. Musobaqagacha hali vaqt bor. Murabbiy va futbolchilar zimmalaridagi vazifani sharaf bilan uddalashadi, degan umiddaman.

- Guruhdagi raqiblar haqida nima deya olasiz?

- Yaponiya, Ummon va Turkmaniston. Guruhdan bemalol chiqishimiz kerak. Osiyoda o‘z o‘rnimiz bor. Agar o‘yinimiz qovushsa, futbolchilarimiz istalgan kuchli raqibni mag‘lubiyatga uchrata oladigan salohiyatga egalar.

- Ibrohim, endi sizga blis-savollar bilan murojaat qilaman. Faoliyatingizda eslashni istamaydigan o‘yin bormi?

- Ha, bor. O‘z maydonimizda «Neft-chi»ga imkoniyatni boy berganmiz. O‘shanda ham «Andijon» sharafini himoya qilardim.

- Nima uchun eslashni istamaysiz?

- Bu uchrashuv 2015 yilgi mavsumga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda o‘z muxlislarimiz ko‘z o‘ngida 0:4 hisobida yutqazgandik.

- Aksincha, qaysi o‘yinni ko‘p eslaysiz?

- «Andijon» - «Paxtakor» bahsini ko‘p yodga olaman. Adashmasam, mazkur uchrashuv 2012 yili bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda 2:1 hisobida zafar quchganmiz.

- Faoliyatingizdagi eng omadli mavsum va aksincha?

- Hozircha 2010 yilgi mavsum eng omadlisi bo‘lib turibdi. Chempionatni 5-o‘rinda yakunlagandik. Omadsizi esa 2016 yilga to‘g‘ri keladi: elitani tark etgandik.

- Qaysi jamoaga ishqibozlik qilasiz?

- «Barselona» muxlisiman.

- Futbolchilardan-chi?

- Xavining o‘yinlarini o‘zgacha ishtiyoq bilan tomosha qilaman.

- Qaysi taomni xush ko‘rib iste’mol qilasiz?

- Ko‘proq osh yeyman.

- Sevimli avtomobilingiz?

- VMW.

- Qaysi shaharga borishni istaysiz?

- Nasib qilsa, Makkaga!

- Sevimli raqamingiz bormi yoki bu siz uchun ahamiyatsizmi?

- Bor, «13».

- Birinchi murabbiyingiz kim?

- Dilshod Azimov. Ushbu mutaxassisdan umrbod minnatdorman.

- Millionlar o‘yini bo‘yicha tahsil olgan ilk ta’lim dargohingiz?

- Andijon bolalar futbol maktabi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 04:06, 30.11.2018.
O'qildi: 2343 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.