Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Betakror Kolina aqidalari

Betakror Kolina aqidalari

Baho:
+ | -

- Tasavvur qiling, siz hakamsiz. Ixtiyoringizda bexavotir hudud yo‘q, doimiy bosim, tahlika... - Moskvada tashkillashtirilgan biznes-forumga tashrif buyurgan italiyalik mashhur mutaxassis keskin vaziyatlarda qabul qilinadigan qarorlar haqidagi hikoyasini shunday boshladi. Bu borada Kollinaning tengsiz ekanligiga shubha yo‘q: faoliyati davomida 6 marta dunyoning eng yaxshi hakami maqomiga erishgan adolat himoyachisini halolligi, qat’iyati va hammaga bir xil munosabatda bo‘lgani uchun hurmat qilishadi. Hakamlik olami superyulduzining asosiy aqidalari tayin:

1.     Hakamning har bir xatosi ulkan mablag‘lar taqdirini hal qiladi. Kollina misol tariqasida bir nechta bahsli penaltilar va JCH-2010 doirasidagi Angliya - Germaniya uchrashuvida inobatga olinmagan golni eslatib o‘tdi: «Har bir qaror ortida katta pul turadi. Jamoaning g‘alabasi, kubokni qo‘lga kiritishi yoki keyingi bosqichga chiqishi millionlab dollarni o‘z ichiga olgan yangi shartnomaga yo‘l ochib beradi. Hakamning birgina xatosi esa bularni barbod etadi».

2.     Hakam futbolchining fe’l-atvori, o‘yin uslubini yaxshi bilishi kerak. «O‘yinchi to‘pni qaysi oyog‘i bilan boshqaradi, qaysi a’zosi yordamida to‘xtatadi, yon chiziqdan qay tariqa uzatadi. Deylik, «Liverpul» vakili Jo Gomes to‘pni yon chiziqdan juda uzoqqa otardi. Bundan xabardor referi to‘p jarima maydonchasiga tushishini oldindan biladi» - Kollina tinglovchilarga Yevropa Millatlar Ligasi doirasidagi Angliya - Xorvatiya uchrashuvidan olingan lavhani namoyish etdi. O‘sha vaziyatda Gomes to‘pni jarima maydonchasiga uloqtirgach, Lingard gol urgandi. «Hakam jarima maydonchasi ichida turgani uchun hammasini to‘g‘ri baholadi. Nima uchun? Chunki u Gomesning uslubidan yaxshi xabardor edi» - bu Kollinaning vaziyatga izohi.

3.     Hakam raqib jamoalarni yaxshi o‘rganishi kerak. Kollina JCH-2002 finali arafasida 2 kun davomida Braziliya va Germaniya terma jamoalari o‘yinlarini videolavhalar yordamida sinchiklab o‘rgangan, kerakli ma’lumotlar va o‘ziga xos jihatlarni yozib olgan ekan. «Kafu va Roberto Karlos yangi hujumni boshlash uchun qanday harakat qilishadi? Jamoalarning taktik uslublari qanday? Hozir hakamlarning tayyorgarlik jarayonida jamoalar o‘yinlarini 2 kunlab kuzatishlari shart emas. Endi har qaysi lavhaga bexato baho berish uchun alohida videomateriallar mavjud. Masalan, burchak zarbasi amalga oshirilgan payt «Chelsi» futbolchilari qanday harakatlanishlari haqidagi material», - dedi Kollina.

FIFA Hakamlar qo‘mitasi rahbari o‘z ma’ruzasini yakunlagach, yumushlari ko‘pligiga qaramay, chamasi yana 15 daqiqa davomida turli savollarga javob berdi...

- Qorin og‘rig‘i va hojatxonaga borish ehtiyoji kabi noxush holatlardan qochish uchun o‘yin arafasida nimalarni tanovul qilish ma’qul?

- Odatiy parhez. O‘yin vaqti yaqinlashgan payt eng qulay yegulik - pasta. Uni uchrashuvdan 3 soatcha avval bemalol iste’mol qilardim. Keyin miriqib uxlardim. Agar uchrashuv odatdagidan kechroq vaqtga belgilangan bo‘lsa, kunduzi ham 1-2 soat mizg‘ib olardim. 2002 yili Yaponiya mundiali finalini boshqarganman. O‘yin mahalliy vaqt bilan soat 19:30ga belgilangandi. Uxlab qolmaslik uchun qo‘ng‘iroq tizimini yoqib qo‘ydim. Axir vaqt tavofuti o‘zgarganida, g‘aflatda qolish hech gap emas. Biroq bu faqat menga xos holat. Ko‘plab hakamlar qattiq hayajonlanib, o‘yin arafasida umuman uxlamaydilar.

- Biror o‘yinni boshqarish jarayonida qorin og‘rishi yoki shunga o‘xshash qandaydir muammoga duch kelganmisiz?

- Hech qachon.

- JCH-2002 finali tugagach, futbolchilarga nima deganingiz esingizdami?

- Braziliyaliklarni g‘alaba bilan tabrikladim - bu odatiy hol. O‘sha hal qiluvchi bahsda maydonga tushgan o‘yinchilarni Yevropaning kuchli chempionatlari va CHLdagi ishtiroklari orqali yaxshi bilardim. Final bahsiga Yaponiya imperatorining tashrifi tufayli maydonga tushishimiz chamasi 1 soatdan ko‘proqqa cho‘zilib ketdi. Uzoq vaqt yerosti yo‘lagida qoldik. Kiyinish xonasidan chiqishga ulgurgandik. Shu bois, faxriy mehmon kelishiga qadar o‘zaro suhbatlashib turishdan boshqa choramiz qolmagandi. Xullas, Germaniya va Braziliya terma jamoalari a’zolari, hakamlar o‘zaro gurunglashishdi, jumladan, men ham chetda turmadim. Hammamiz bir-birimizga yaxshi tanish edik, shuning uchun suhbat rosa qizigandi. Muayyan bir mavzu yo‘q, «har sohadan bir shingil» qabilida qisqa muloqotlar...

- Vaqtida iqtisod yo‘nalishida tahsil olgansiz. Bilimingiz hakamlikda nechog‘li qo‘l keldi?

- Iqtisod bo‘yicha bilimim ko‘plab qarorlar qabul qilishimda sezilarli darajada dalillik bag‘ishladi, ayniqsa, yoshlik davrida. Doimo qandaydir keskin qarorlar chiqarishimizga to‘g‘ri keladi, lekin yoshlikda ko‘pchilik uchun barchasini kimdir hal qilib berishi kerakdek tuyuladi: ota-onamiz, o‘qituvchilar, do‘stlarimiz yoki akalarimiz. Hakamlik 17-18 yoshdayoq o‘zimdan katta kishilar ustidan qaror chiqara boshlashimni taqozo etdi. Ularning futboldagi taqdirlari menga bog‘liq edi. Bunda ham iqtisodga oid ko‘nikmalar rosa qo‘l keldi.

- CHL-1998|1999 finali. Afsonaviy o‘yinni aynan siz boshqargan edingiz. «MYU» amalga oshirgan beqiyos «kambek» qanday yuz bergandi?

- 91-daqiqada «MYU» javob golini urib, muvozanatni tiklagach, uchrashuv yana yarim soatga cho‘zilishini o‘yladim. Hamma qo‘shimcha bo‘limlarga shaylangan, 2-gol hech kimning xayoliga kelmagandi. Biroq angliyaliklar «Bavariya» darvozasini yana bir bora ishg‘ol qilib, barchasiga nuqta bosishdi - tamom. Bu barcha uchun ajoyib saboq edi: «Doimo oxirigacha kurashish kerak!»

- O‘sha lahzalarda qandaydir ehtirosga berilganmisiz?

- Aslo! Axir men o‘ynamagandim, shunchaki, o‘yinni boshqarib borgandim.

- Faoliyatingiz davomida kuzatilgan eng murakkab bahs...?

- Mas’uliyat nuqtai-nazaridan olganda, JCH va CHL finallarini aytishim mumkin. Ammo eng murakkab o‘yinlarga yosh hakam maqomida Italiya quyi divizionlarida duch kelganman. Chunonchi, pastda hakamlarni muxlislar xurujidan himoya qilish darajasi juda past. CHL o‘yinida esa hech kim hakam oldiga yaqinlasholmaydi. Quyi ligalarda atigi 200 kishilik olomon, xavfsizlik vositalari ham, masofa ham yo‘q. To‘g‘ri, shaxsan o‘zim noxush holatga duch kelmaganman, lekin quyi ligalarda hakamlarga nisbatan umumiy munosabat - jiddiy muammo.

- Qaysidir jamoaga yordam berishingiz uchun sizga necha marta pora taklif qilishgan?

- Hech qachon. Poraxo‘rlik taqiqlangan. Ochig‘i, bu savol meni g‘oyat hayratga soldi.

- O‘yinchilar bilan tez-tez hazillashib turardingiz...

- Internetda suratlarim to‘lib yotibdi: xushchaqchaq va o‘ta jiddiy qiyofadagi Kollina. Inson hech qachon o‘zligini yo‘qotmasligi, har dam tabiiy qiyofasida turishi kerak. Hazil-mutoyiba - yaxshi. Ha, hamisha hazilga asos topardim. O‘z navbatida, futbolchilar ham ba’zan ustimdan kulishardi. Deylik, «Chelsi»dagi Dennis Uayz yonimda turib, qitmirlik qilardi. Buning yomon tomoni yo‘q - futbolga tabiiylik yarashadi.

- Taqir boshingizga bog‘liq hazillarga ham duch kelganmisiz?

- Yo‘q, bunaqasi biror marta kuzatilmagan.

- Rossiya futboli vakillaridan kim bilan miriqib suhbatlashgansiz?

- JCH-2018dan keyin Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi bilan Londondagi master-saboq jarayonida uchrashib, bafurja otamlashdik. U ingliz tilida ravon so‘zlashadi. Xullas, JCH voqealari, Rossiya termasi muvaffaqiyatini esga oldik.

- Sohil bo‘yida shinam uyingiz borligidan xabardormiz. Hayotdan boshqacha zavqlansangiz kerak...

- Ha, Forte-dei-Marmi oroli sohilida istiqomat qilaman. Bu osuda shaharcha bamaylixotir hordiq chiqarishim uchun juda mos go‘sha. Uyim shundoq sohil bo‘yida, plyaj ham uzoq emas. Oila a’zolarim - 2 nafar qizim va nabiram bilan birga bo‘lish maroqli. Ammo ko‘pincha buning iloji topilmaydi. FIFAdagi yumushlar tufayli tez-tez safarga chiqishimga to‘g‘ri keladi...

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 22:30, 04.12.2018.
O'qildi: 2904 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.