Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Belarus davlatiga qilgan ishchi tashrif davomida bu yerda yo‘lga qo‘yilgan sport mutaxassislarini tayyorlash tizimi bilan tanishdi.
Maktabgacha va o‘rta ta’lim muassasalari, sport maktab-internatlari hamda olimpiya zaxiralari maktablari uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda sport ta’limi va diversifikasiyaning ahamiyatiga urg‘u berib o‘tildi.
Tashrif davomida Belarus Respublikasi milliy terma jamoalari zaxirasini ta’minlashda hamda umumiy va o‘rta muassasalari uchun yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda tayanch muassasa hisoblangan Respublika davlat olimpiya zaxiralari bilim yurtida sport mutaxassislari tayyorlash tajribasi o‘rganildi. O‘zbekiston delegasiyasi tomonidan mazkur bilim yurtiga o‘quvchilarni tanlab olish va tayyorlashda amalga qilinayotgan tizim hamda tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar o‘rganildi. Tomonlar belaruslik mutaxassislarni jalb qilgan holda yurtimizdagi olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha kelishib olishdi.
Shuningdek, delegasiyamiz Belarus davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga tashrif buyurib, oliy ta’lim muassasasi o‘quv bazasi (engil atletika maneji, suzish havzasi, trenajyor, batut va chigal yozdi zallari), sport sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash jarayonining tashkil etilishi hamda universitetning kafedralararo o‘quv-ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi bilan tanishdilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida Belarus davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda fakultet ochish orqali ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab hamkorlikdagi fakultetda kadrlar tayyorlash «2+2» tartibida amalga oshiradi, bunda talabalarga 2 yil O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida nazariy bilimlar o‘qitilsa, keyingi 2 yil Belarus davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining o‘quv-amaliy (sport) bazalarida ta’lim beriladi.
Bundan tashqari, tomonlar qishki sport turlari bo‘yicha trenerlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olishdi.