Joze Mourinyo «Benfika» bilan xayrlashdi. Portugaliyalik mutaxassis ijtimoiy tarmoqlarda klub muxlislariga murojaat qildi. Avvalroq murabbiy 15 million yevro tovon puli evaziga Madridning «Real» klubiga o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
«Menga «Benfika»da ishlash imkoniyatini bergani uchun prezident Ruy Koshtaga minnatdorlik bildiraman. Ushbu klub manfaatlarini himoya qilish men uchun katta sharaf va imtiyoz bo‘ldi.
Shuningdek, yuqori professionallik, ishga sadoqat va mas’uliyat namunasini ko‘rsatgan barcha klub xodimlariga ham o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.
Men bilan birga ishlagan futbolchilarga samimiy tashakkur aytaman va ularga shaxsiy hamda professional faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Men o‘zim bilan bir lahzalik xotira emas, balki mustahkam rishtalarni olib ketyapman. Bir paytlar mening futbolchim bo‘lgan inson har doim mening futbolchim bo‘lib qoladi», — deb yozdi Mourinyo ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Joze Mourinyo 2025–2026 yillar davomida «Benfika»ni boshqardi. Portugaliyalik mutaxassis bundan avval ham, 2010–2013 yillarda, Madridning «Real» klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan edi.













