"Nasaf"da qariyb 10 yildan beri ishlab kelayotgan ukrainalik mutaxassis intervyu berdi.
Shu yilning may oyida "Nasaf" futbol klubi bosh menejeri etib tayinlangan Sergey Kucherenkoning ikkita kabineti bor. Biri "Nasaf" futbol akademiyasi ichida joylashgan. Bunda Sergey Petrovich 9 yil o‘tirib astoydil mehnat qildi. Ikkinchisi esa stadionda joylashgan. Bu kabinetga ukrainalik mutaxassis may oyida ega bo‘ldi. Avvalgi bosh menejer Shamil Yarulin ishdan bo‘shagach, uning joyi ko‘p vaqt bo‘sh qolmadi. Klub rahbariyati chetdan nomzod qidirib o‘tirmay klub tizimida qariyb 10 yildan beri ishlab kelayotgan Sergey Kucherenkoga ishonch bildirdi.
O‘tgan hafta xizmat safari bilan "Nasaf" klubida bo‘lib, bolalar va o‘smirlar futbol maktabi bilan yaqindan tanishdim. Sergey Petrovich bilan ilk uchrashuv uning stadiondagi kabinetida bo‘ldi. Biroz suhbatlashgach, u kishi menga bemalol akademiya bilan tanishib chiqishingiz mumkin, sal turib men ham o‘taman va o‘sha yerda bafurja gaplashamiz dedi. Akademiyadagi sharoitlar bilan tanishib bo‘lgach, Kucherenko meni yuqori qavatdagi kabinetiga taklif qildi. Natijada suhbatimiz shu yerda kechdi.
- Bu kabinet men uchun juda qadrli, - deydi Sergey Petrovich. - Axir qachondan beri shu yerda o‘tirib ishlayman. "Nasaf" akademiyasini rivojlantirish borasidagi eng muhim qarorlar shu kabinetda qabul qilingan. To‘g‘risini aytsam, bu yerda o‘zimni ancha erkin his qilaman.
- Bu akademiyani boshqarish klubni boshqarishga nisbatan birmuncha yengil ekani bilan bog‘liqmi?
- Yo‘q, gap unda emas. Shunchaki to‘qqiz yil bir joyda o‘tirib ishlagandan keyin kabinetga o‘rganib qolar ekansiz. Men ilk bor Qarshiga 2009 yil kelgandim. Shu paytgacha "Nasaf" futbol maktabini boshqargan bo‘lsam, shu yilning may oyidan klubga bosh menejer etib tayinlandim. Shunga qaramay, akademiyadan uzoqlashib ketganim yo‘q. O‘rnimga direktor etib Valentin Poddubniyni tayinladim. Bu insonni yoshi katta muxlislar yaxshi biladi. O‘z paytida "Neftchi"da o‘ynab O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Valentin futbolni ichidan biladi, bolalar futboliga umuman befarq emas. O‘z ishini sidqidildan bajarishga harakat qiladi. Menga maktabni boshqarish uchun intiluvchan kadr kerak edi, shu bois Poddubniyni akademiya direktorligiga ma’qul ko‘rdim.
Yaxshi bilasiz, akademiyamiz tarbiyalanuvchilari shu yil o‘tkazilgan U-18 O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu o‘zi-o‘zidan ro‘y berib qolgani yo‘q. Bunda Valentin Poddubniyning ham hissasi katta. Axir 7-turdan to oxirigacha jamoani u boshqardi. Lekin biz faqat natija orqasidan quvmaymiz. Shuni ishonch bilan aytishim mumkin, chempion bo‘lgan U-18 tarkibini kelasi yil to‘liq o‘rinbosarlar jamoasiga aylantirsa bo‘ladi. Chunki bizning vazifamiz yaxshi futbolchilarni tarbiyalab asosiy tarkibga yetkazish. Hamma narsaga vaqt kerak. Daraxt ham bir yilda meva bermaydi. Futbolda natija kelishini yillab kutishga to‘g‘ri keladi. Menga yaqindan yordam berib kelayotgan sport direktori Nikolay Minchev ham klub rivoji uchun astoydil ishlab kelmoqda.
- Chempion bo‘lgan U-18 jamoasi 2000-2001 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iboratmi?
- Hatto 2002 yilda tug‘ilgan bolalar ham bor.
- Ularni kim tarbiya qilgan?
- O‘z vaqtida 2000 yilda tug‘ilgan futbolchilar bilan Eldor Moyliyev ishlagandi. O‘zim ham Eldor bilan bu jamoani shug‘ullantirganman. Ikki yil oldin biz shu yigitlar bilan Respublika tayyorlov guruhlari musobaqasida "Bunyodkorni" yutib birinchi o‘rinni egallagandik. Bu yil esa U-18 chempioni bo‘ldik. 2016 yil chempion bo‘lgan ko‘p bolalarni o‘rinbosarlar tarkibiga o‘tkazdik, biroq ayrim sabablarga ko‘ra ular bilan muammo yuzaga keldi. Shunda nima qilishni bilmay bosh qotib turganida PFL U-18 chempionatini tashkil etdi. Bu esa ayni muddao bo‘ldi. Yigitlarni bir joyga yig‘ib tezda jamoa tuzdik va musobaqada qatnashish uchun ro‘yxat topshirdik. 2000 yilda tug‘ilgan bolalar safiga 2001-2002larni ham qo‘shib yaxlit jamoa hosil qildik.
- "Paxtakor" bilan "Buyondkor"da ham kuchli maktab bor. Ammo chempionlikni "Nasaf" qo‘lga kiritdi, demak bu ham tasodifan ro‘y berib qolgani yo‘q. Ayting-chi, "Nasaf"ning muvaffaqiyat siri nimada?
- Siri shundaki, biz har bir bolaga jiddiy e’tibor berishga harakat qilamiz. Esimda, 2009 yil birinchi marta Qarshiga kelib, viloyatning o‘sha paytdagi hokimi Nuriddin Zayniyevich bilan uchrashganimda u kishi mendan "Bizda bolalar futbolini qanday ko‘rasiz? Yaxshi futbolchilarni chiqarsa bo‘ladimi?" deb so‘ragandi. O‘shanda men yaxshi futbolchi chiqishi uchun birinchi navbatda ovqatlanishga jiddiy e’tibor berishimiz kerak degandim. Ko‘pchilikning turmush tarzidan kelib chiqib hammani ham boy oiladan deya olmaymiz. Yaxshi ovqatlanmaydigan bolalar talaygina. Shu bois hamma birgalikda ovqatlanishini yo‘lga qo‘ydik.
Keyin esa mashg‘ulotlarga e’tibor qarata boshladik. Bolalar futbolida yildan yilga bolaning kuchiga kuch qo‘shib borish o‘ta muhim sanaladi. Uchinchidan esa jiddiy tartib-intizom. Ba’zi bolalar maktabimizga endi kelgan payt to‘g‘ri ovqatlanishni, hatto tish yuvishni bilmasdi. 1997-98 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilarimiz yaxshi chiqdi deb ayta olaman. Ularga men bilan Umar Rahmatullayev ustozlik qilgan. Mana hozirgi paytga kelib shu yoshdagilardan yetti-sakkiz nafari asosiy tarkibda o‘ynayapti. Umuman olganda hamma guruhda yetakchilar bo‘lgan.
Bolalar futbolida har bir guruhdan kamida ikki nafar futbolchi yetkazib bersang shuning o‘zi katta natija hisoblanadi. Ba’zida mendan so‘rashadi: qolgan futbolchilar qayerga ketdi? Futbol - qiyin o‘yin, har doim ham yaxshi futbolchi yetishib chiqavermaydi. Kimdir shu yerda qolib asosiy tarkibga kirishga harakat qiladi, kimdir o‘ziga boshqa jamoa qidiradi. Men shu o‘rinda Ro‘ziqul Berdiyev uchun xursandman. Jamoamiz bosh murabbiyi asosiy urg‘uni klub tarbiyalanuvchilariga qaratib juda to‘g‘ri yo‘l tutdi. O‘z navbatida bu yigitlar murabbiyni uyaltirib qo‘yishmadi. Esingizda bo‘lsa, 1994 yilda tug‘ilganlar Meksikaga borib kelganidan so‘ng mashinali bo‘lishgandi. Ammo o‘sha tarkibdan deyarli hech kim yuqori saviyada o‘ynab keta olmadi. Bu yil Xitoyda chempion bo‘lib qaytganlardan esa deyarli hammasi o‘z klubining asosiy tarkibida o‘ynayapti. Shu musobaqada ikki nafar futbolchimiz Odil Hamrobekov bilan Aziz G‘aniyev juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.
- Shu o‘rinda Qarshiga kelgan dastlabki yillarni yodga olsangiz.
- Taniqli menejer Bahrom Davlatovning Ukrainada ko‘p tanishlari bor edi. Bahrom Boyjonovich o‘shanda O‘zbekistonga kelib ishlay oladigan murabbiy qidirib yurgan ekan. Tanishlarimdan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistondan ikkita taklif bor, borib ishlaysanmi deb so‘radi. Takliflardan biri oliy liga klubidan ekan. Men shu zahoti yo‘q dedim. Ikkinchisi esa bolalar futboliga doir edi. Men Odessada futbol maktabi shakllantirgan emasmi, ikkinchi taklif ko‘proq qiziq tuyuldi. Men ishlagan payt Odessadagi maktab "Chernomores" bolalar futbol maktabi deb yuritilardi. Hozir nomi o‘zgargan: DSSH-11 deb nomlanadi. Maktab direktori Grigoriy Filipovich Krivenko o‘z vaqtida menga ustozlik qilgan. Men bu insondan umrbod minnatdorman. 1999-2004 yillar oralig‘ida shu maktabda ishladim. Undan keyin boshqa jamoaga o‘tdim.
Xullas, taklifga rozi bo‘lib avvaliga Toshkentga keldik. Qarasam, hammayoq chiroyli va ozoda. Keyin mashinada Qarshi tomon yo‘lga chiqdik. Samarqanddan o‘tgandan so‘ng buyog‘i cho‘lga o‘xshash joy deng. Men esa hayron: bu yerda futbol bormi o‘zi? Qarshiga kelib joylashgach uch kun faqat shahar aylandim. Futbolga aloqador baza topishga harakat qildim. Keyin oxiri so‘radim: o‘zi bu yerda nima bor? Hech narsa yo‘q deyishdi. "Endi nima qilamiz?" Nima qilish kerakligini siz bilasiz, shuning uchun ham sizni taklif qilganmiz. O‘zingiz qurilish va boshqa ishlarga bosh-qosh bo‘lasiz deyishdi. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar deb ishga kirishdim. Ishonasizmi, hozirgacha Qarshi ko‘chalari nomini bilmayman, lekin shahardagi hamma stadionni yodlab olganman. Bu yerga kelib o‘z oldimga savol qo‘ydim: nima qilsa "Nasaf"da bolalar maktabini kuchaytirsa bo‘ladi. Keyin ishga kirishdim.
- Akademiyadagi sharoitlar haqida gaplashsak?
- Men endi kelganimda qurilish boshlangan kezlar edi. Boshida 70 kishi shu yerda ovqatlanar, yana 70 kishini ovqatlantirish uchun "Ikarus" avtobusida "Jayhun" mehmonxonasiga olib borib kelardik. Sharoit hozirgidek yaxshi emasdi, hatto yuvinish uchun "Nasaf"ning eski dushidan foydalanardik. Hammasi keyin qurib bitkazildi. 2009 yilning mart oyida akademiyani rivojlantirish dasturini ishlab chiqdik. Har bir yoshdagi guruh kollej maydonlarida shug‘ullanardi. Maydonga ham o‘zimiz qarardik. Xullas sharoitni o‘zimiz uchun o‘zimiz tayyorladik. Keyinchalik akademiya oldida sun’iy maydon barpo etilib, shundan so‘ng o‘zimizda mashg‘ulot o‘tkaza boshladik.
Maktabimizning ilk "qaldirg‘ochlari" 1993-94 yilda tug‘ilgan bolalar bo‘lgan. Oradan qariyb 10 yil o‘tdi, biroq bolalar va murabbiylarga bo‘lgan talab o‘zgargani yo‘q. Yosh futbolchilardan avvalo intizomni talab qilamiz. Eng asosiy mashg‘ulot va o‘yinlarni yozib olgan holda bolalarning o‘ziga qo‘yib beramiz, murabbiylarga ko‘rsatib tahlil qilamiz. Murabbiy shunga qarab keyingi dasturni ishlab chiqadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha darslar grafigini ham ishlab chiqqanmiz.
Bolalar qatnaydigan maktab uzoq emas, tarbiyalanuvchilarimiz 23 va 34-maktabga qatnab o‘qiydilar. O‘qishdan keyin ovtqatlanib bo‘lgach, yana mashg‘ulot o‘tkaziladi. Kechki payt maktab fanlaridan qo‘shimcha darslar bo‘ladi. Buning uchun chetdan o‘qituvchilar yollaganmiz. Ular futbolchilarga matematika, odam anatomiyasi, rus, ingliz tili va kompyuter saboqlaridan dars berishadi. Biz chaqirgan o‘qituvchilar 23-maktabda ishlaydilar. Ular darsdan so‘ng akademiyaga kelib bolalarga qo‘shimcha dars o‘tishadi. Chunki ertaga futbolchi chiqmasa ham asosiysi bolalar yaxshi inson bo‘lib yetishsin deymiz. Hozir o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqib ish olib boryapmiz. Agar sizda oddiy mashina bo‘lsa, qimmatiga qarab o‘tirmaysiz, boridan foydalanasiz, to‘g‘rimi? Bizda ham shunday. Nimaga ega bo‘lsak shundan foydalanishga harakat qilyapmiz.
- Akademiya tashkil qilish kimning fikri bo‘lgan?
- Avvalo hayot shuni taqozo etgan. Futbolga qiziquvchi bolalar ko‘pligidan akademiya ochmasak bo‘lmasdi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori katta turtki bergan. Marhum Nuriddin Zayniyevich "Nasaf" yuqoriga ko‘tarilishi uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U kishining vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, har kuni kelib akademiya holidan xabar olib ketardi. Deyarli hech bir o‘yinni o‘tkazib yuborganini eslay olmayman. Nuriddin Zayniyev bolalar futboli bo‘ladimi, ikkinchi ligami yo asosiy tarkib o‘yinimi, xullas hammasini kuzatib borardi. Doim muammolarni hal qilish bilan ovora bo‘lardi. U kishi mendan bizda murabbiylar saviyasi qanaqa, nima qilsak yanada yuqoriga ko‘taramiz deb ko‘p so‘rardi.
Bemalol aytishim mumkin, Qashqadaryoga shunday rahbar ishlashi natijasida omad kulib boqdi, chunki u kishi bo‘lmaganida hozirgi sharoitlar bo‘lmasdi. Shu o‘rinda sobiq viloyat prokurori Xudoyqul To‘rayevichni alohida eslab o‘tish joiz. U kishi ham futboli rivoji uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Bundan tashqari "Sho‘rtangazkimyo" majmuasining avvalgi rahbari Alisher Saidabbosovich Sultonovning xizmatlarini aytmaysizmi. U inson hech bir ishni yomon qila olmasdi, doim ortig‘i bilan bajarardi. Va albatta, Bahrom Davlatovni ham unutib bo‘lmaydi. U kishi futbolning haqiqiy fidoyisi. Men "Nasaf" akademiyasini rivojlantirishda mana shunday kishilar bilan ishlaganimdan benihoya xursandman. Agar atrofimizda shunday insonlar bo‘lmaganida "Nasaf" akademiyasi bu qadar yuqoriga ko‘tarilmasdi.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
(Davomi bor)