Yangicha tartibda tashkil etilgan va yil boshidanoq ko‘pchilikning o‘zgacha qiziqishini torta olgan O‘zbekiston Superligasining 2018 yilgi mavsumi ham ortda qoldi.
Mavsum-2018 yilda bir qator murabbiy, futbolchi va darvozabonlar ishonchli, ko‘pchilikka manzur keladigan o‘yin namoyish etib, futbol jamoatchiligi olqishlariga sazovor bo‘lishdi.
Professional Futbol Ligasi bugun ortda qolayotgan Yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o‘tkazadi. Yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan marosimda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi deya e’tirof etiluvchi nomzodlar eng yaxshilar uchun atalgan mukofotlarni qabul qilib olishadi.
PFL rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida turli nominasiyalarda eng yaxshi bo‘lish uchun nomzodlar nomini e’lon qilib boradi.
Yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar
MARAT BIKMAYEV (“LOKOMOTIV”). “Lokomotiv” jamoasi hujumchisi – Marat Bikmayev xuddi 2017 yilda bo‘lgani kabi 2018 mavsumda ham barqaror o‘yin ko‘rsatdi. Mahoratli o‘yinchi 29 ta o‘yinda maydonga tushib, 14 marta raqiblari darvozasini ishg‘ol etdi va “Lokomotiv” tarkibida mamlakat chempionati oltin medallariga ega chiqdi.
TIAGO BEZERRA (“PAXTAKOR”). Tiago Bezerra ortda qolgan mavsumda “Paxtakor” jamoasining eng asosiy figurasi sifatida gavdalandi va PEPSI Superliga-2018 davomida 17 ta gol kiritib, chempionat to‘purari bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, “Paxtakor” jamoasining kumush medallariga ega chiqishida salmoqli xissa qo‘shdi.
JAVLON IBROHIMOV (“BUNYODKOR”). Ushbu futbolchi 2018 mavsumda “Bunyodkor” jamoasining har jabhada yetakchisi bo‘ldi va 27 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 bora raqiblari darvozasini aniq nishonga oldi.