Ayni paytda Toshkent shahrida futbol bo‘yicha murabbiylar uchun «Pro» lisenziyasi o‘quv-kurslari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur kurslarda 21 nafar murabbiy ishtirok etmoqda. Malaka oshirish kurslarida Turkmaniston, Hindiston, Tailand, shuningdek, Superligada faoliyat olib borayotgan murabbiylar ham tahsil olishmoqda. Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assosiasiyasining birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov mazkur kurslarda o‘qiyotgan murabbiylar bilan uchrashdi. Unda FIFA va AFC instruktori Islom Ahmedov, Ro‘ziqul Berdiyev, No‘’mon Hasanov, Davron Fayziyev, Hamidjon Aktamov, Jasur Abduraimov, Rustam Abdullayev hamda Bahrom Haydarov kabi murabbiylar ham ishtirok etishdi.
Umid Ahmadjonov uchrashuvni boshlar ekan, futbolni rivojlantirishda murabbiylarning roli beqiyos ekanligini aytib o‘tdi.
«Futbolni rivojlanishida siz – mutaxassislarning roli juda katta. Murabbiylar saviyasini oshirmay turib, futbolni yuqori pog‘onaga ko‘tarib bo‘lmaydi. Yurtimizda futbolni rivojlantirish yo‘lida hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim. Shu maqsadda, Superliga murabbiylaridan iborat kengash tuzishni va ushbu kengashga tegishli vakolatlar berishni rejalashtirmoqdamiz. Kengashda sizlar ham bo‘lasizlar. Faollikni oshirib, yurtimiz futboli ravnaqini yuksaklarga ko‘tarishimiz lozim», – dedi Umid Ahmadjonov.
Yig‘ilish davomida shuningdek, murabbiylarimiz malakasini oshirish uchun ularni xorijiy klublarda malaka oshirishlari, dunyoning yetakchi klublari akademiyalarida ish o‘rganib qaytishlari kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Do‘stona ruhda kechgan uchrashuvda murabbiylar Umid Ahmadjonovga o‘z takliflarini berib, fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Uchrashuvdan so‘ng o‘quv-kursida instruktor sifatida faoliyat olib borayotgan Islom Ahmedovning fikrlari bilan qiziqdik.
«Bu yilgi o‘quv kurslari Yevropa standartlari asosida tashkil etilmoqda. Avvallari bunday kurslar 6 oy bo‘lardi. Endi esa 1 yil davom etadi. Hozircha ikkita modul yakunlandi. Futbol talablari o‘zgarib bormoqda. Murabbiylarimiz tahlillar asosida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni tushunishmoqda. Ushbu kurs orqali biz Superliga, Proligada faoliyat olib borayotgan murabbiylar bilan doimiy ravishda aloqada bo‘lamiz. Kurs qiziq o‘tmoqda. Men murabbiylarimiz uchun xursandman», – dedi Islom Ahmedov.