«Real» fanatlari Florentino Peresdan iste’fo so‘rashmoqda. Boshqa jamoalar muxlislari esa allaqachon «Madrid»ni kalaka qila boshlashdi. «Qirollik klubi» La-liganing 18-turida o‘z maydonida «Real Sosyedad»ga 0:2 hisobida yutqazganidan keyin istehzo to‘la luqmalar ko‘payganidan ko‘paydi. Axir «Madrid» chempionatning joriy mavsumi hisobidan 6-mag‘lubiyatni tan oldi. Taqqoslash uchun aytsak, madridliklar butun o‘tgan mavsum davomida aynan shuncha o‘yinni boy berishgandi. Boz ustiga, «Real» 18-tur yakunida 5-o‘ringa tushib qoldi, peshqadam «Barselona» esa tobora uzoqlashmoqda... Umuman, «Madrid» La-liga tarixida biror marta bu qadar yomon start qayd etgan emasdi.
«Real» muxlislari nima deyishmoqda?
«Sosyedad»ga qarshi o‘yin yakunlanishi hamono madridlik fanatlar klub prezidenti Florentino Peres-dan iste’fo talab qila boshlashdi:
- Krishtianu Ronaldu va Zayniddin Zidanni unuting. Bizning bosh muammomiz - bu Peres.
«Tvitter» tarmog‘ida esa turli xeshteglar paydo bo‘ldi. Ingliz tilida - #PerezOut, ispan tilida - #FlorentinoDimision. Bularning ma’nosi bir - Peresdan qutulish. Umuman, klub prezidentining ketishga chorlovchi fikrlar juda ko‘p. Hattoki, me’yoridan ancha ortiq:
- Peres hammasini vayronaga aylantirdi. U prezident lavozimida ortiq qolmasligi kerak. Hammasi «Real»ni eng yomon mavsum sari yetaklamoqda.
- Florentino, o‘zing uchun suyukli Benzemani oldingga sol va yo‘qol!
- Navbatdagi sovrinni «Barselona»ga topshirib ulgurganing uchun katta rahmat.
- Peres «Barselona»ga qanday yo‘l bilan raqobat taqdim etmoqchi? Axir Kataloniya klubi oxirgi 4-5 yilda bizga nisbatan 400 million ko‘p sarfladi.
- Ahmoqona transfer siyosati jonga tegdi. Bizga jahon miqyosidagi hujumchi kerak. Jamoa chuqur inqiroz holatida —18ta o‘yinda atigi 26ta gol. «Real» oldiga barcha sovrinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yilganiga katta shubham bor. Menimcha, joriy mavsumdagi maqsadimiz - Yevropa Ligasiga tushish...
Internet olamida nima gap?
«Real» natija masalasidagi beqarorlikdan qiynalayotgan paytda ijtimoiy tarmoq orqali hazillashishni xush ko‘ruvchilar rosa yayramoqdalar:
- Allo, Azar, bu men, Kurtuaman. Iltimos, «Real»ga kelma. Qaytaraman, «Real»ga kelma, aslo. Bu katta tuzoq.
- Lionel Messi va Luis Suares La-liganing 18ta turida 28ta gol urishdi. Bu «Real»ning barcha futbolchilari urgan gollar soni (26)dan ko‘p.
- «Real» chempionatning 18ta turida 26ta gol urdi. Bu vaqtda Lionel Messining bir o‘zi «Gol } pas» tizimida 26 ochko to‘pladi.
- «Real» o‘yinlarini qanday tomosha qilyapman? Kazemironing raqib jamoa jarima maydoniga kirishi noyob kadr bo‘lib qoldi. Yaxshisi, Kazemironi 1,5 million hind rupiyasiga sotib yuboring. Aks holda, snayper yollashim hech gap emas...
- Krishtianu Ronaldu o‘rni Mariano Dias hisobiga to‘ldirilgach, kim «Real»da imkoniyat borligini ta’kidlagan bo‘lsa, tezda uning miyasini almashtirish kerak.
- Agarda qachondir futbolchi bo‘lish orzusidan voz kechish haqida o‘ylasangiz, shunchaki, Lukas Vaskes «Real» safida bemalol to‘p surayotganini esga oling.
- Isko: kutish|reallik.
«Real»ning joriy mavsumdagi ba’zi yoQimsiz natijalari
2010 yildan buyon «El-klasiko»dagi eng yirik mag‘lubiyat (1:5).
Yevropa Chempionlar Ligasi tarixida uy uchrashuvidagi eng yirik mag‘lubiyat (0:3, SSKA bilan o‘yinda).
2009 yildan buyon Yevropa Chempionlar Ligasining uy uchrashuvidagi ilk mag‘lubiyat (0:3, SSKA bilan o‘yinda).
Yana bir tomoni, «Real» joriy mavsum ikki nafar bosh murabbiyni ko‘rishga ulgurdi. Jamoa avvaliga Ispaniya termasidan «tortib» olingan Xulen Lopetegi boshqaruvida o‘ynadi, oktyabr oyida esa uning o‘rnini bunga qadar «Kastilya» bilan ish olib borgan Santyago Solari egalladi. Bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tayinlangan yosh mutaxassis ilk 4ta o‘yinda umumiy 15:2 hisobida g‘alabalarni ta’minlagach, unga 2021 yilgacha mo‘ljallangan to‘laqonli shartnoma taklif etishdi. Endi esa Solarining ham kursisi qimirlay boshladi. Shunday taassurot borki, argentinalik bosh murabbiy lavozimida ishini uzoq davom ettirolmaydi va joriy mavsumning o‘zida «Real»da hisob bo‘yicha uchinchi yo‘lboshchini ko‘ramiz...