Bugun, 30 yanvar kuni Tokioda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vise-prezidenti Komiljon Ro‘ziyev va MOQning Yaponiyadagi maslahatchisi Mansur Bahriddinov Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish ishlari vaziri, Yaponiya Parlamenti deputati Yoshitaka Sakurada bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Komiljon Ro‘ziyev janob Sakuradaga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovning alangali salomini yetkazar ekan, unga MOQ maslahatchisi, «Yaponiya – O‘zbekiston Ipak yo‘li fondi” raisi Mansur Bahriddinovni tanishtirdi.
Uchrashuv davomida Yoshitaka Sakurada O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘l ostida amalga oshirilayotgan islohotlarni, shu jumladan Jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayogan ishlarni yuqori baholadi. Tokiodagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vazir shuningdek, Olimpiada-2020ni tashkil etishda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik uchun O‘zbekistonga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
O‘z navbatida, MOQ vise-prezidenti O‘zbekiston Olimpiadaga jiddiy hozirlik ko‘rayotganini, Tokio-2020 Olimpiadasida har qachongidanda muvaffaqiyatli ishtirok etishni maqsad qilib qo‘yganini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tomonlar uchrashuv davomida dzyudo, boks, sport kurashlari, karate kabi sport turlarida olib borilayotgan mashg‘ulotlar jarayoni haqida fikr almashdilar.
Yoshitaki Sakurada suhbat davomida Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish vizalari bekor qilinganidan xursand ekanligini aytib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 10 fevralidan boshlab 7 mamlakat fuqarolari vizasiz 30 kun davomida O‘zbekistonda bo‘lishlari mumkin. Ushbu mamlakatlar orasida Yaponiya ham bor. Bu davlatimiz rahbari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari vazir o‘zbekistonlik paralimpiyachilarning Jakartadagi muvaffaqiyatlarini alohida qayd etib o‘tdi va bu borada rivojlanishdan to‘xtamaslik zarurligini ta’kidladi. Sakurada suhbat davomida Yaponiyaning Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirib berdi. Tokioda Yaponiyadagi iqlimni normal holatga olib kelish uchun maxsus infratuzilma yaratilayotganini ma’lum qildi. Olimpiada vaqtida Yaponiyada ob-havo juda issiq bo‘ladi. Shu sababdan, kunchiqar yurtda sportchi va mehmonlarga qulay sharoit yaratish uchun katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, shaharni obodonlashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Qolaversa, Sakurada ikki mamlakat o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport, sport tibbiyoti yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida janob Yoshitaka MOQ prezidenti taklifini qabul qildi va 2019 yil davomida bajonidil O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.