Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Qish, «qaynoq» kelishuv…

Qish, «qaynoq» kelishuv…

Baho:
+1 | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

«Milan» nihoyat, uzoq kutilgan transferni amalga oshirdi. O‘zi istagan darajada o‘yin ko‘rsatolmayotgan, hozirgi holatda skudetto maqomiga teng sanalgan CHL yo‘llanmasini qo‘lga kirolmayotgan jamoa yarim yil oldin «Yuventus»dan ijara kelishuvi asosida olingan Gonsalo Iguain bilan xayrlashib, uning o‘rniga shijoatliroq hujumchi xarid qildi. Zero, ne-ne umidlar bilan chaqirilgan argentinalik to‘purar tezroq Maurisio Sarri boshqaruvidagi «Chelsi» safiga qo‘shilish yo‘llarini qidirgani uchunmi, «rossonerlar»ga aytarli naf keltirolmadi. Natijada milanliklar ishonchni sira oqlamagan ijarachi o‘rnini kattagina mablag‘ evaziga to‘ldirishdi. Xullas, jamoa «A» seriyasida birinchi davra kashfiyotiga aylangan Kshishtof Pentekni Genuyadan Milanga olib o‘tish uchun 35 mln. yevro sarfladi. Boz ustiga, «Jenoa» belgilangan  mablag‘ni birdaniga oladi. Genuyaliklar to‘lovni keyinroq amalga oshirish shartiga ham, «Milan»ning qaysidir futbolchisini olish taklifiga ham ko‘nishmadi. Diqqatni tortadigan fakt shuki, «Jenoa» polshalik iqtidorni yozda atigi 4,5 mln. yevroga xarid qilgandi. Demakki, Enriko Presiozi bu transferdan mo‘may foyda sohibiga aylandi. «Milan»chi? Murakkab pallada amalga oshirilgan «qaynoq» transfer nechog‘li effekt beradi? Bunga Kshishtof Pentekning yangi jamoadagi o‘yinigina aniq javob berishi mumkin. Biz esa hozircha polshalik hujumchining ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganish orqali muayyan xulosa chiqarishga urinib ko‘ramiz...

Pentek «Milan» safiga qo‘shilgach, «Jenoa»dagi odatiy raqami - «9»dan voz kechdi va «19»ni oldi. Bu qarorini 9-raqam «Milan» vakillari uchun «tavqi-la’nat» maqomini olgani bilan izohlash mumkin.

Umidbaxsh xususiyatlar

Navqironlik. Kshishtof endigina 23 yoshga to‘ldi. Nomdor jamoada kiroyidek faoliyat boshlashning ayni vaqti. Andrey Shevchenko ham shu yoshida Milan klubi safiga qo‘shilgandi. Qisqasi, 30 yoshdan oshgan faxriy Gonsalo Iguaindan farqli o‘laroq, Pentekning futboldagi asosiy yo‘li hali oldinda. Sir emas, 20-25 yoshli futbolchilarda motivasiya ancha kuchli bo‘ladi. Gonsaloga esa Milanda aynan talab darajasidagi ishtiyoq yetishmadi, chog‘i.

Yangi muhitga moslashuv. Kshishtof «Jenoa» safidagi ilk uchrashuvlaridan e’tiboran butun Italiyani o‘ziga qaratdi. Deylik, uning debyutini fantastik start sifatida tilga olish mumkin. Notanish yigitcha Italiya kubogi doirasida «Lechche»ga qarshi kechgan bahsdayoq gollari hisobini ochdi. Bu boshlanishi edi - polshalik hujumchi keyinchalik 7ta uchrashuvdan iborat golli seriya taqdim etdi. Na yangi muhit, na begona xorijiy til va na jamoaning o‘zgacha taktik uslubi Pentekka muammo tug‘dirdi. Oddiy ifoda etganda, Kshishtof keldi, ko‘rdi va ketma-ket gollar ura boshladi.

Darvoza tomon intilish. «Bu hujumchini «Tepdim, tepyapman, tepishda davom etaman» deya ont ichadigan o‘yinchilar toifasiga kiritish mumkin» - mazkur ibora «Milan» skautining bahorda Pentek xususida yozgan hisobotidan olingan. Shu qisqacha ta’rif «Milan» debyutantining o‘yin uslubiga berilgan haqqoniy bahodir. Kshishtof asosan o‘ng oyog‘i bilan to‘p tepadi. Lekin chap oyog‘i ham chakki emas. Polshalik to‘purar shuning barobarida «ikkinchi qavat»da samarali o‘ynash salohiyatiga ega. Misol uchun, «Jenoa» safida «A» seriyasi o‘yinlarida urgan 14ta golidan 5tasi bosh bilan berilgan zarbalar mahsulidir. Yana bir muhim jihat - polshalik futbolchi ayni payt «A» seriyasi bosh to‘purari uchun atalgan sovringa yaqqol da’vogarlik qilmoqda. To‘g‘ri, poygadagi asosiy raqiblari o‘ta jiddiy - markaziy hujumchilar Krishtianu Ronaldu, Duvan Sapata va Fabio Kvalyarella. Taqqoslash uchun aytsak, Iguain gol urish bobida atigi 29-pog‘ona (!)da edi.

Yuksak foydalanish koeffisiyenti. Kshishtofning sermahsul o‘yinida asosiy omil - bu samarali zarbalar. U qishki transferlargacha «Jenoa»ning chempionatdagi 14ta golini o‘z nomiga yozib qo‘ydi. Vaholanki, mutaxassislar Kshishtofning bitta o‘yin-ga to‘g‘ri keladigan zarbalari sonidan kelib chiqib, uning ko‘pi bilan 10-11ta gol urishini taxmin qilishgandi. Qarang, polshalik yangi goleadorda zarbalar aniqligi 46 foizga teng. To‘g‘ri, bu «A» seriyasi uchun eng yuqori ko‘rsatkich emas. Ammo Iguainda zarbalar aniqligi 35 foiz bo‘lganini inobatga olsak, «Milan» muxlislari endi hujumlar samaraliroq chiqishiga umid bog‘lashlari mumkin. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, Pentek raqib jarima maydonchasi ichida to‘p bilan uncha ko‘p muloqot qilmaydi. Ya’ni har bir uchrashuvda o‘rtacha 4 martagina. Bundan xulosa shuki, hujumchi juda tez qaror qabul qiladi, zarba yo‘llashni paysalga solmaydi.

Bonus: golni o‘ziga xos tarzda nishonlash. Kshishtof gollarini nishonlashda oddiy va yodda qoladigan harakatlardan foydalanadi. Ha, buning o‘yinga aloqasi yo‘q. Ammo nishonlash uslubi gol muallifi, aniqrog‘i, uning imidji uchun muhim. Kshishtofning kamtarona harakatlari milanlik muxlislarga ham ma’-qul kelsa, ajabmas. Muhimi, shunday harakatlarga yo‘l ochadigan gollarni ko‘proq ursa, bas.

Umidsizlik uyG‘otadigan jihatlar

Shoshma-shosharlik. Aslida «Milan»dagi umumiy vaziyat yaxshi emas. Barcha umidlarni barbod qilgan holda, jamoadan ketgan taniqli yulduz o‘rnini kechagina bosh ko‘targan va atigi yarim mavsum samarali to‘p surgan tasodifiy hujumchi egalladi. Savol: «Milan» Pentek nomzodi xususida qancha bosh qotirdi? Leonardo yetakchiligidagi mutasaddilarning nufuzni saqlab qolishga qaratilgan rejalari shu transfer ortiga yashiringan emasmi? Yana Shevani yodga olsak, uni tarkibga qo‘shish jarayoni naq bir yilga cho‘zilgandi - «rossonerlar» shuncha vaqt izlanishgan, ukrainalik hujumchini atroflicha o‘rganishgan.

Tajriba ozligi. Ha, Pentekning ko‘rsatkichlari hayratlanarli. Biroq «A» seriyasidagi yarim yillik muvaffaqiyat olisni ko‘zlaydigan loyi-ha uchun kafolat emas. Ajoyib jismoniy kamolotga erishgan hujumchi ilhom bilan to‘p surdi, raqiblar uni durustroq o‘rganishga ulgurmadilar. Umuman, qisqa vaqt ichidagi sermahsullikka ishonchsizlik bilan qarash uchun omillar yetarli. Bundan tashqari, o‘rtamiyona jamoada o‘ynash bosh-qa, grand tarkibida to‘p surish boshqa. Nomdor jamoada talablar ham, bosim ham baland bo‘ladi, axir.

Bir xillik. Pentek - aynan gol urish uchun «charxlangan», jarima maydonchasi ichida effekt berishga ixtisoslashgan hujumchi. Uni markaziy hududda o‘ynatish orqali qandaydir samaraga umid bog‘lash befoyda. Ivan Yurich vaqtida «Jenoa»da shu usulni qo‘llab ko‘rganida, Pentekning mahsuldorligi pasayib ketgandi. Hujumchi keyin Chezare Prandelli qo‘l ostida o‘ziga keldi. Taajjubki, u mavsum boshidan buyon loaqal 1ta samarali uzatmaga mualliflik qilgani yo‘q. Chunki Kshishtof «pas» beruvchi emas, gol uruvchidir. Qolaversa, unga o‘xshagan hujumchilarning nechog‘li samarali o‘ynashlari yarim himoyachilarga bog‘liq. Hozirgi «Milan»ning asosiy muammolari esa aynan shu chiziq atrofida. To‘g‘ri, yana bir yangi ijrochi - Lukas Paketa vaziyatni biroz yaxshilar... Har holda, ko‘pchilik braziliyalik tezkor o‘yinchidan ijobiy ma’noda «portlash» kutmoqda.

Kutrone bilan o‘xshashlik. «Rossonerlar» safida yana bir iqtidorli yigit borligini unutmaslik lozim. Gap Patrik Kutrone haqida ketyapti. Tahlilchilarning ta’kidlashlaricha, Kshishtof va Patrik bir xil uslubda harakatlanuvchi hujumchilar sirasiga kirishadi. Ikkisi ham shijoatli, lekin ularning texnik salohiyatlarini maqtash ortiqcha. Ha, hujumni yakunlash masalasida Pentekka ham, Kutronega ham e’tiroz bildirish qiyin, ammo ularda yaratuvchanlik xislati hali shakllanmagan. Raqamlar asosida aytsak, 1ta o‘yinda o‘rtacha hisobda 15-16ta uzatma bilan cheklanishadi. Kutrone harakatchan, Pentek esa «ikkinchi qavat»da ustunroq. Shuni nazarda tutsak, ulardan sermahsul duet chiqishi ehtimoli past. Hattoki, istar-istamas to‘p surgan Iguain ham dribling mahorati evaziga ikkisi o‘rnini to‘ldirishi mumkin edi, faqat...

Xulosa

Salbiy jihatlar ijobiylardan sal ko‘proq bo‘lsa bordirki, kam emas. Ha, jamoa Pentek xaridi orqali yaqqol bo‘shliqni to‘ldirdi. Endi Jennaro Gattuzo polyak yigitiga zudlik bilan tarkibdan muqim joy ajratishi lozim. Biroq bunda o‘ziga xos nozik tomonlari bor. «Jenoa» 3-5-2 taktik chizmasidan foydalanardi va Pentek hujumda Kristian Kuame bilan hamkorlik qilardi. «Milan» esa asosan 4-3-3 uslubiga tayanmoqda. Umuman, Pentek tom ma’noda oddiy ijrochidir. Unga qanotdan oshirilgan to‘plarni darvozaga joylab qo‘yish qobiliyati qo‘l kelsa, ajabmas. Qolaversa, yonida tezkor Suso ham borligini yodda tutish kerak. Kshishtof yana jangchilarga xos tabiati bilan ham Gattuzo ishonchiga kirishi mumkin. Murabbiy «Napoli»ga qarshi kechgan 21-tur bahsi (0:0)da debyutantga 20 daqiqa to‘p surish imkonini berdi, u esa «San Siro» muxlislarida yomon taassurot qoldirmadi. Har holda, 2-3 bora darvoza tomon zarba yo‘lladi, bitta jarima zarbasi ishladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Gattuzo polshalikni kubok bahsida boshlang‘ich tarkibga kiritdi. Raqib - yana «Napoli». Bitta farq shuki, «rossonerlar» bu safar 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, Italiya kubogi yarim finaliga yo‘l olishdi. Bosh qahramon - «dubl» mullifiga aylangan Pentek. To‘g‘ri, kutilmaganda qishki kalchomerkatoning asosiy transferi maqomiga ko‘tarilgan kelishuv sababchisining keyingi taqdirini vaqt ko‘rsatadi, baribir...

 

Qish bozorining eng Qimmatbaho 10ta savdosi

 

          10-o‘rin: Aleks Teysheyra (Braziliya)

Transfer yo‘nalishi: «Shaxtyor»      «Jiangsu Sunin» (50 mln. yevro)

          9-o‘rin: Fernando Torres (Ispaniya)

Transfer yo‘nalishi: «Liverpul»             «Chelsi» (58,5 mln. yevro)

          8-o‘rin: Oskar (Braziliya)

Transfer yo‘nalishi: «Chelsi»                    «Shanxay SIPG» (60 mln. yevro)

          7-o‘rin: Pyer-Emerik Obameyang (Gabon)

Transfer yo‘nalishi: «Borussiya» D.                      «Arsenal» (63,75 mln. yevro)

          6-o‘rin: Kristian Pulishich (AQSH)

Transfer yo‘nalishi: «Borussiya» D.                      «Chelsi» (64 mln. yevro)

          5-o‘rin: Emerik Lyaport (Fransiya|Ispaniya)

Transfer yo‘nalishi: «Atletik»        «Manchester Siti» (65 mln. yevro)

          4-o‘rin: Diyego Kosta (Ispaniya)

Transfer yo‘nalishi: «Chelsi»                    «Atletiko» (66 mln. yevro)

          3-o‘rin: Frenki de Yong (Gollandiya)

Transfer yo‘nalishi: «Ayaks»                       «Barselona» (75 mln. yevro)

          2-o‘rin: Virjil van Deyk (Gollandiya)

Transfer yo‘nalishi: «Sautgempton»                «Liverpul» (78,8 mln. yevro)

          1-o‘rin: Filippe Koutinyo (Braziliya)

Transfer yo‘nalishi: «Liverpul»      «Barselona» (130 mln. yevro)

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 20:34, 10.02.2019.
O'qildi: 10075 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.