2018 YILNING ENG YAXSHI 10ta STADIONI. Stadiumdb.com sayti 2012 yildan e’tiboran yangi qurilgan arenalardan eng yaxshisini tanlab, unga Stadium of the Year mukofotini topshirib kelmoqda. Soccer.ru ijodkorlarining ma’lum qilishlaricha, 2018 yili foydalanishga topshirilgan va ushbu sovringa nomzodi ko‘rsatilgan 10ta stadionning naq 4tasi Rossiyada joylashgan. Demak, quyidagi fotojamlanma vositasida maxsus so‘rovning final raundiga chiqqan 10ta arena haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
1. «Timsa-Arena» (Bursa, Turkiya). Timsah - bu timsoh demakdir. Xullas, gap salobati nomiga mos stadion haqida ketyapti. 43 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arenaning umumiy ko‘rinishi chindan ham, timsohni eslatadi. Ehtimolki, bu mukofot uchun bosh da’vogar arenadir.
2. «DVTK Stedium» (Mishkols, Vengriya). Qarangki, so‘rov natijasiga ko‘ra, Vengriyaning mo‘’jaz shahrida qad rostlagan mo‘’jazgina arena (sig‘imi - 15000) ham final raundiga chiqdi. «DVTK Stedium» tepadan xuddi yashil ekranli plazma televizoriga o‘xshaydi, yerdan qaraganingizda esa, savdo markazini esga soladi.
3. «MOL Arena Sostoy» (Sekeshfexervar, Vengriya). Yana Sharqiy Yevropa, yana Vengriya, yana «mitti chaqaloq». Bunisi o‘z bag‘riga atigi 14 mingdan ko‘proq muxlisni sig‘diradi. To‘g‘ri, «MOL Arena Sostoy» mutlaqo yangi emas, shunchaki, navbatdagi rekonstruksiyadan keyin o‘z qiyofasini butkul o‘zgartirdi. Darvoqe, «Videoton» klubi joriy mavsum «Chelsi»ni aynan yangilangan arenasida qabul qildi.
4. «Mordoviya Arena» (Saransk, Rossiya). Mordoviya respublikasi rahbari Saranskdagi stadion jahon jamoatchiligi e’tiboriga tushganidan alohida g‘ururlanmoqda. Ma’lumot uchun aytish kerak, «Mordoviya Arena» JCH-2018 doirasidagi 4ta o‘yinni qabul qilgandi.
5. «Optus Stedium» (Pert, Avstraliya). Nihoyat, ulkan va muhtasham stadion. Avstraliyaliklar 60 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena loyihasiga 1,6 milliard dollar sarflab, uni mamlakatdagi eng zamonaviy sport majmualari qatoriga olib kirishdi. Muxlislar uchun ideal qulayliklar yaratilgan. Deylik, qiya tribunalar va deyarli yumaloq shakl maydondagi voqealarni xohlagan nuqtadan to‘liq ko‘rish imkonini beradi. «Optus» darhaqiqat, juda go‘zal!
6. «Szaochjuan Sports» (Szaochjuan, Xitoy). 30 ming muxlisga mo‘ljallangan arena - Szaochjuanda qurilgan sport va madaniyat markazining haqiqiy javohiri. Hozircha yangi stadion biror klubga biriktirilgani yo‘q, vaholanki, da’vogarlar ko‘p.
7. «Rostov Arena» (Rostov, Rossiya). Bu stadion jahon chempionatida ko‘pchilikda yoqimli xotiralar qoldirgan bo‘lsa, ajabmas. Misol uchun, turnir doirasidagi eng yorqin to‘qnashuvlardan biri - Yaponiya - Belgiya o‘yini Don daryosining chap sohiliga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlagan «Rostov Arena»da bo‘lib o‘tdi.
8. «Suchjou Olimpik Stedium» (Suchjou, Xitoy). Chin yurtida foydalanishga topshirilgan yana bir arena. «Suchjou Stedium» sig‘imi - 41000. Bu ham «yolg‘iz» emas, balki ulkan sport markazi ichidagi eng salobatli ob’ektdir.
9. «Samara Arena» (Samara, Rossiya). «Krilya Sovetov»ning uy stadioni go‘zalligidan to‘liq bahra olishni istagan kishi yuqoridan qarashi kerak - noodatiy shakl, xuddiki, katta uchar likopchadek...
10. «Volgograd Arena» (Volgograd, Rossiya). «Rotor» klubi elit davradan tushib qolgan bo‘lsada, «Volgograd Arena» yuqori darajali o‘yinlarni qabul qilmoqda. Misol uchun, Rossiya kubogi finali va JCH o‘yinlariga bag‘rini ochdi. Bitta achinarli tomoni bor: shunday chiroyli «uy» ham «Rotor»ni ilhomlantirolmayapti.
Stadium of the Year qanday mukofot? Sovrin laureati yil davomida sport musobaqalari va muxlislarga bag‘rini ochgan yangi arenalar orasidan tanlab olinadi. Aytish mumkinki, Stadium of the Year «yangi tug‘ilgan» stadionlar uchun o‘ziga xos «Oskar» yoki «Oltin to‘p» sanaladi. Mukofot ilk marta 2012 yili topshirilgan.
Stadium of the Year: barcha laureatlar
2012 yil - «Arena Gremio» (Portu-Allegri, Braziliya)
2013 yil - «Gelamko Arena» (Genk, Belgiya)
2014 yil - «Alyans Park» (San-Paulu, Braziliya), ochiq so‘rov natijasi; «Hazza bin Zayd» (Al-Ayn, BAA), hay’at xulosasi
2015 yil - «Estadio BBVA Bankomer» (Gvadelupe, Meksika), ochiq so‘rov natijasi; «Matmyut Atlantik» (Bordo, Fransiya), hay’at xulosasi
2016 yil - «Vodafon Park Arena» (Istanbul, Turkiya), ochiq so‘rov natijasi; «Vodafon Park Arena» (Istanbul, Turkiya), hay’at xulosasi
2017 yil - «General Pablo Roxas» (Asunsyon, Paragvay), ochiq so‘rov natijasi; «Lujniki» (Moskva, Rossiya), hay’at xulosasi
«Lujniki» o‘tgan yili stadiumdb.com hay’ati tomonidan foydalanishga topshirilgan eng yaxshi stadion sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, «Sankt-Peterburg» (hozirgi nomi - «Gazprom-Arena») kuchli 10talikka kirgandi. «Spartak»ning uy stadioni - «Otkritiye Arena» 2014 yili muxlislar so‘roviga ko‘ra, 3-o‘ringa qo‘yilgan, «Krasnodar» esa 2016 yili har ikki yo‘nalishda faqat «Vodafon Arena»dan ortda qolgan. Eng yaxshi arena qanday tanlanadi? Hay’at avvaliga da’vogarlarni aniqlaydi. Misol uchun, 2018 yili jami 27ta arena umumiy ro‘yxatga olindi. Shundan so‘ng ochiq so‘rov yordamida 10ta finalchi aniqlanadi. Yakunda obro‘li hakamlar hay’ati arenalarning ustunliklari va kamchiliklarini baholash asnosida mukofot sohibini tanlaydi.