Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Joshua Kimmix: «Lam bilan o‘zimni tenglashtirishga yoshlik qilaman»

Joshua Kimmix: «Lam bilan o‘zimni tenglashtirishga yoshlik qilaman»

Baho:
+ | -

Germaniya quyi divizionidan birdaniga «Bavariya» klubi va Germaniya terma jamoasigi yo‘l olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ammo Joshua Kimmixning bu borada omadi kelgan. Yaqinda himoyachi France Football nashriga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.

- Sizni Filipp Lamga o‘xshatishadi...

- Qaysidir jihatlarimiz o‘xshaydi. Bir chiziqda o‘ynaymiz, unchalik ko‘p jarohat olmaymiz. Aslida esa, biz boshqa-boshqa insonlarmiz. Uning ehtirosga berilganini hech ko‘rmaganman. O‘zini tuta olishni yaxshi biladi. Menda esa buning aksi. Ba’zida oddiy noto‘g‘ri pas tufayli ham ehtirosga berilib ketishim mumkin. Filipp men uchun haqiqiy professionalizm timsoli. U «Bavariya» va nemis futbolining ramzi. U bilan o‘zimni tenglashtirishga hali yoshlik qilaman.

- Uning qaysi jihatlaridan o‘rnak olishga harakat qilasiz?

- Stabilligidan. Muvaffaqiyatsiz o‘yinlarini sanash uchun barmoqlar ham yetarli. U deyarli xatosiz o‘ynagan. Ya’ni, aqlli futbol namo­yish qilgan.

- Qachondir uningdek «Bavariya» va terma jamoa sardori bo‘lasizmi? Shunday xayollar bormi?

- Aniq bir maqsadim bor, deb ayta olmayman. Ammo hozirdanoq jamoa­dagilarga buyruq berishim mumkin. Aytaylik, o‘yin yoki mashg‘ulot paytida Aryen Robben yoki Jerom Boatengga qichqirishim mumkin. Bu borada muammo yo‘q. Lekin birdaniga sardor bo‘la olmaysiz. Buning uchun shunday xarakterga ega ekanligingizni isbotlashingiz kerak. Hozir bu haqda o‘ylamayapman. Asosiy maqsadim - o‘ynab, tajriba to‘plash.

- 24 yoshda «Bavariya» klubi va terma jamoa yetakchisi bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi...

- Bilsangiz, mening bir yaxshi jihatim bor - o‘zimga bo‘lgan ishonch yuqori. Futbolda aynan shu xislat qo‘l keladi.

- 2015 yili «Bavariya»ga sizni Pep Gvardiola taklif qilgandi. Buning uchun undan minnatdor bo‘lishingiz kerak. U bilan bir yil birga ishlash siz uchun foydali bo‘ldimi?

- Har bir mashg‘uloti bir sovg‘a edi. U shunday murabbiyki, hamisha norozi, doimiy izlanishda. O‘ta e’tiborli. Mashg‘ulotlar o‘ta tezkor holda o‘tardi. U meni turli chiziqlarda sinab ko‘rgan. Universal futbolchi bo‘lishimni istagan. Deyarli bir oy markaziy himoyada ham o‘ynaganman. Uning asosiy talablaridan biri - har qanday futbolchi o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak. Uning qo‘l ostida ancha o‘sdim, deya olaman.

- Ikkinchi ligadan («Leypsig») birdaniga Germaniyaning eng yaxshi klubiga o‘tgansiz. Qandaydir xavotir bormidi?

- Albatta. «Leypsig» murabbiylaridan biri «Bavariya» qiziqayotganini aytganida ishonmaganman. Buni hazil deb o‘ylagandim. Qanaqasiga ularga kerak bo‘lishim mumkin, deb o‘ylaganman. Axir myunxenliklar istagan futbolchilarini taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘lsalar. Lekin bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berib bo‘lmasdi. Shunga qaramay, murabbiydan unga nima uchun kerakligimni bilmay turib shartnoma tuzishni istamaganman.

- Ya’ni, Gvardiola bilan uchrashmay turib? Qiziq...

- Albatta, taklif qilishdan oldin u meni yaxshilab o‘rganib chiqqan. Buni o‘yinimni shu ondayoq tahlil qilishidan bilganman. U meni zaxira o‘rindig‘i uchun emas, kerakligim uchun xarid qilayotganini aytgan. Agar Pep bilan suhbat bo‘lmaganida, «Bavariya» bilan shartnoma imzolamagan bo‘lardim.

- O‘tgan uch yarim yil ichida «Bavariya»da uch marta murabbiy o‘zgardi: Pep Gvardiola, Karlo Anchelotti, Yupp Xaynkes. Niko Kovach esa to‘rtinchisi...

- Albatta, murabbiyning ishdan olinishi jamoa a’zolari uchun zarba bo‘ladi. Anchelotti bilan shunday bo‘lgandi. Shu bois ham birinchi davrada qandaydir kamchiliklar bo‘lgan. Keyin esa odatdagidek o‘ynab ketdik. Garchi qatorasiga olti marta chempion bo‘lsakda, motivasiyani yo‘qotmaganmiz. Niko Kovach haqida gapiradigan bo‘lsam, u ko‘p yillar «Bavariya»da qolishi mumkin.

- Jamoadoshlaringizdan kimni eng kuchli futbolchi, deb hisoblaysiz?

- Xabi Alonsoni («Bavariya»dan 2017 yili ketgan). Ajoyib futbolchi. Paslarni o‘ta aniqlik bilan amalga oshirardi. U ham men kabi tayanch nuqtasida o‘ynagan. Shu bois ham Alonsodan o‘rganadigan jihatlarim ko‘p deb hisoblayman. Hamisha u va Andres Inyesta bilan bir jamoada o‘ynashni orzu qilardim.

- Hozir «Bavariya»da Kingsli Koman bilan yaxshi chiqishasiz...

- O‘ta iqtidorli futbolchi. Texnikasi yuqori, juda tezkor. Xayriyatki, u raqib emas, balki jamoadoshim. «Bavariya»ga deyarli bir xil vaqtda kelganmiz va tezda do‘stlashib ketganmiz.

- Frank Riberi va Aryen Robbenlar faoliyatlarini yakunlash arafasidalar. Ularning bunchalik ko‘p faoliyat olib borganlari borasida qanday fikrdasiz?

- Ularning mashg‘ulotlarda qanday ishlashlarini ko‘ring. Har holda, deyarli barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishgan. Shunga qaramay, to‘xtashni istashmaydi. Bizning yosh futbolchilarimiz uchun haqiqiy o‘rnak bo‘lishyapti.

- 2012 yildan beri, 2017 yilni hisoblamaganda, «Bavariya» hamisha YECHLda hech bo‘lmasa yarim finalda o‘ynagan. Endi vaziyat qi­yinlashdi. «Manchester Siti» va «PSJ» kabi raqobatchilar paydo bo‘ldi.

- Bizning asosiy kuchimiz birdamligimizda. Har yozda yangilar paydo bo‘ladi va har doimgidek vaziyat o‘sha-o‘sha.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 00:55, 18.03.2019.
O'qildi: 2392 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.