Kirish Ro'yxatdan o'tish

Eng yaxshi sarmoya - kelajak uchun tikilgani!

Eng yaxshi sarmoya - kelajak uchun tikilgani!

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Bilamizki, bugungi hayotda kelajak, xususan, yosh avlod ravnaqiga tikilgan sarmoya eng yaxshisi hisoblanadi. Bu tushuncha futbolga ham tobora chuqurroq singmoqda. Ha, Hayot va futbol qonuni bir. Endilikda top-klublar rahbarlari yosh nouneymlar uchun million-million sarflashdan hayiqmayaptilar. Shunday jamoalar qatorida «Real» va «MYU»dek yulduzlarga boy grandlar ham bor. Lukas Paketa, Braim Dias, Artur, Diogo Dalot - yangi transfer reallik. Markaziy himoyachi uchun 80 mln. yevro, darvozabon uchun ham shuncha - bu kabi shov-shuvli transferlar 2-3 yil oldin aqlga sig‘masdi. Lekin oxirgi vaqtlarda jamoalarning transfer siyosati nisbatan o‘zgargani ham ayni haqiqat. Deylik, kattalar futbolida minimal daradjada tajribaga ega yosh iqtidorlarga qiziqish tobora oshmoqda. Har holda, ularning narxi ancha ko‘tarilmoqda. Bu endi bozor talabi. Mana, oxirgi 2ta transferlar davri (yozgi va qishki bolzor)da jamoalarini o‘zgartirgan eng sara yoshlar ro‘yxati bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi. Diqqat qiling, gap kamida 15 mln. yevroga baholangan o‘yinchilar haqida ketmoqda. Inobatga olish kerak, bundaylar o‘ynab ketolmagan taqdirda ham, klub katta zarar ko‘rmaydi. Chunki boshqa xaridor bor...

 

1. Braim DIAS (19 yosh)

Yangi klubi: «Real»

Transfer summasi: 18 mln. yevro

«Manchester Siti»ning iqtidorli tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsum asosiy jamoada shug‘ullandi va APL doirasidagi bir necha o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi. Joriy mavsum esa Liga kubogidan o‘rin olgan 3ta uchrashuvda «Siti»ning boshlang‘ich tarkibiga kiritildi. Biroq Dias asosiy tarkibga kirish uchun jiddiy da’vogarlik qilolmadi, baribir. Bunda hujumkor yarim himoyachini ayblash noo‘rin, axir Xosep Gvardiola ixtiyorida o‘ta kuchli ijrochilar yig‘ilishgan, raqobat juda baland. Yosh futbolchi ayni shunday pallada «Real»dan taklif oldi va o‘ylab o‘tirmay, Madrid tomon oshiqdi. Gvardiola esa ushbu kelishuvdan xafa: «Afsus, Braim ozgina sabr qilmadi...».

2. Vinisius JUNIOR (18 yosh)

Yangi klubi: «Real»

Transfer summasi: 60 mln. yevro

Aslida «Real» Vinisius transferi masalasida «Flamengo» bilan ancha oldin - 2017 yiliyoq kelishuvga erishgandi. Faqat tomonlar o‘ta tezkor va vajohatli iqtidorning Ispaniya safariga tayyor bo‘lishini kutishdi. 2018 yilning yozida esa, yakdil xulosa chiqarildi: Junior La-ligada o‘ynashga shay. Qarang, Braziliya chempionatida 10ta ham gol urmagan hujumchi uchun naq 60 mln. yevro... Boshqa tarafdan qarasak, 18 yoshgacha bundan ko‘proq urishning imkoni ham yo‘q, hisobi. Junior garchi «Real» safiga klubning og‘ir davrida qo‘shilgan bo‘lsada, o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Hattoki, ayrim o‘yinlarda yetakchilikni qo‘lga oldi. To‘g‘ri, u hozircha «Qirollik klubi»ni o‘z ortidan ergashtirishga yoshlik qilmoqda, lekin ko‘rinib turibdi, braziliyalikning o‘zgacha iqtidorga ega.

3. PAULINYO (18 yosh)

Yangi klubi: «Bayer»

Transfer summasi: 18 mln. yevro

 «Vasko da Gama» safida ko‘zga tashlangan vinger Yevropaga yo‘l olishdan oldin Braziliya chempionatida atigi 1 yil o‘ynadi. Qolaversa, u «Vasko»da yetakchi rolda ham emasdi, to‘g‘ri, asosan zaxidan maydonga tushsada, 4ta gol urgandi. Paulinyo Bundesliga o‘yinlarida ham hozircha zaxira kuchi rolini bajarmoqda. Lekin Yevropa Ligasida «Bayer»ning boshlang‘ich tarkibidan joy olish va gol urishga ham ulgurdi. O‘ng oyog‘i ustun sanalgan futbolchi qanotdan markaz tomon ko‘chib, darvoza tomon zarba yo‘llashngi xush ko‘radi.

4. Uilyam JEBBEL (17 yosh)

Yangi klubi: «Monako»

Transfer summasi: 20 mln. yevro

«Monako» oxirgi ikki yil davomida transfer operasiyalaridan shu qadar ko‘p pul topdiki, hattoki, «Barselona» tarkibini to‘liq holda sotib olishi mumkin edi. Lekin knyazlik jamoasi buning o‘rniga yana yosh iste’dodlarga tayanishni ma’qul ko‘rmoqda. Juda yosh yigitlarga ham. Ha, Jebbel xuddi ko‘plab yangi futbolchilar kabi birdaniga natija berishga tayyor emas ekan. Fakt shuki, u tarkibdagi eng yosh iste’doddir. Uilyam atigi 17 yoshda, shunday ekan, uning transferini hozirdan omadsiz xaridlar ro‘yxatiga qo‘shish mutlaqo noto‘g‘ri. Boshqacha aytganda, vunderkindning Fransiya chempionatida aytarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani vaqtincha holat. Har holda, «Monako» vakillari Jebbelning kelajakda megayulduz darajasiga chiqishidan umidvorlar.

5. Mateus KUNYA (19 yosh)

Yangi klubi: «RB Leypsig»

Transfer summasi: 15 mln. yevro

Braziliyalik hujumchi «Leypsig»dan taklif olishiga qadar Shveysariyada to‘liq bir mavsum o‘ynadi. Asosiysi, u 18 yoshida «Syon» klubi yetakchilari qatoriga qo‘shildi: asosiy tarkibning muhim futbolchisiga aylanib, 10ta gol urdi. Ayni payt Germaniya Bundesligasiga moslashuv jarayonini boshdan o‘tkazmoqda: tez-tez zaxiradan o‘yinga qo‘shilmoqda. Darvoqe, Kunya YELda chaqnash effektini namoyish etishga ham ulgurdi. Guruh bosqichida 3ta gol - 19 yoshli debyutant uchun chakki emas, boz ustiga, bir urinishda. Aslida Uilyam uzatma orqali o‘ynashda uncha yaxshi emas, ammo to‘g‘ri pozisiya tanlashi hisobiga darvoza tomon ko‘p zarba yo‘llaydi. Demakki, kuchli hujumchi sifatida shakllanish uchun eng muhim xislatga ega.

6. Diogo DALOT (19 yosh)

Yangi klubi: «MYU»

Transfer summasi: 22 mln. yevro

Yevropaning jiddiy klublari tomonidan katta pulga xarid qilingan yosh futbolchilar orasida aynan Dalot alohida ajralib turibdi. Portugaliyalki Joze Mourinyo o‘tgan yil yozda klub rahbariyatidan kelajak uchun himoyachi so‘ragan emasdi, aksincha, tarkibda mavjud ijrochilardan salohiyatliroq tayyor o‘yinchilarga ehtiyoji borligini aytgandi. Biroq «MYU» murabbiyga birgina yosh Dalot transferini taqdim etdi. Eng qizig‘i, Diogo o‘sha vaqt 
Portugaliya oliy divizionida atigi 6 marta maydonga tushgandi. Ayni payt yigitchaga hech qanday e’tiroz yo‘q: o‘ta iqtidorli himoyachi orqa chiziqda tartibli ishlashdan tashqari, hujumga qo‘shilishni ham o‘rniga qo‘ymoqda. Har holda, oldinga o‘tsa, vaqtida ortga qaytadi. Lekin hozirgi Dalot o‘yin nuqtai nazaridan Eshli Yang, Antonio Valensiya yoki Lyuk Shoudan kuchli emas. Nima derdik, yosh himoyachiga 22 «limon» - bu istiqbol uchun transfer.

7. Leonardo BALERDI (19 yosh)

Yangi klubi: «Borussiya» D.

Transfer summasi: 15 mln. yevro

Tushuntirish mushkul sanalgan yana bir transfer. «Borussiya» skautlarining Balerdida o‘zgacha iste’dodni qanday payqashgani faqat o‘zlarigagina ma’lum. Harqaylay, yigitcha uzoq Argentinada «Boka Xuniors» safida atigi 5 marta ko‘rinish bergandi. To‘g‘ri, u bunga qadar yoshlar jamoasida yetarlicha o‘ynagan. E’tibor bering, yuqori darajadagi 5tagina o‘yin uning Germaniya ligasida o‘z o‘rniga ega klubdan taklif olishiga kifoya qildi. Biroz g‘alati, ammo unutmaylik, «Borussiya» iqtidorlarni topib, ularni katta sahnaga olib chiqishga usta. Ehtimolki, yosh markaziy himoyachi «Borussiya»ning navbatdagi topilmasiga aylanar...

8. Lukas PAKETA (21 yosh)

Yangi klubi: «Milan»

Transfer summasi: 35 mln. yevro

Paketa ushbu ro‘yxatga tushgan iqtidorlar orasida eng kattasi - 21 yosh. Lekin u «Milan» safini to‘ldirguniga qadar Yevropa tugul, Braziliyaning o‘zida ham vunderkind maqomini olgan emasdi. Misol uchun, 20 yoshigacha biror klubning asosiy tarkibida maydonga tushmagan. Xullas, Italiya jamoasi  o‘z mamlakati oliy ligasida atigi bir mavsum to‘p surgan yigit transferiga naq 35 mln. yevro sarfladi. Boshqa tarafdan olsak, yosh futbolchi muhitni o‘zgartirishda bosimni imkon qadar his qilmasligi kerak. Ehtimolki, Paketa oldin katta shov-shuv ko‘tarmagani qo‘l kelar.... Mana, tavakkalchi Jennaro Gattuzo braziliyalikni darhol asosiy tarkib qo‘shdi va u asta-sekin ishonchni oqlashni boshlab yubordi. Misol uchun, Lukas hattoki, Italiya superkubogi uchun o‘tkazilgan o‘yinda ham ilk daqiqadan harakatlandi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 00:55, 22.03.2019.
O'qildi: 1847 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.