Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/05 00:00 Loryan 5-0 Klermon
20/05 00:00 Monako 4-0 Nant
20/05 00:00 Lill 2-2 Nissa
20/05 00:00 Lion 2-1 Strasbur
20/05 00:00 Reyms 2-1 Renn
20/05 00:00 Lans 2-2 Monpelye
20/05 00:00 Tuluza 0-3 Brest
20/05 00:00 Gavr 1-2 Marsel
20/05 00:00 Mets 0-2 PSJ
20/05 19:00 Dinamo 1-1 Paxtakor
20/05 19:00 Surxon 0-1 Nasaf
20/05 21:30 Salernitana 1-2 Verona
20/05 23:45 Bolonya 3-3 Yuventus

Jalil Kimsanov: «Neftchi» albatta Superligaga qaytadi»

Jalil Kimsanov: «Neftchi» albatta Superligaga qaytadi»

Baho:
+ | -
Bo'lim:
Rukn: Yangiliklar

Ma’lumki, Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Superliga jadvalining so‘nggi pog‘onasini band etib, elita bilan xayrlashdi. Albatta, bu farg‘onalik muxlislar uchun o‘ta noxush holat. Umuman, vaqtida O‘zbekiston bayroqdori hisoblangan, terma jamoalarimizga ko‘plab iste’dodlarni yetkazib bergan klubni Pro-ligada ko‘rish ko‘pchilikka og‘ir botsa kerak. Qolaversa, jamoa Superliga-2018da qoniqarsiz o‘yin namoyish etdi, deyish ham mushkul. Aslida Bahrom Haydarov yaxshigina jamoa shakllntirib, ko‘plab yosh futbolchilarga o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratib bergandi. Ammo taqdir bitigiga ko‘nmaslikning iloji yo‘q... Biz yaqinda «Qo‘qon-1912» va «Neftchi»dagi o‘yinlari bilan tanilgan Jalil Kimsanovni suhbatga tortib, uning sobiq jamoasiga bog‘liq fikrlari bilan qiziqdik.

 

- Jalil, 2019 yilgi mavsumni «Qo‘qon-1912»da boshlashingiz kutilgan edi. Biroq yakunda Tojikistonning «Istiqlol» jamoasi bilan shartnoma tuzdingiz...

- Ochig‘ini aytsam, voqealar bunday tus olishini o‘zim ham kutmagandim. Ha, yangi mavsumga «Qo‘qon-1912» safida tayyorgarlik ko‘rdim. Lekin shu vaqtda «Istiqlol» vakillaridan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ular aniq taklifni o‘rtaga tashlashdi. Shartnomaga imzo chekishdan avval «Istiqlol» bazasiga borib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdim va shundan keyingina bir yillik kelishuvga rozilik berdim. Bor gap shu.

- «Istiqlol» bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov o‘zbek futboli uchun begona emas. Shuningdek, bu mutaxassisning Tojikistonda ham hurmati baland. Sizningcha, uning asosiy fazilatlari nima?

- Gapizga to‘la qo‘shilaman, Hakim akani bizda ham, u yerda ham hamma taniydi, hurmat qiladi. U o‘z vaqtida kuchli klublarda to‘p surib, katta tajriba orttirgan. Fazilatlariga kelsak, Fuzaylov futbolchilar bilan juda yaxshi til topishadi. Har qanday holatda ham, eng avvalo, shogirdlariga qulay sharoitlar yaratib berishga harakat qiladi. Eng muhimi, turli muammoli holatlarni bosiqlik bilan hal qiladi.

- Endi sobiq klubingiz haqida suhbatlashsak. Tushunarliki, «Neftchi»ning quyi ligaga tushib ketishi sizga ham og‘ir botgan bo‘lsa kerak...

- Neftchi - buyuk tarixga ega jamoa. Klubning vaqti kelib, elitadan chetda qolishini hech kim xayoliga ham keltirmagan, menimcha. Tabiiyki, men ham bunday holatni aslo kutgan emasdim. Fikrimcha, so‘nggi paytlarda Farg‘onada futbolga e’tibor biroz susaydi. Homiylar klublarni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlashmayapti. Lekin tez orada bu noxushlik barham topishiga ishonchim komil va umid qilamanki, «Neftchi» tez orada yana elitaga qaytadi.

- Aslida Bahrom Haydarov shakl­lantirgan jamoaning imkoniyatlari chakki emasdi. Deylik, «Neftchi» mavsum o‘rtalariga kelib, ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Biroq eng muhim pallada «Oltin ochko» tizimi jamoaga pand berdi...

- To‘g‘ri ta’kidladingiz, Bahrom Haydarov yosh bo‘lishiga qaramay, juda yaxshi jamoa tuzdi. Xususan, u bosh murabbiy roliga kelgach, klubdagi ichki muhit ijobiy tarafga o‘zgardi. O‘yinimizda ham o‘sish kuzatildi. Qolaversa, menga ham aynan Haydarov davrida ishonch bildirildi. Shunday ekan, Bahrom akadan minnatdorman. Mutaxassisning yana bir ustunligi shundaki, u yoshlarga imkoniyat berishdan sira qo‘rqmasdi.

- Muxlislar bitta gapni tez-tez takrorlashmoqda: «Jamoaga Yuriy Sarkisyan yetishmayapti».  

- Bu fikrlarda jon bor. Deylik, Yuriy Vazgenovich davrida Farg‘onada haqiqiy futbol havosi yaqqol sezilardi. Uning vodiy futboli rivoji uchun qilgan ishlari tahsinga sazovor. To‘g‘ri, mutaxassisning klubdagi so‘nggi kunlari unchalik yorqin chiqmadi, ammo bunday insonlarni e’zozlash, qadriga yetish kerak, baribir.

- Katta maqsadlarda qurilgan muhtasham «Istiqlol» stadioni esa huvillab qoldi...

- Bilasizmi, doimo «Istiqlol» arenasi muxlislar bilan to‘lib-toshishini istayman. Ammo noxushlikka barcha birdek javob berishi lozim. Aytmoqchimanki, muvaffaqiyatsizlikka faqatgina futbolchilar aybdor emaslar.

- Qiziq, turli variantlar bo‘la turib, nega aynan Tojikistonda o‘ynashni tanladingiz?

- Yuqorida aytganimdek, mavsumga tayyorgarlik asnosida «Qo‘qon-1912» safiga qo‘shilgandim. Lekin qaror qabul qilayotganimda, «Istiqlol»ning xalqaro musobaqada, aniqrog‘i, OCHL saralashida ishtirok etishini hisobga oldim. Aynan shu omil Tojikistonga yo‘l olishimga turtki berdi.

- Tojikistondagi maydonlar holati qanday?

- U yerda mavsum hali boshlanmadi. Jamoamiz esa sun’iy maydonga ega. Albatta, buning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bor. Lekin futbolda  osonlikcha biror narsaga erishib bo‘lmaydi.

- Hakim Fuzaylov OCHL doirasida AGMKga qarshi kechgan o‘yindan oldin seleksiya ishlaridan qoniqmaganini aytgandi. Xo‘sh, hozirga kelib, vaziyat barqarorlashdimi?

- Ayni payt jamoamizda ikki nafar legioner ko‘rikda bo‘lib turibdi. Lekin ular bilan hali shartnoma rasmiylashtirilmadi. Shuningdek, bir qator mahalliy yoshlar ham tarkibga jalb etilgan.

- Sizga «Istiqlol»da legioner sifatida qarashyaptimi yoki...?

- Rasmiy tomondan olib qaralsa, shunday. Lekin klubdagi yigitlar bilan ko‘p yillik tanishlardek chiqishib ketdik. Biroq legioner maqomidagi futbolchi o‘zining ustun taraflarini ko‘rsata olishi shart. Shu bois, mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kyapman

Kiritildi: 01:09, 22.03.2019.
O'qildi: 2637 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.