Argentinalik taqirbosh Xorxe Sampaoli yaqinda yana ishsiz qoldi. Tarkibida Xalk va Kasyerrasi bor «Atletiko Mineyro» rahbariyati uni Braziliya chempionati 3-turidan keyinoq iste’foga chiqardi. Gap shundaki, klub yangi mavsumni o‘ta omadsiz boshladi: barcha turnirlar doirasidagi 10ta o‘yinda atigi 2ta g‘alaba. Xullas, debyutant «Remo» bilan uy uchrashuvidagi 3:3 hisobi «Mineyro» sohiblari sabr kosasini to‘ldirdi. Boz ustiga, jamoa mazkur bahsda 90+3-daqiqada urilgan gol evazigagina mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Shu tariqa hatto «Braziliya klasiko»sida «Kruzeyro» ustidan qozonilgan g‘alaba ham Sampaolini qutqarolmadi. E’tiborli tomoni, argentinalik mutaxassis ketishi bilan «Atletiko Mineyro» shtat chempionati autsayderiga qarshi uchrashuvda 7ta gol urdi, jumladan, Xalk «xet-trik»ka erishdi. Braziliyalik faxriy hujumchi ayniqsa, jarima zarbasidan o‘ta chiroyli gol urdi. «Zenit»ning sobiq futbolchisi o‘yindan keyin esa 65 yoshli murabbiydan uzr so‘radi: «Barcha futbolchilar nomidan uzr so‘rayman. Zero, klub omadsizligida biz ham ma’lum darajada javobgarlikni o‘z zimmamizga olishimiz kerak». Faqat shunisi borki, Xalkning so‘zlari unchalik samimiy eshitilmadi… Sports.ru saytining maqolasi shu haqda.
Chili termasidagi ishdan keyin atigi 1ta sovrin va qatorasiga 4ta klub tomonidan iste’fo. Xorxe Sampaoli faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli davr 2016 yilning yanvar oyida yakunlandi. Argentinalik mutaxassis «Universidad de Chili» klubi bilan kuchli shov-shuv ko‘tarish (3 marta chempionlik, Chili klublari uchun ikkinchi xalqaro sovrin – Sudamerikana kubogida g‘alaba) asnosida Lotin Amerikasidan tashqarida ham e’tirofga erishdi. U shu yutuqlar ta’sirida Chili milliy jamoasi boshqaruvini qo‘lga oldi va mamlakat futboliga Amerika kubogidagi birinchi g‘alabani tortiq etdi. Sampaoli shundan keyingi 10 yil ichida esa atigi 1ta sovrin yutdi. Ya’ni «Atletiko Mineyro»dagi birinchi davrida 2020 yili klubni Minas-Jerays shtati chempionati oltin medali sari boshladi. To‘g‘ri, bu orada uning ishlari juda yomon ham emasdi. Deylik, «Sevilya»ni Ispaniya La Ligasida 4-o‘ringa ko‘tardi (andalusiyaliklar faqat «Real», «Barselona» va «Atletiko»dan ortda qolishdi). Qolaversa, «Santos» va «Marsel» Sampaoli boshqaruvida o‘z chempionatida kumush medalga ega chiqdi. Argentinalik mutaxassis shuningdek, «Atletiko Mineyro» bir safar «bronza» yutishini ta’minladi. Faqat shunisi borki, Sampaoli bu orada o‘z loyihalaridan hech birini yakuniga yetkazmadi – barchasi muddatidan oldin xayrlashuv tufayli xotima topdi.
Masalaning o‘ziga xos tomoni ham bor: Xorxe Sampaoli iste’folar ortidan katta manfaat ko‘rdi. U Chili termasidan ketgach, Argentina milliy jamoasi va 6ta klubni boshqardi. Jumladan, «Sevilya» va «Atletiko Mineyro»ni ikki martadan.
*** Argentina futbol assosiasiyasi (AFA) naq 3,2 mln. dollarga tushdi. Bu – murabbiyni «Sevilya»dan olib kelish uchun to‘langan tovon puli va JCH-2018dagi omadsizlikdan keyingi iste’fo badali.
*** «Santos» 2019 yili Braziliya chempionatida faqat Jorje Jezushning dahshatli «Flamengo»sidan ortda qolib, 2-o‘rinni egalladi. Biroq Sampaoli mavsum tugagach, klubning moliyaviy muammolarini bilmaganini aytdi, transferlar uchun yanada ko‘proq pul talab qildi va shu bahona «Atletiko Mineyro»ga ketish oldidan kompensasiya tariqasida 800 ming dollar undirdi.
*** «Sevilya»dagi ikkinchi davr argentinalik mutaxassis uchun moddiyat nuqtai nazaridan eng manfaatlisi bo‘lib chiqdi: klub YEL chorak finaliga chiqdi, biroq Ispaniya chempionatida quyi ligaga tushish xavfi ostida qoldi. Oqibatda andalusiyaliklar argentinalik bilan muddatidan oldin xayrlashdilar. Buning bahosi – 9 mln. dollar.
*** «Flamengo» Sampaoli bilan J.Amerika miqyosida eng yuqori pog‘onani ko‘zlagandi, amalda klub Libertadores kubogidan juda erta chiqib ketdi, boz ustiga Braziliya ligasida atigi 7-o‘rin bilan cheklandi. Yakunda mamlakat kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng murabbiyni iste’foga chiqardi 2 mln. funt sterlingga teng kompensasiyaga qaramay.
*** Sampaolining «Renn»dagi ishi uzoqqa cho‘zilmadi – 3 oydan sal kamroq, 10ta o‘yin va quyi ligaga tushib ketish xavfi (argentinalik mutaxassis faoliyatidagi eng qisqa ish tajribasi). Yakunda Xorxe davrida qayd etilgan atigi 3ta g‘alabaning har biri Fransiya jamoasiga 2 mln. dollarga tushdi (jami 6 «limon»).
*** Sampaoli «Atletiko Mineyro»da bir mavsum uchun 3,5 mln. dollar olardi. Oxirgi iste’fodan so‘ng u shartnoma bo‘yicha qolgan 2 yil uchun maoshini to‘liq olishni xohladi, oxir-oqibat, tomonlar 4 «limon»ga teng kompensasiya bo‘yicha kelishuvga erishishdi.
U Xalkdan qutulmoqchi edi, shunga qaramay, futbolchini sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushiraverdi. Sampaoli «Atletiko Mineyro»dagi oxirgi 6 oyda Sudamerikana kubogi finalida «Lanus»dan yengildi, jamoaning yulduz futbolchisi bilan chiqisholmadi va katta sarmoyaga qaramay, yangi mavsumni o‘ta yomon boshladi. Argentinalik murabbiy Xalkni markaziy hujumchi sifatida ko‘rdi, ammo braziliyalik futbolchi matbuot orqali maydondagi pozisiyasidan qoniqmayotganini ayta boshlagach, uni zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘ydi. Qishda esa argentinalik mutaxassis 7 nafar yangi futbolchi transferi uchun jami 30 mln. dollar sarfladi. Shunga qaramay, u nomdorlarga ko‘proq tayanaverdi, baribir. Xususan, Xalkni boshlang‘ich tarkibga qaytarib, sardorlik bog‘ichini unga topshirdi. Ba’zi o‘yinlarda hujumga Bernard – Xalk – Dudu triosining qo‘yilgani esa «Menga 2016 yilni qaytaring» chellenjidek ko‘rindi.
Xalk deyarli 40 yoshida ham juda yaxshi: o‘tgan mavsum 21ta gol va 8ta assist qayd etdi. Ammo uning summasi 5 million yevroga teng shartnomasi klubga og‘ir yuk, baribir. «Atletiko Mineyro» rahbariyati ham Xalkdan qutulishga qarshi emasdi, faqat xaridor topilmadi. Yakunda futbolchiga maoshining pasaytirish va sport natijalari uchun bonussiz shart asosida 2 yillik bitim taklif qilindi. Klub shuning barobarida Xalk sharafiga haykal o‘rnatish va biografik film yaratishga so‘z berdi. Hujumchi esa buni nafaqaga kuzatish harakati sifatida baholab, barchasini rad etdi (uning amaldagi shartnomasi joriy yil oxirida o‘z kuchini yo‘qotadi) va «Kruzeyro»ga qarshi «klasiko»da g‘alaba golini urdi. Keyin baralla javob berdi: «Meni yig‘loqi va yutqazuvchiga chiqargandinglar, endi nima deysizlar?» Rahbariyat nazdida Xalk bilan bog‘liq vaziyat yumshagandek edi, biroq Sampaoli afsonadan qutulish talabini pasaytirmay, rahbariyatni tanqid qilishda davom etdi, bu yakunda iste’foni tezlashtirdi. «Real»ning sobiq bosh murabbiyi Vanderley Lushemburgo esa bu ishlar yuzasidan xulosasini o‘ziga xos uslubda bayon etdi: «Sampaolining ishdan bo‘shatilishi yangilik emas. Yaxshi ishlaganida va sovrinlar yutganida – bu yangilik bo‘lardi. U esa bunga qodir emas. Sampaoli faqat hamma bilan janjallashishi, kompensasiya talab qilishi, doimiy ravishda yangi transferlar so‘rashi va turli mojarolarga borishi mumkin. Doimgi holat – uni har joydan haydashgan. Braziliyada xorijlik murabbiylarni ustun ko‘rish haqida obdon o‘ylab ko‘rish kerak. Chunonchi, chetdan kelganlarning ayrimlari yaxshi, xolos. Shu masalada ham Braziliya futbolini o‘ldirmoqdamiz…». Qiziq, Xorxe Sampaolini taklif qilish tavakkaliga botinadigan jamoa qoldimikan?
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi













