Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa 15 aprel kuni Myunxenda bo‘lib o‘tadigan «Bavariya»ga qarshi javob bahsi uchun asosiy tarkibdagi ikkita muhim o‘zgarishni tanladi. Eslatib o‘tamiz, dastlabki chorak finalda madridliklar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan edi.
Mutaxassis birinchi navbatda sariq kartochkalari ko‘payib ketgani sababli Myunxendagi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan Orelyen Tchuameni o‘rniga munosib nomzod topishi kerak. «Defensa Central» nashrining xabariga ko‘ra, eng asosiy variant sifatida Jud Bellingemning maydonga tushishi kutilmoqda. Ingliz futbolchisi birinchi o‘yinda ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida zaxiradan qo‘shilib, murabbiylarda ijobiy taassurot qoldirgan.
Bundan tashqari, Myunxenda himoya chizig‘ida ham o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda: Eder Militao yosh Din Xeysenning o‘rnini egallashi mumkin. Braziliyalik himoyachi birinchi bahsda aynan Xeysenning o‘rniga zaxiradan maydonga tushib, raqib bosimiga ancha yaxshiroq qarshilik ko‘rsata olishini isbotlagan.













