Superliga-2019 qatorasiga 5ta durang natija bilan startga chiqqandi. 2-turda buning aks manzarasi bo‘y ko‘rsatdi.
7ta o‘yindan 6tasida g‘olib tomon aniqlandi, faqat 1ta bellashuvda murosa ko‘chasi tanlandi. Safarda g‘alaba nashidasini surgan yagona jamoa - «Paxtakor». 2ta turdan so‘ng 100 foizli natijaga ega ishtirokchi ham aynan Shota Arveladze drujinasidir. Qolgan 13ta klub ochko yo‘qotishga ulgurdi. Ha, «intriga» chakki emas...
TUR QAHRAMONI - ELGUJA GRIGALASHVILI
Nega aynan «Qizilqum» vakili? Asos shuki, Elguja Grigalashvili O‘zbekiston kubogining amaldagi sohibiga qarshi bahsda umumiy holat qaltis bo‘lib turgan pallada jarima nuqtasi (darvozadan chamasi 30 metr uzoqlikda)dan mukammal zarba ijro etib, tarozi pallasini Hamidjon Aktamov jamoasi tomon og‘dirdi. Qolaversa, u shu bilan cheklanmadi: 20 daqiqadan keyin «dubl»ni rasmiylashtirib, hisobga nuqta qo‘ydi. Umuman, Grigalashvili butun vaqt davomida AGMK himoyachilariga sira tinchlik bermadi.
TUR IQTIBOSLARI
- «Qizilqum» legionerlari? Ular haqida ma’lumotga ega edik. Deylik, o‘rtoqlik o‘yinlarida Smitni kuzatgandik, Grigalashvilini esa yaxshi bilamiz. Biroq... Mirjalol Qosimov (AGMK bosh murabbiyi).
- Bizda «otning kallasidek» pul yo‘q. Misol uchun, o‘tgan yil hisobidan qolgan mukofot puli ham bor. Lekin futbol shunday - bugun bizda bayram... Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi).
- Tan olaman, mezbonlar haqli ravishda g‘alaba qozonishdi. Har holda, maydondagi voqealar biz hali ayrim jihatlar ustida ko‘p ishlashimiz kerakligini ko‘rsatib berdi. Baxtiyor Ashurmatov («Buxoro» bosh murabbiyi).
- Yomg‘ir ostida, sirpanchiq maydonda rejadagidek to‘p surish qiyin. Muhimi, goldan keyin barchasi o‘zgardi. Xullas, chiroyli hujum va ajoyib gol bizga qanot bag‘ishladi. Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi).
- Ikkinchi o‘yinki, darvozabonimiz qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Buni hali muhokama qilamiz, albatta. Mudofaa chizig‘i ishonchli o‘yin namoyish etsagina ko‘ngil xotirjam bo‘ladi. Andrey Kanchelskis («Navbahor» bosh murabbiyi).
- Stadionga muxlislar tashrifi oshgani - joriy yildagi eng katta yutug‘imiz. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).
- Ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalinadigan va g‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgan payt keldi allaqachon. Vadim Abramov («Bunyodkor» bosh murabbiyi).
- Mag‘lubiyat hech ham yoqmaydi. Ayniqsa, bunday hisobda yengilish hafsalani pir qiladi. Sergey Lushan («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).
1-KUN: LEGIONERLAR ULUSHI KATTA
2-tur uzoq Nikaraugadan kelgan legioner - Smit Medina Ariagner urgan gol bilan boshlandi. U «Qizilqum» - AGMK uchrashuvining 1-daqiqasidayoq Suhrob Sultonov darvozasini nishonga olib, «Yoshlar» SMga yig‘ilgan deyarli 8 ming muxlisni oyoqqa turg‘izdi. Tezkor gol ta’siri kuchli bo‘lsada, Mirjalol Qosimov jamoasi tezda o‘zini o‘nglab, maydonda tashabbusni qo‘lga oldi, bir qator chiroyli hujumlar uyushtirib, Evgeniy Cheremisinni dam-badam bezovta qildi. Bu faollik bo‘lim oxiridagina samara keltildi - Jasur Hakimov zarbasidan so‘ng to‘p Muhsin Ubaydullayev qo‘liga tegdi va Aziz Asimov penaltiga ishora qildi. Shu tariqa Dilshod Jo‘rayev AGMKning yangi mavsumdagi ilk golini o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi - 1:1. Tanaffusdan keyin esa «Qizilqum»ning yana bir legioneri - Elguja Grigalashvili katta sahnaga chiqdi. Gruziyalik hujumchining qandaydir 20 daqiqa ichida urgan 2ta goli mehmonlarni majolsizlantirdi. Elgujaning ayniqsa, birinchi goli chiroyli chiqdi - jarima nuqtasidan berilgan ideal zarba. Uning bosh bilan urgan ikkinchi goliga esa Smit Medina Ariagner assistentlik qildi. Xullas, legionerlar bosh rolda!
«Metallurg» - «Buxoro» bahsida ham hisob xorijlik futbolchi tomonidan ochildi. Farqi shuki, Sergey Tumasyan o‘yin boshida emas, 34-daqiqadagina o‘zini ko‘rsatdi. Rossiyalik yarim himoyachi bu vaziyatda faolligi bilan alohida ajralib turgan Bahrom Abdurahimovning ajoyib uzatmasidan keyin raqib darvozaboni Xurshid Xo‘jayev oldida oldida yolg‘iz qoldi va imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi - 1:0. Ikkinchi bo‘limda ham bosimni pasaytirmagan Andrey Shipilov shogirdlari 74-daqiqada hisobdagi ustunlikni mustahkamlashdi: buxoroliklar jarima maydoni ichida murabbiyning o‘g‘li Andrey Shipilovga nisbatan o‘yin qoidasini buzishgach, penalti belgilandi va Server Jeparov uni golga aylantirdi - 2:0. O‘z o‘rnida ta’kidlash joiz, terma jamoamiz sobiq sardorining o‘yinidan ko‘ra, golga atagan «salto»si ancha chiroyli chiqdi. Yana bir jihat: bosh hakam Temur To‘xtasinov o‘yinga «sariq» tus berdi - u naq 10 nafar futbolchini ogohlantirdi. Diqqatni tortadigan tomoni, 10ta «sariq»dan 8tasi «Buxoro» vakillariga munosib ko‘rildi, qolaversa, ular «qizil»dan ham bebahra qolishmadi.
2-KUN: MINIMAL MAHSUL
Qarangki, 30 mart kuniga belgilangan ilk uchrashuvda ham tezkor gol kuzatildi: 2-daqiqa, Sherzod Hakimov, 1:0. Faqat shunisi boki, bu «Surxon» va «Dinamo» o‘rtasidagi prinsipial o‘yinning eng yorqin lahzasi bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, termizliklar qolgan vaqt ichida ham hisobni oshirish uchun yaxshigina imkoniyatlar hosil qilishdi. Biroq mezbonlarga so‘nggi pallalarda aniqlik va sovuqqonlik yetishmadi. Hattoki, penalti ham naf bermadi. Bunda Sherzod Karimov darvozabon Botirali Ergashevni alday olmadi. O‘z navbatida, «Dinamo» ham hujumlardan samara chiqarolmadi. Xullas, ikki debyutant olishuvida tarkib nuqtai nazaridan o‘tgan yilgi «Navbahor»ni eslatib yuborayotgan «Surxon» ustun keldi.
«Lokomotiv» - «Navbahor» o‘yiniga qiziqish juda baland bo‘lgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Har holda, biri - amaldagi chempion, ikkinchisi - bronza medali sohibi. Maydonda shunga yarasha keskin va jonli kurash bordi, lekin o‘rtadagi 3 ochko taqdirini Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan 64-daqiqada urilgan yagona gol hal qildi. Andrey Kanchelskis shogirdlari ancha faol harakatlanib, o‘yin bobida «temiryo‘lchilar»dan qolishmagan bo‘lsalarda, aynan mezbonlar yana gol urishga yaqin kelishdi. Ammo Husniddin G‘ofurov so‘nggi daqiqalarda O‘tkir Yusupov bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, darvozabonni dog‘da qoldirolmadi. Shu tariqa ikkinchi kungi ikkinchi uchrashuv ham mezbon jamoaning minimal hisobli g‘alabasi bilan yakun topdi.
3-KUN: YAGONA DURANG
«Paxtakor» bu safar «Bunyodkor» maydonida ancha qiynaldi. Chunonchi, Vadim Abramov tomonidan yangitdan shakllantirilgan jamoa asosan ishtiyoq hisobiga baralla qarshilik ko‘rsatdi va hattoki, vaziyatlardan foydalanganida g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi ham hech gap emasdi. To‘g‘ri, o‘yinga faol kirishgan «sherlar» 17-daqiqada hisobni ochishdi. Jaloliddin Masharipovboshlagan hujumni Marat Bikmayev davom ettirdi va yakunda Doston Hamdamov sobiq jamoasini jazolash barobarida «Paxtakor»dagi birinchi golini nishonladi. 35-daqiqaga kelib, «qaldirg‘ochlar» burchak zarbasidan keyin muvozanatni tiklashdi - Mirjahon Mirahmadov boshi bilan aniq zarba yo‘lladi. «Paxtakor»ning g‘alaba goli esa 63-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Bu safar Jaloliddin Masharipov assistent rolida, oxirgi nuqtani esa Dragan Cheran qo‘ydi. Serbiyalik hujumchi shu bilan «Paxtakor»ning 2-derbini ham o‘z foydasiga hal qilishini ta’minlab, Superliga to‘purarlari yetakchisiga aylanib oldi.
2-turning yagona durang natijasi «Vodiy derbisi»da qayd etildi. Aslida Farg‘onada mezbon sifatida o‘ynagan «Qo‘qon-1912»vakillari ham, debyutant - «Andijon» futbolchilari ham hisobni ochish uchun bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lishdi, ammo yakuniy pallada ularga aniqlik yetishmadi - 0:0.
«Nasaf» - «So‘g‘diyona» o‘yinida esa muxlislar miriqib gollar ko‘rishdi. Qolaversa, jamoalar tomonidan hujumkor futbol tortiq etildi.
Qayd etilgan 4ta goldan 3tasi «Nasaf» vakillari nomiga yozildi - Dilshod Saitov, Bobur Davlatov va Islom Kenjaboyev.
Sergey Lushan jamoasining yagona javob goliga esa Nikola Milinkovich mualliflik qildi. Ayniqsa, «Nasaf»ning 3-goli chiroyli chiqdi. Bunda Islom Kenjaboyev raqib himoyachilarini birin-ketin ortda qoldirib, individual mahorati ko‘z-ko‘z qildi. Qoyilmaqom yurish, dahshatli gol.
«QIZILQUM» - AGMK - 3:1 (1:1)
29 mart. Navoiy. «Yoshlar» sport majmuasi.7833 tomoshabin.
Hakamlar: Aziz Asimov, Temur Gaynullin, Rasuljon Fozilov, Ilya Ilin.
Gollar: Smit Medina Ariagner (1), Elguja Grigalashvili (50, 69) - Dilshod Jo‘rayev (44-pen.).
«METALLURG» - «BUXORO» - 2:0 (1:0)
29 mart. Bekobod. «Markaziy» stadioni.
4178 tomoshabin.
Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodullo Abdurahmonov, Ibrohim Ismoilov.
Gollar: Sergey Tumasyan (34), Server Jeparov (74-pen.).
«SURXON» - «DINAMO» - 1:0 (1:0)
30 mart. Termiz. «Surxon» stadioni. 9214 tomoshabin.
Hakamlar: Sherzod Qosimov, Alisher Usmonov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov, Ravshan Abduvohidov.
Gol: Sherzod Hakimov (2).
«LOKOMOTIV» — «NAVBAHOR» - 1:0 (0:0)
30 mart. Toshkent. «Lokomotiv» stadioni.
4118 tomoshabin.
Hakamlar: Viktor Serazitdinov, Temur Galeev, Aleksandr Sidorov, Elyor Tursunov.
Gol: Temurxo‘ja Abduxoliqov (64).
«BUNYODKOR» - «PAXTAKOR» - 1:2 (1:1)
31 mart. Toshkent. «Paxtakor» stadioni.
18770 tomoshabin.
Hakamlar: Ravshan Ermatov, Abduhamidullo Rasulov, Jahongir Saidov, Shavkat Nasibullayev.
Gollar: Dostonbek Hamdamov (17), Dragan Cheran (63) - Mirjahon Mirahmadov (35).
«QO‘QON-1912» - «ANDIJON» - 0:0
31 mart. Farg‘ona. «Istiqlol» stadioni.
6651 tomoshabin.
«NASAF» - «SO‘G‘DIYONA» - 3:1 (1:1)
31 mart. Qarshi. «Markaziy» stadioni.
11232 tomoshabin.
Hakamlar: Zokir Qodirov, Obid Jumayev, Ruslan Samandarov, Shuhrat Rajabov.
Gollar: Dilshod Saitov (7), Bobur Davlatov (53), Islom Kenjaboyev (79) - Nikola Milinkovich (33).
Tur Statistikasi
O‘yin: 7
Gol: 15 (o‘rtacha: 2,14...)
Tomoshabin: 61996 (o‘rtacha: 8856...)
Mezbonlar g‘alabasi: 5
Mehmonlar g‘alabasi: 1
Durang: 1
Yirik hisobli g‘alaba: -
Eng sermahsul o‘yinlar: «Qizilqum» - AGMK, «Nasaf» - «So‘g‘diyona» (4tadan gol)
Ogohlantirish: 29 (o‘rtacha: 4,14...)
Chetlatish: 1 (0,14...)
Eng «qo‘pol» o‘yin: «Metallurg» - «Buxoro» (10ta sariq } 1ta qizil kartochka)
Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Bunyodkor» - «Paxtakor» (18770)
Penalti: 3 (2tasi samarali)
«Dubl»: 1 (Elguja Grigalashvili, «Qizilqum»)
«Xet-trik»: -
Avtogol: -
To‘purarlar
Dragan Cheran («Paxtakor») - 3ta (1ta - pen.)
Sherzod Hakimov («Surxon») - 2ta
Dilshod Saitov («Nasaf») - 2ta
Elguja Grigalashvili («Qizilqum») - 2ta
3-tur
5 aprel (juma)
ANDIJON - LOKOMOTIV
PAXTAKOR - NASAF
6 aprel (shanba)
NAVBAHOR - BUNYODKOR
DINAMO - METALLURG
7 aprel (yakshanba)
BUXORO - QIZILQUM
AGMK - QO‘QON-1912
SO‘G‘DIYONA-SURXON