Kirish Ro'yxatdan o'tish

«Paxtakor»ning afsonoviy o‘yini haqida...

«Paxtakor»ning afsonoviy o‘yini haqida...

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

1975 yil. «Paxtakor» (Toshkent) - «Dinamo» (Kiyev) - 5:0. Yoshi katta muxlislarimiz ko‘pchilik xotirasiga muhrlangan ushbu fantastik o‘yinni haligacha o‘zgacha entikish bilan eslab turishadi. Umuman, nafaqat bizda, balki butun sobiq ittifoq respublikalarida ham o‘ziga xos xarakterini namoyon qilgan va O‘zbekistonda «Xalq jamoasi» maqomini olgan o‘sha davrdagi «Paxtakor»ni haligacha shirin entikish bilan qo‘msashadi. Bu fikrimizga sportgis saytida berilgan quyidagi maqola yaqqol dalildir. Unda Toshkent jamoasining 1975 yilgi bitta fantastik o‘yini haqida hikoya qilingan.

1975 yilgi mavsum sobiq ittifoq futboli uchun juda omadli keladi. Deylik, Kiyev «Dinamo»si Yevropa Kubok egalari kubogi turniri finaliga chiqib, hal qiluvchi bahsda Vengriyaning «Ferensvarosh» klubiga zarracha imkoniyat qoldirmaydi - 3:0. O‘sha vaqt Ukraina futbolining ramzi sanalgan Kiyev «dinamochilari» keyinchalik Yevropa superkubogi uchun Myunxen «Bavariya»siga qarshi o‘ynab, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, 3:0 hisobida ustun kelishadi. Aytish joiz, shundan keyin «Dinamo» «Evropa qiroli» maqomini olgandi. Xullas, kiyevliklar Yevropa superkubogi uchun bahsda qit’aning eng kuchli klubini yengishganidan atigi 10 kun o‘tib, «Paxtakor»ga qarshi maydonga tushishadi. Bu o‘yin Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi. 

«Paxtakor» (Toshkent) - «Dinamo» (Kiyev) o‘yinidan oldin chiqarilgan anons

«Paxtakor»ga aslida 1975 yilgi sobiq ittifoq chempionatida barqarorlik yetishmagandi. Ya’ni toshkentliklik ba’zi o‘yinlarda o‘ta yorqin futbol ko‘rsatib, ayrimlarida mutlaqo muvaffaqiyatsiz ishtirok etishgan. Xususan, jamoa kiyevliklarga qarshi o‘yin arafasida o‘ta murakkab holatda edi. Chunonchi, «Paxtakor» turnir jadvalining eng oxirgi pog‘onasiga tushib qolgan va oliy ligadagi o‘rnini boy bermaslik ilinjida asosiy raqobatchilari bilan jiddiy kurash olib borayotgandi. Oddiy aytganda, musobaqa doirasidagi oxirgi o‘yinlar natijasi «Paxtakor»ning elit ligadagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritib berardi. 

O‘yindan oldin e’lon qilingan «Paxtakor» va «Dinamo»ning taxminiy tarkibi, sobiq ittifoq chempionati oliy ligasi turnir jadvalining o‘sha vaqtdagi holati

 «Paxtakor» - «Dinamo» o‘yiniga chiqarilgan anonsga qarab, kiyevliklarning yaqindagina UYEFA superkubogini boshlari uzra baland ko‘targan deyarli barcha asosiy o‘yinchilari Toshkentdagi uchrashuvda maydonga tushishlari taxmin qilingan. Vaholanki, Valeriy Lobanovskiy tomonidan shakllantirgan «Dinamo-Mashina» 1975 yilgi sobiq ittifoq chempionati oltin medalini deyarli naqd qilib qo‘ygandi. Qolaversa, ikki jamoa o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixida ham ustunlik «Paxtakor» tomonida emasdi.

 

«Paxtakor» - «Dinamo» o‘yini anonsidan parcha

Ikki jamoa o‘yinlari tarixi

«Paxtakor» Kiyev «Dinamo»si bilan ilk marta 1961 yilning 19 may kuni Toshkentda to‘qnash kelgan. Esda qolgan o‘sha yili Ukraina poytaxti jamoasi ilk marta chempionat oltin medaliga ega chiqadi, lekin u birinchilik boshida oliy ligada atigi ikkinchi mavsumni o‘tkazayotgan «Paxtakor»ga yutqazib qo‘ygandi. 2:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda gollardan birini Tazetdinov penaltidan uradi, Belyakov jamoasi ustunligini oshiradi. Javob goli esa Kanevskiy nomiga yoziladi. Kiyevdagi uchrashuvda «Dinamo»ning qo‘li baland keladi - 3:1.  Gollarga mezbonlardan Biba, Serebryannikov va Lobanovskiy, mehmonlardan esa Krasniskiy mualliflik qilishadi. 

1962 yil. Kiyevliklar o‘z maydonlarida yirik hisobda g‘alaba qozonishadi - 5:0 (gol muallliflar: Kanevskiy - 2ta, Bazilevich, Serebryannikov va Voynov). Toshkentda esa «paxtakorchilar» Belyakovning yagona goli evaziga ustun kelishadi.

1963 yil. Toshkentda 1:1 (Krasniskiy - Sabo) va Kiyevda 4:1 (Biba, Kanevskiy, Bazilevich, Serebryannikov - Stadnik).

1965 yil. Toshkentda 1:2 (Melkumov - Sabo, Shegolkov) va Kiyevda 3:2 (Sabo - pen., Biba, Xmelniskiy - Melkumov, Rahmatullayev).

1966 yil. Kiyevda 0:0 va Toshkentda 0:1 (Parkuyan).

1967 yil. Toshkentda 0:2 (Medved, Bishoves) va Kiyevda 4:0 (Puzach - 2taYu Medved, Serebryannikov).

1968 yil. Kiyevliklar yana 2ta o‘yinni ham o‘z foydalariga hal qilishadi: bir xil - 2:0 hisobida (Parkuyan, Xmelniskiy va Turyanchik, Kashey).

1970 yil. Toshkentda 1:1 (Rodionov - Kashey) va Kiyevda 0:0.

1971 yil. Toshkentda 0:0 va Kiyevda 3:0 (Puzach. Medved, Xmelniskiy).

1973 yil. Toshketdagi uchrashuv durang natija taqdim etadi - 3:3 (Varyuxin, Xadzipanagis, Isoqov - Muntyan, Onishenko, Bloxin). Kiyevda ham kuchlar teng keladi (Kolotov - Mogilniy).

1975 yil. Kiyev 29 iyun. Yagona gol 61-daqiqada To‘lagan Isoqov nomiga yozilgan. Xo‘sh, ikkinchi davra o‘yini qanday yakunlanarkin?

 

Toshkentdagi o‘yinni ko‘rish uchun «Paxtakor» stadionida atigi 15 ming muxlis yig‘iladi. Ehtimolki, ko‘pchilik yakuniy natija qanday bo‘lishi haqida shubhalanmagandir. To‘g‘ri, mezbonlar «dinamochilar»ning charchoq bilan holsiz kelishlariga yagona umid sifatida qarashgan. Har holda, ukrainaliklar Germaniya «Bavariya»siga qarshi kechgan muhim o‘yinlarda juda ko‘p kuch yo‘qotishgandi. Biroq o‘yin natijalariga bog‘liq eng dangal  bashoratlarda ham asl voqelik aslo ko‘zda tutilgan emas. O‘sha fantastik uchrashuv qaydnomasiga diqqat bilan qarang:

«PAXTAKOR» (Toshkent) — «DINAMO» (Kiyev) - 5:0 (2:0)

Bosh hakam: V.Lushin (Moskva).

Gollar: An (9, 88), Xadzipanagis (35), Isoqov (51, 57).

 «Paxtakor»: Filatov, Korchenov, Ivanov, Mogilniy, Belov, Serostanov, Jukov, An, Isoqov, Fyodorov, Xadzipanagis.

«Dinamo»: Samoxin, Konkov, Zuyev, Fomenko, Reshko, Damin, Muntyan, Onishenko, Kochubinskiy, Buryak, Bloxin (Slobodyan, 46).

E’tiborlisi, Kiyevda kechgan birinchi davra o‘yinida ham «Paxtakor»ning qo‘li baland kelgandi. Ya’ni toshkentliklar Ukrainadan 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishgan. Yagona gol To‘lagan Isoqov nomiga yozilgan - u mezbonlar darvozasini Mixail An uzatmasidan keyin ishg‘ol qilgandi.

 

To‘lagan Isoqovning Kiyev «dinamochilari»ga qarshi o‘yindagi yurishlaridan biri

Qisqasi, katta motivasiyaga ega «Paxtakor» Yevropada dong taratgan raqibni shunchaki, «osmondan yerga tushirib qo‘yadi». Klubga 10 yildan ortiq xizmat qilgan, original fintlar ustasi To‘lagan Isoqov («Tulya») va mashhur Mixail An kiyevliklarga 2tadan gol «tortiq» etishadi, shuningdek, Vasilis Xadzipanagis ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yadi. Aytgancha, Vasilis keyinchalik tarixiy vatani - Gresiyaga ko‘chib ketgan. O‘sha afsonaviy uchrashuvda Vladimir Fyodorov ham faollik ko‘rsatgandi. Darvoqe, To‘lagan Isoqov va «Paxtakor»ning bo‘lajak bosh murabbiyi Oleg Bazilevich (o‘sha o‘yin vaqtida Lobanovskiyning yordamchisi edi) tasodif tufayli 1979 yilgi mash’um aviahalokatdan chetda qolishgan.

Yana o‘yinga qaytamiz: «paxtakorchilar» ilk daqiqalardanoq raqib darvozasi tomon intilib, to‘fondek xavfli hujumlar uyushtirishadi. Deylik, kiyevliklar chamasi 20 daqiqa davomida to‘p bilan tuzukroq muomala ham qilolmaydilar. Isoqov - Xadzipanagis - An -Fyodorov to‘rtligi esa dongdor raqiblarni shunchaki, «g‘alvir»ga solgandi!!! Uchrashuv tugagach, «Dinamo» yetakchisi Oleg Bloxin «paxtakorchilar»ga qarata zaharxandalik ham qilgandi: «Bugun o‘zingizdan shu qadar ketdinglar-ki, endi yo‘lingiz to‘g‘ri birinchi ligaga olib boradi. Sizlarni hech narsa qutqarolmaydi...».

Umuman, «Dinamo» futbolchilari o‘yin tugagach, kiyinish xonasida 1 soatdan ko‘p vaqt qolib ketishadi. O‘yinga tashrif buyurgan Ukraina rahbari Sherbiskiyning o‘zi bunday yakunni sira kutmaganini aytib, jamoaga jiddiy e’tiroz bildiradi. Axir «Dinamo» Yevropa maydonidagi ulkan zafardan keyin chinakam sharmandali tarzda yutqazgandi. Boz ustiga, «Paxtakor» o‘sha mavsum o‘zaro o‘yinlarda kiyevliklarga zarracha imkoniyat qoldirmagandi. Qarama-qarshilikning umumiy hisobi - 6:0 (!), albatta, «Paxtakor» foydasiga. Ha, «Evropa qiroli» shu tariqa Toshkentda «osmondan yerga tushgandi». Haqiqiy afsonaviy o‘yin...

OXIRIGA ALOHIDA

Mavsum yakunida kiyevliklar oltin medalni qo‘lga kiritib, sobiq ittifoq chempionatida tengsiz ekanliklarini isbotlashadi. «Paxtakor» esa afsuski, mavsum yakuniga ko‘ra, birinchi ligaga tushib ketadi. Jamoaga «Zenit»dan o‘zib ketish uchun atigi 1 ochko yetishmagandi. Vasilis Xadzipanagis noyabr oyida Gresiyaga yo‘l oladi va keyingi faoliyatini «Iraklis»da o‘tkazadi. «Paxtakor» esa oliy ligaga qaytganidan keyin katta shov-shuv ko‘tarishga tushadi. Biroq ko‘p o‘tmay, mash’um avihalokat yuz beradi va futbol «Paxtakor»dek ajoyib jamoani yo‘qotadi. Yillar o‘tmoqda, ammo «Paxtakor» falokati tarixi sobiq ittifoq futbolining eng sirli va qayg‘uli voqeligi bo‘lib qolmoqda. Eh, biz yo‘qotgan «Paxtakor» qanday ajoyib jamoa edi-ya!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 13:31, 28.04.2019.
O'qildi: 3005 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.