Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Boshqacha yulduz - Lukas Moura

Boshqacha yulduz - Lukas Moura

Baho:
+ | -

2010-yilda Braziliyadagi (yoshlar o‘rtasidagi) «Kopa San Paulo» turniri yakunlangach, ko‘plab mutaxassislar yangi super yulduzning o‘yinlaridan hayratda qolishdi va  u bilan butun Braziliya qiziqib qoldi.

Aynan, final o‘yini yakunlangach, Braziliyadagi eng mashxur futbol agentlaridan biri  Vagner Riberioning telefoniga sms xabar keladi. Unda qisqa, ammo o‘ta ishonch bilan  «Men dunyodagi eng yaxshi futbolchi bo‘lmoqchiman! Menga yordam bering»,- deb yozilgan edi…

Avvaliga agent bu smsni Neymar yoki Koutiniodan keldi deb taxmin qiladi, biroq ertasi kuni  bu 18 yoshlik Lukas Mouraning xabari ekanligini tushunib yetadi…

Omadsiz kariyera

Braziliyada o‘zining uddaburonligi bilan nom qozongan Vagner Riberio futbolchidagi iqtidorni ko‘rib hayratda qoladi. O‘shanda u - « Bu yigit Neymardan ancha kuchli, lekin undagi samimiylik va oddiylik  kariyerasining rivoji uchun to‘sqinlik qilishidan qo‘rqaman»,-  degan edi…

«PSJ»da borligi ham, yo‘qligi ham bilinmagan yillar…

Darhaqiqat, Fransiya super klubida Lukas to‘liq o‘z imkoniyatlarini namoyon qila olmadi. U avvaliga Ibrahimovichning soyasida qolib ketgan bo‘lsa, keyinchalik  Kavani, Neymar singari yulduzlar uni burchakka siqib qo‘ydi. To‘g‘ri, u zahirada qolib ketmadi, lekin asosiy o‘yinchi bo‘lish ham uning qo‘lidan kelmadi. Bunga hamma har-xil sabablarni ro‘kach qilib ko‘rsatishi mumkin. Moura esa bu voqeaga o‘z intervyularidan birida qiziq bir izoh qoldirgan edi: « Men uchrashuv davomida bitta gol ursam, dubl yoki het-trik haqida hech qachon o‘ylamaganman. Vaziyat bo‘lishi bilan jamoadoshlarim gol urishi uchun imkoniyat yaratib berishga harakat qilar edim. Endi o‘ylasam, aynan shu kamtarligim mening kamchiligim ekan»

«Tottenhem»ni Braziliyada «Qabriston» deyishadi!

“Menga «Tottenhem» klubi taklif bilan chiqqanida vatandoshlarim bu klubga o‘tishimni istashmagan edi. Bizda «Shporlar»ni «Qabriston» deyishadi. Sababi, bu klubda bizning bir nechta futbolchilarimiz (Sandro, Gomes, Paulino, Gilberto…) o‘z iqtidorlarini ko‘rsata olmay ruhan sinib qolishgan. Aynan shu sabab bu klubga kelishga sira yuragim betlamagan edi”,- degan edi futbochi mavsum boshida yangi klubiga bergan intervyusida.
Darhaqiqat, Lukas bu klub uchun bir qarashda u qadar mos emasdek ko‘ringandi. Klub transfer qilishi kam uchraydigan xolat bo‘lsa, 26 yoshlik futbolchini sotib olishi mutaxassislarni ikki xissa hayratda qoldirgan edi.

Shunday bo‘lsada Pochetino Lukasning o‘yin uslubini tubdan o‘zgartirib yubordi. U avvalgidek ikkinchi raqamdagi hujumchi yoki qanot yarim himoyachisi sifatida emas, to‘liq sof hujum chizig‘ida erkin harakat qilishini ta’minlab berdi. Bir necha yillardan beri nomdor futbolchilarning soyasida qolib ketgan futbolchiga Pochetino o‘z klubining yetakchiligini topshiradi va kamtar futbolchiga o‘z kuchiga bo‘lgan  ishonchini qaytaradi. Va bu o‘z mevasini bermay qolmadi. Lukas bu mavsumda APL da bir necha bor oy futbolchisi deb topildi va Braziliya terma jamoasidan ancha tanaffusdan so‘ng chaqiruv olishga muvaffaq bo‘ldi.

Kamtarin va kamsuqum yigit

YCHLdagi so‘nggi baxsdan so'ng Lukasga uning 3-goliga Braziliyalik sharhlovchi qanday reaksiya bildirganini qo‘yib berishganida, u ko‘z yoshlarini tiya olmay qoldi… Darhaqiqat, Lukas Moura bu kunlarni uzoq kutdi. U doim soyada qolishdan, terma jamoadan chetda qolishdan, e’tibordan chetda qolishdan charchagan edi. Kecha u o‘z kariyerasi davomida ilk bor o‘ta muhim uchrashuvda hal qiluvchi futbolchi sifatida o‘zini to‘liq namoyon qila oldi. Bu uning hayotidagi ilk ulkan g‘alabasi edi. Mayli, «Tottenhem» YCHLda g‘olib chiqmas, lekin Lukas o‘z an’analariga chek qo‘yib chinakam yulduzlik uchun o‘zining ilk qadamini tashladi!

Bu yigitning ko‘zlariga hech tikilib boqqanmisiz? Uning ko‘zlaridagi o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik va amalga oshmay qolgan orzular bordek go‘yo?!
To‘g‘ri, uning kariyerasi o‘z iqtidori darajasida ravnaq topgan bo‘lishi mumkin, ammo uning maydondagi va maydon ortidagi insoniyligi va samimiyligi ko‘plab futbolchilar uchun o‘rnak bo‘lsa arziydi!

YA.U

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 16:30, 10.05.2019.
O'qildi: 5263 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.